1. G`izo sanalmagan va g`izo toifasiga kirmaydigan narsani tanovul qilish. Bunda odatda g`izo sanalmaydigan va inson ta`bi eyishga moyil bo`lmaydigan narsalar ko`zda tutilgan. Misol uchun, ro`zadorning xom guruch, xamir, biror narsa aralashtirilmagan un kabi narsalarni eyishi.
2. Pishmagan mevani eyish.
3. Tishlari orasida qolgan no`xatdan katta narsani yutib yuborish.
4. Danak, paxta, qog`oz, teri eyish.
5. Tosh, temir parchasi, tuproq, tangaga o`xshash narsalarni yutib yuborish.
6. Qasddan ichiga isiriqning tutuni kabi tutun kiritish.
7. Erkak kishining orqasidan, burnidan, tomog`idan va ayol kishining oldidan suv yoki dori kiritilishi.
8. Quloqqa moy tomizilsa ham ro`za ochiladi. Suv tomizilsa ochilmaydi.
9. Qasddan og`zi to`lib qayt qilsa ham qazo tutiladi. Agar beixtiyor, og`zi to`lmay qayt qilsa yoki taom emas, balg`am qayt qilsa, ro`za ochilmaydi.
10. G`izo va dorinini bemorlik, safar, majburlash, adashish, beparvolik yoki shubha kabi shar`iy uzrlar bilan tanovul qilsa, ro`za ochilib, qazosi tutiladi.
11. Og`iz chayilayotganda beixtiyor ichiga suv ketib qolsa, ro`za ochiladi va qazo tutiladi.
12. Boshdagi yoki qorindagi jarohatga qo`yilgan dori ichiga yoki dimog`iga ketib qolishi.
13. Uxlab yotgan odamning qorniga suv kiritib yuborilsa, ro`zasi ochiladi.
14. Ayol kishi xizmatga yaramay qolaman deb taom esa ham ro`zasi ochilib, qazosini tutadi.
15. Ro`zadorligini unutgan holda taom esa yoki jimo` qilsa, ro`zasi ochilmaydi. Ammo buning hukmini bilmay, «bo`lar ish bo`ldi» deb, yana taom esa yoki jimo` qilsa, qazo ro`za tutib berish lozim bo`ladi.
16. Ro`za tutishga kechasi emas, kunduzi niyat qilib, keyin «bu niyatim to`g`ri bo`lmasa kerak» degan shubha bilan taom eyilsa, ro`za ochiladi va qazo tutish vojib bo`ladi.
17. «Hali tong otmagan bo`lsa kerak» deb, eb-ichgan yoki jimo` qilgan odam tong otib bo`lganini bilib qolsa, ro`zasining qazosini tutadi.
18. «Quyosh botgan bo`lsa kerak» deb, eb-ichgan yoki jimo` qilgan odam quyosh botmaganini bilib qolsa, ro`zasining qazosini tutadi.
19. Shahvatini to`liq bo`lmagan holda qondirsa ham faqat qazo tutadi.
20. Quchoqlash, o`pish va shunga o`xshash ishlar tufayli maniy to`kilsa, ro`zaning qazosi tutiladi.
21. Uxlab yotgan ayolga jinsiy yaqinlik qilinsa, o`sha ayol ham qazo tutadi.
22. Ro`zador kishi orqasiga paxta, latta va shunga o`xshash narsalarni kiritsa ham ro`zasi ochilib, qazosini tutadi.
23. Ramazon ro`zasidan boshqa ro`zasini ochib yuborgan kishiga faqat qazo tutish vojib bo`ladi, kafforat vojib bo`lmaydi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(mo`minnig qalqoni kitobidan)