sevimli
Sevimli

Farg`onada «1xbet” qimor o`yinida yutqazgach, pul uchun qo`shnisining homilador kelinini o`ldirgan erkakka hukm o`qildi

Jinoyat 01.12.2021, 12:51
Farg`onada «1xbet” qimor o`yinida yutqazgach, pul uchun qo`shnisining homilador kelinini o`ldirgan erkakka hukm o`qildi

Avvalroq, Farg`ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi 29 yoshli Ulug`bek Nizomov internetdagi «1xbet” qimor o`yinlarida katta miqdordagi pulni yutqazib, uni to`lash maqsadida qo`shnisining homilador kelinini pichoqlab o`ldirgani haqida xabar berilgan edi. Jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan qotillikka qo`l urgan shaxsga sud hukmi bilan 20 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi bu yigit o`tgan yilning yoz oylaridan boshlab internet orqali muntazam qimor va tavakkalchilikka asoslangan o`yinlar o`ynab kelgan. Buning natijasida 100 million so`mdan ortiq pul yutqazib, ko`p miqdorda qarzdor bo`lib qolgan.

2021 yilning 22 iyun kuni u qarzlarini to`lash uchun qo`shnisi O.Q.dan 2 ming dollar qarz olgan. Qo`shnisining yaxshilik qilib pul bergani Ulug`bekning halovatini buzdi. Qo`shnimning uyida ko`p miqdorda pul bo`lishi mumkin degan taxmin uni tinch qo`ymadi. U 23 iyun kuni soat 10:00 larda qo`shnisinikida hech kim yo`qligidan foydalanib o`g`rilikka tushadi. Xonadondagi mol-mulklarni yashirincha qo`lga kiritmoqchi bo`lgan vaqtida qo`shnisining homilador kelini kelib qoladi. U. Nizomov qilmishi oshkor bo`lishidan qo`rqib qo`shni kelinga pichoq bilan hujum qilgan, tanasining turli sohalariga tan jarohatlari etkazgan hamda hodisa joyidan yashiringan. Ayol ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, olgan tan jarohatlari natijasida shifoxonaning jonlantirish bo`limida vafot etgan.

2021 yil 23 iyun kuni mazkur holat yuzasidan Yozyovon tuman prokuraturasi tomonidan U.Nizomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b», «i» bandlari (homiladorligi aybdorga ayon bo`lgan ayolni tamagirlik niyatida qasddan odam o`ldirish), 164-moddasi 3-qismi «v», «g» bandlari (uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g`ayriqonuniy ravishda kirgan holda badanga og`ir shikast etkazib, bosqinchilik qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudining hukmi bilan U.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b», «i» bandlari, 164-moddasi 3-qismi «v», «g» bandlari bilan aybli deb topilib, unga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

–O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi bo`lib, unga tajovuz qilish eng og`ir jinoyatdir, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudi raisi Rahmatjon Arabov. – Mazkur jinoyat ishini muhokama qilish davomida aniqlanishicha, U.Nizomov qimor va tavakkalchilikka asoslangan o`yinlarni o`ynashga mukkasidan ketgani holda internet tarmoqlaridan foydalanib, turli sport o`yinlari va boshqalarga pul tikib, ko`p miqdordagi pullarni yutqazib, qarzlaridan qutilish maqsadida o`ta og`ir jinoyatga qo`l urgan. 

Amaldagi qonunchilikka ko`ra, O`zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o`yinlarda ishtirok etish taqiqlangan bo`lsada, uning bir yildan ortiq vaqt davomida ana shunday o`yinlarda ishtirok etib kelayotgani, ko`p miqdorda qarzdor bo`lib qolganidan mahalla fuqarolar yig`inining ham, hudud profilaktika inspektorining ham xabari bo`lmagan. Mazkur salbiy holatlarning bartaraf etilishi va mas`uliyatni yanada oshirish maqsadida sud tomonidan xususiy ajrim chiqarilib, «Yuqori» hamda «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig`inlariga keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar ko`rish uchun yuborildi.

Шарҳлар