Sevimli

Odam papilloma virusining 13 turi saraton kasalligini keltirib chiqaradi

Salomatlik 02.12.2021, 15:41
Odam papilloma virusining 13 turi saraton kasalligini keltirib chiqaradi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyo aholisi orasida onkologik kasalliklarga chalinish ko`rsatkichlari yildan-yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, ko`krak bezi, me`da, o`pka va bachadon bo`yni saratoni eng ko`p uchrayotgan xastaliklar sirasiga kiradi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha,  bachadon bo`yni saratoni butunlay oldini olish mumkin bo`lgan yagona onkologik kasallik hisoblanib, buning uchun uni erta aniqlash, tashxislash, ayniqsa, o`smir yoshdagi qizlarni rejali emlash zarur. Bu esa kasallanish va o`lim holatlarining oldini olishga yordam beradi.

" — Har yili mamlakatimizda 16 yoshgacha bo`lgan bolalarda milliy emlash kalendariga muvofiq difteriya, shol, ko`kyo`tal, qoqshol, virusli gepatit V, qizamiq, qizilcha, sil va rotavirusli infeksiya kabi 13 turdagi boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinasiya tadbirlari o`tkazilmoqda, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo`lim boshlig`i Dilorom Tursunova.  

— Shuningdek, 2019 yildan 9 yoshli qizlar 6 oy oraliq muddat  bilan 2 marta papilloma virusiga qarshi emlash tadbirlari amaliyotga tatbiq etilgan. Joriy yilda esa yurtimizda 12-14 yoshli qizlarni 1-doza bilan, 2022 yilda 2-doza bilan emlash belgilangan. Bu orqali mamlakatimizda 14 yoshgacha bo`lgan qizlarning barchasi OPVga qarshi emlanadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, papilloma virusi dunyoda eng ko`p tarqalgan infeksiyalardan biri hisoblanadi. Uning 190 dan ortiq turi bo`lib, 13 tasi onkologik kasalliklarga sabab bo`ladi. Agar o`z vaqtida vaksina olinmasa, 16 va 18-tiplari bachadon bo`yni saratonini keltirib chiqarishi isbotlangan.

— Odam papilloma viruslari guruhi inson tanasining turli qismlari shilliq qobiqlariga jiddiy shikast etkazadi, — deydi D.Tursunova. — Unga qarshi emlanish 90 foiz holatda bachadon bo`yni saratonining oldini olishga imkon beradi. Eng muhimi, qo`llaniladigan vaksinalar butunlay xavfsiz.

To`g`ri, boshqa vaksinalar qatori OPV vaksinasi ham engil nojo`ya ta`sirlarga ega. Jumladan, emlanishdan so`ng ba`zan in`eksiya o`rni qizarishi, shishishi, og`rishi kuzatiladi. Ayrim qizlar bosh og`rig`i, tana haroratining biroz ko`tarilishi yoki umumiy holsizlikdan shikoyat qilishlari mumkin. Biroq bundan xavotirga tushish kerak emas.

 

 

Шарҳлар