AsosiyJamiyat

​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV QOZOG`ISTON PARLAMENTI SENATI RAISI KASIM-JOMART TOKAEVNI QABUL QILDI

'​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV QOZOG`ISTON PARLAMENTI SENATI RAISI KASIM-JOMART TOKAEVNI QABUL QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 sentyabr kuni Qozog`iston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Kasim-Jomart Tokaev boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni qutlar ekan, Qozog`iston parlamenti delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi va Oliy Majlis palatalarida o`tkazilgan samarali muzokaralar natijalari o`zaro aloqalarning mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishini alohida ta`kidladi.

O`zbekiston Prezidentining joriy yil mart oyida Qozog`istonga va Qozog`iston Prezidentining shu oyda O`zbekistonga davlat tashriflari, shuningdek, davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan muloqoti keng ko`lamli O`zbekiston –Qozog`iston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish va ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar va qabul qilingan qarorlar ijrosini ta`minlash hamda o`zaro manfaatli sheriklikka doir istiqbolli loyiha va dasturlarni ilgari surishda mamlakatlarimiz parlamentlari muhim o`rin tutishi qayd etildi.

Do`stlik va hamkorlik guruhlari o`rtasida muntazam uchrashuvlar o`tkazish, O`zbekiston va Qozog`iston parlamentlarining tegishli qo`mitalari o`rtasida yaqin amaliy aloqalar o`rnatish muhimligi ta`kidlandi.

Yuqori martabali mehmon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy va mazmunli uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Kasim-Jomart Tokaev Qozog`iston Respublikasi parlamenti o`zaro do`stlik va strategik sheriklik munasabatlarini yanada mustahkamlash yo`lida O`zbekiston bilan faol va keng ko`lamli hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

Boshqa yangiliklar