Му5
50

Folga borganning ibodati qabul bo`lmaydi

Hidoyat sari 20.11.2018, 14:42
9946
Folga borganning ibodati qabul bo`lmaydi

Xalqimizda «Folga ishonma, suvga suyanma», degan naql bor. Bilasiz, folbinga ishonish, azayimxonlarga borish, «issiq-sovuq», sehr-jodu qildirish eng katta gunoh hisoblanadi. Ammo shunday bo`lsa-da, bugun bu gunohdan tiyila olmayotganlar ham yo`q emas...

Mutaxassis — Abu YuSUF, islomshunos.

FOLBIN KIM?

Folbin — qo`l, kitob, mayda toshlar, oyna, qarta va boshqa narsalarga qarab, kishi bilishga qiziqqan narsa yo hodisalarni go`yo oldindan «aytib beruvchi», «bashorat» qiluvchi odam. Yolg`on gap-so`zlar, xatti-harakatlar qilib, odamlarni aldab kun kechiradigan folbin, azayimxon, romchi, kinnachi, «issiq-sovuq» qiluvchilarga ishonmaslik, ularga aldanib qolmaslik zarur. Munajjimlar ham xuddi shu toifaga kiradi. Yulduzlar yo biror narsaga qarab kelajakni aytish ham gunoh. Bundan tiyilishimiz lozim.

Mo`min-musulmon kishi Allohning taqdiriga ishonadi. Unga tavakkal qiladi. Boshiga mushkulot tushdimi, unga sabr qiladi. Allohning sinovi ekanini tushunib etib, kelajak uchun faqat uning O`Zidan yaxshilik so`raydi. Tushkunlikka tushganda, biror muammoga duch kelganda folbin, munajjimlarga bormaydi. Shuningdek, ularning gapiga ham, so`ziga ham ishonmaydi.

Yana folning boshqa turlari ham bor. Masalan, ko`cha yoki bozorlarda to`tiqush ko`tarib «Gadayu», deb yuradiganlar, qahvaga qarab, qarta bilan fol ochadiganlarni uchratib qolamiz. Qandayligidan qat`i nazar, hammasi gunohi kabira hisoblanadi. Aytish ham, ularga ishonish ham harom.

IShONSANGIZ HAM, BORSANGIZ HAM GUNOH!

Kishi imoni mustahkam bo`lmagach, turli bid`at va xurofot, safsatalarga ishonadi. Natijada, katta gunohga qo`l uradi. Odamlar, ayniqsa, ayollar folbinlarga turli maqsadlarda borishadi, ularning ko`pchiligi kelajakni bilishga qiziqadi. Ammo aql bilan o`ylab ko`rmaydiki, ishonib borgan folbini ham o`zi kabi oddiy odam. Barcha muammolariga shu folbin echim topib, hal qilib berishiga ishonadi. Qiziga sovchi kelmayotgan onalar, eridan shubhalanayotgan ayollar, kelini bilan kelisholmay qolgan qaynonalar, bir-biri bilan urishib qolgan qo`shnilar, o`qishga kirolmagan abiturientlar, savdosi yurishmagan tadbirkorlar, xullas, folbinlarga murojaat etuvchilar ko`p.

Bugungi kunda “Falonchi folbinga borib, foyda topibdi, mushkuli oson bo`libdi”, degan turli mish-mish, shov-shuvlarga guvoh bo`lyapmiz. Folbin va azayimxonlarga e`tiqod qilib, ishonib borganlar bilmaydiki, o`sha folbinning o`z qizi turmushi bo`lmay, eri bilan ajrashgan, o`g`li yoki yaqinlarining ishlari yurishmaydi. Agar qo`lidan kelsa, qizini baxtli, o`g`lini yuqori lavozim egasi qilib qo`ymasmidi?!

ISLOMDA NIMA DEYILGAN?

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yulduzlardan ilm iqtibos qilgan bo`lsa, sehrdan bir sho``ba iqtibos qilgan bo`ladi. U ziyoda bo`lsa, bu ham ziyoda bo`ladi, dedilar». Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.

Ushbu rivoyatda g`ayb ilmini, birovlarning taqdirini, kelajakda bo`ladigan ishlarni yulduzlarga qarab bilishni da`vo qiladigan munajjimlar haqida so`z ketmoqda. Fol ochishning bu turi ham borligi hammaga ma`lum. Sehr esa Islom shariatida harom qilingan. Shuningdek, munajjimlik ham harom bo`ladi. Musulmon odam bu ishni qilishi, o`sha ishni qiluvchiga ishonishi mutlaqo mumkin emas.

Yana bir rivoyat bor:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim arrofga kelib, undan biror narsa haqida so`rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo`lmas», dedilar. Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar.

Ahmadning lafzida:

«Kim arrofga yoki kohinga kelib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo`lgan narsaga kufr keltiribdi», deyilgan.

Haqiqiy mo`min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozning qabul bo`lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so`rashning jazosi hisoblanadi. Kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, ishonsa, kufrga kirgan bo`lar ekan. Allohning O`zi asrasin.

Yana Hadisda fol ochirish, sehrgarlik, «issiq-sovuq» qilish, birovning baxtini ochish, munajjimlik bularning hammasi jinlarning sheriklari, og`aynilaridir, deyilgan. Shuning uchun folbinga borsangiz siz jinga borgan, jinning og`aynilariga murojaat qilgan hisoblanasiz. Umuman, musulmon kishi bundan tiyilishi kerak. Hech narsadan shumlanish, ikkilanish kerakmas. Allohning kalomi — Qur`onni o`qish, to`g`rilikni, yaxshilikni Allohdan so`rash kerak, xolos.

Mirkamol O`ROQOV yozib oldi.

Шарҳлар