sevimli
Sevimli

Qoraqalpog`iston va Xorazmda shartli dushman tunda yakson etildi

Jamiyat 29.11.2021, 15:30
Qoraqalpog`iston va Xorazmda shartli dushman tunda yakson etildi

O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshchiligida o`tkazilgan o`quvlar doirasida olingan shartli signalga muvofiq Shimoli-g`arbiy harbiy okrug boshqaruv apparati hamda bo`ysunuvdagi harbiy qism va muassasalar yuqori jangovar shaylik darajalariga keltirildi. 

O`quvlarni o`tkazishdan asosiy maqsad, jangovar shaylikni saqlash, kuch tuzilmalari bilan hamkorlik masalalarini tashkillashtirish, shaxsiy tarkibning nazariy bilim va amaliy ko`nikmalarini oshirish kabilardan iborat. 

Mashg`ulotlar davomida bo`linma komandirlarining ko`nikmalarini mustahkamlash, javobgarlik hududini himoya qilish bo`yicha o`quv-jangovar harakatlarni rejalashtirish, safarbarlik resurslarini to`plash va etkazib berish bo`yicha hamkorlikni takomillashtirish hamda har tomonlama qo`shinlar ta`minotini yo`lga qo`yish masalalari ko`rib chiqildi. Bo`linmalarning navbatchi kuch va vositalari orqali shaxsiy tarkibni tezkor ogohlantirish, komandirlarning bo`linmlarni yuqori jangovar shaylik darajasiga keltirishda bajaradigan ishlari, bo`linmalarning jipslikdagi harakatlari, shaxsiy tarkib, jangovar texnika va qurol-aslahalarning jangovar vazifani bajarishga tayyorgarligiga alohida e`tibor qaratildi. 

O`quvlar davomida kuch tuzilmalari bilan birgalikdagi o`quv va amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, razvedka bo`linmalari tomonidan chegara oldi hududlarida razvedka-qidiruv harakatlari olib borilib, shartli dushman ehtimoiy yo`nalish marshrutlari sinchkovlik bilan o`rganib chiqildi. “Nukus” aeroportida yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda hamkor davlat boshqaruvi organlari hamkorligida ko`rgazmali taktik-maxsus o`quvi bo`lib o`tdi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining davlat chegaralarini qo`riqlash va himoya qilish bo`yicha qo`mondonlik-shtab o`quvi namoyish etildi.

“Yangiariq” umumqo`shin poligoni hududida Urganch garnizonidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismning vzvod-taktik guruhi tomonidan shartli dushman kuchlarini tunggi sharoitda yakson etish bo`yicha jangovar otishma bilan o`quv mashg`uloti o`tkazildi. Shuningdek, ushbu poligonda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo`linmalari bilan shahar sharoitida garovga olingan fuqarolarni qutqarish va shartli terrorchilarni yo`q qilish bo`yicha maxsus o`quvlar ko`rsatib berildi. 

Mazkur o`quv mashg`ulotlari bo`linma va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik bo`yicha bilim va ko`nikmalarini yana bir bor sinovdan o`tkazib, tajribalarini yanada mustahkamladi.

Mayor Timur Narziev,

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig`i.

Шарҳлар