AsosiyJamiyat

"IIB xodimi og`ir, bosiq va madaniyatli bo`lishi kerak-ku". Qashqadaryo hokimi Chiroqchidagi holatga munosabat bildirdi

'"IIB xodimi og`ir, bosiq va madaniyatli bo`lishi kerak-ku". Qashqadaryo hokimi Chiroqchidagi holatga munosabat bildirdi'ning rasmi

Avvalroq, Chiroqchida YPX xodimi talabiga bo`ysinmagan haydovchining mashinasini oynalari sindirilgani haqida xabar bergan edik. 

Shundan so`ng, Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi holat bo`yicha rasmiy bayonot bergan bo`lsa-da ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. 

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov viloyat sektor rahbarlari ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda vaziyatga nisbatan o`z munosabatini bildirdi. 

"Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Chiroqchidagi fuqaro va IIB xodimlari o`rtasidagi holatni ham oqlamayman. IIB xodimi og`ir, bosiq va madaniyatli bo`lishi kerak-ku. Mayli, haydovchi aybdor, lekin IIB xodimi bunday paytda aql bilan ish tutishi kerak. Qochsa ham 1 soatda topish imkoni mavjud-ku hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda",–dedi viloyat rahbari.

Bundan tashqari yig`ilishga rahbarlik qilgan viloyat hokimi Murotjon Azimov barcha sohalardagi qilingan va qilinishi kerak bo`lgan ishlarga to`xtaldi. Muammoli kredit, soliq tushumlari, aholi murojaatlari va qishloq xo`jaligini rivojlantirish hamda butun dunyoni tashvishga solayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham muhokama qilindi.  

"Murojaatlar bilan ishlash har bir rahbar xodimning birinchi galdagi vazifasi bo`lsin, - dedi viloyat hokimi. Murojaatlar ortida odamlarning orzusi, umidi, dardi, taqdiri bor. Viloyatni iqtisodiy yuksaltirish, ijtimoiy muammolarini samarali hal qilish, uni respublikada namunali hududga aylantirish uchun bir tanu bir jon bo`lib ishlashimiz kerak.

Jurnalist va blogerlarga rahmat aytaman, eng o`tkir va dolzarb masalalarni dadil olib chiqishmoqda, jamoatchilik va rahbarlar e`tiborini qaratmoqda, natijada muammolar ijobiy echim topib, aholi manfaatlariga xizmat qilayapti. Har bir tanqidiy lavha yoki chiqishga tezkorlik bilan javob berishni, munosabat bildirilishini qat`iy talab qilaman! Ayrim chiqishlar noxolis xabar bo`lsa ham oxirigacha o`rganib, tezkor raddiya berishni ham tashkil qilish kerak",–dedi Murotjon Azimov. 

    Boshqa yangiliklar