Sevimli

O`zbekistonning mahalliy to`qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari Evropaning eng yirik savdo ko`rgazmasida namoyish etiladi

Madaniyat 01.12.2021, 19:39
O`zbekistonning mahalliy to`qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari Evropaning eng yirik savdo ko`rgazmasida namoyish etiladi

O`zbekiston to`qimachilik va charm-poyabzal korxonalari vakillari 1-11 dekabr kunlari Polsha, Italiya, Fransiya va Ispaniyada biznes-turda bo`ladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Biznes-tur Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan  O`zbekiston joriy yilning aprel oyida Evropa Ittifoqining «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimining benefisiari maqomiga ega bo`lishi natijasida mamlakatimizga taqdim etilgan imtiyozlardan samarali foydalanish, shuningdek, milliy mahsulot va brendlarni Evropaning eng yirik bozorlariga olib chiqish maqsadida tashkil etildi. Ushbu maqom Evropa Ittifoqi mamlakatlariga 6 ming 200 tovar pozisiyasini, shu jumladan, to`qimachilik va charm-poyabzal sanoati mahsulotlarining keng assortimentini bojsiz import qilish huquqini beradi.

Biznes-tur doirasida o`tkaziladigan tadbirlarda O`zbekistonning 50 dan ortiq yirik tadbirkor va eksportchilari, Evropaning 200 dan ortiq korxonalar, ishlab chiqaruvchilar va savdo kompaniyalari ishtirok etadi.

Tur Varshava shahri (Polsha)dan boshlandi. Bu erda 1-3 dekabr kunlari Evropaning eng yirik «Fast Textile» to`qimachilik ko`rgazmasi bo`lib o`tadi va unda to`qimachilik hamda tikuv-trikotaj tarmog`ining 44 nafar o`zbekistonlik ishlab chiqaruvchi o`z mahsulotlarini taqdim etadi.

Ta`kidlash joizki, hech qachon bir vaqtning o`zida bu miqdordagi mahalliy korxonalar xalqaro ko`rgazmalarda ishtirok etmagan.

Tashrif doirasida navbatdagi tadbirlar Milan (Italiya) hamda Parij (Fransiya) shaharlarida tashkil etiladi. Bu erda dunyoning eng yirik brendlari ishtirokida onlayn hamda bevosita shaklda biznes-forum va «B2B» muzokaralari bo`lib o`tadi. Shuningdek, O`zbekiston to`qimachilik va charm-poyabzal sanoatidagi so`nggi yutuqlar, Evropa ishlab chiqaruvchilari bilan qo`shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari hamda yirik brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida taqdimotlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Safarning yakuniy tadbirlari Ispaniyaning Barselona hamda Valensiya sanoat shaharlarida bo`lib o`tadi. Bu erda ham Ispaniya engil sanoati vakillari bilan biznes-forum va ishbilarmonlar o`rtasidagi uchrashuvlar o`tkaziladi.

Qo`shma investisiyaviy loyihalar va o`zaro manfaatli savdo bitimlarini amalga oshirish bo`yicha aniq kelishuvlarni nazarda tutgan holda biznes-tur O`zbekiston ishlab chiqaruvchilari va tarmoq assosiasiyalarining xorijiy ishbilarmon doiralari bilan hamkorligini chuqurlashtirishning samarali vositasi bo`lishi kutilmoqda.

Шарҳлар