Му5
13

​FIRIBGARNI ChUV TUShIRGAN MUXBIR

Mutolaa 12.10.2017, 15:20
7398
​FIRIBGARNI ChUV TUShIRGAN MUXBIR

FIRIBGARNI ChUV TUShIRGAN MUXBIR

Shaharda bir yangi folbin paydo bo`lgani, u munajjimlik ilmidan ham xabardorligi va xorijda o`qib kelgani haqidagi gaplar bizning tahririyatga ham etib keldi. Navbatdagi firibgar ish boshlabdi, endi sho`rlik soddalarni boplab laqillatar ekan-da, deb o`yladik. Chunki dovrug`i taralgan folbinlarning ko`pchiligi ashaddiy firibgar bo`lib chiqqaniga ko`p bora guvoh bo`lganmiz. To`g`ri xulosa qilgan ekanmiz, ko`p o`tmay bir ayol tahririyatga ko`zida yosh bilan kirib keldi.

— Ikki kun navbatda turib zo`rg`a qabuliga kirgandim, “Ichingda jodu bor, o`qib olib tashlash kerak, bo`lmasa oilang buzilib ketadi”, dedi. Barcha aytganini qildim, lekin erim baribir bizni tashlab ketdi… Endi o`ylab qarasam, u meni aldab pulimni olgan ekan. Kunda-kunora qatnab, qancha mablag`im, asabim, vaqtim bekor ketdi-ya… — achindi ayol. — Meni aldading, erim ajrashaman deyapti, desam, “Demak barcha aytganlarimni to`liq bajarmagansan, o`zing aybdorsan”, dedi. Qabulida doim odam ko`p bo`ladi, qanchadan-qancha sodda odamlarni aldab, pulini olyapti… — dedi ko`ziga yosh olib ayol.

Shundan keyin xayolimga bir jurnalist tekshiruvini o`tkazib ko`rsammi degan fikr keldi. Ayoldan folbinning telefon raqamlarini oldim, qo`ng`iroq qilsam go`shakni kotibasi oldi. “Qoyil, — dedim o`zimga o`zim, — folbinlar ham kotiba yollaydigan bo`libdi-da!”

— Sabrina Mirsagatovnaning bugun vaqtlari yo`q, odam juda ko`p, ertaga keling. Sahar beshdan navbat olmasangiz, uchrasha olmaysiz, — dedi kotiba.

Ertalab beshdan turib folbinga borish zaril kelibdimi? Darrov fikrimdan qaytmoqchi bo`ldimu, lekin qiziqish kuchlilik qildi.

— Duo oldirmoqchimisiz? — so`radi suhbatdoshim kotibalarga xos qiziquvchanlik bilan.

Shoshib qoldim va tavakkal qilib “Ha”, dedim. Go`shakni qo`yib, folbinga aytish uchun voqea to`qiy boshladim. Chunki ashaddiy firibgar bo`lsa, yolg`on gapirayotganimni sezib qolishi mumkin. Hozirgi folbinlar anoyi emas, odamlarning psixologiyasini yaxshi o`rganishadi, o`zlari uchun imijlar yaratishadi, odamlarning ishonchiga kirish uchun yuqoridagi folbinga o`xshab e`lonlarda ism-sharifi bilan beradi. Bir joyda quyidagi e`longa ko`zim tushib kulgim kelgandi: «Vaxida Zaxidovna. Duo olaman, baxtingizni ochaman, sotuvda bo`ri tirnog`i va yog`i bor» deb yozib qo`yibdi.

Tong saharlab yo`lga tushdim. Aytilgan manzilga etib kerakli uyni topa olmay rosa sarson bo`ldim. Birovdan so`ray desam, ko`chada hech zog` ko`rinmaydi. Uylarning devorlaridagi o`chib ketgan raqamlarni zo`rg`a o`qib folbinning uyini topib bordim. Kimsasiz pod`ezdga qadam bosib yuragim uvishdi, g`ira-shira qorong`ulikka kirishga qo`rqib qaytib ketmoqchi edim, ikkinchi qavatdagi eshik g`iyqillab ochildi va ikki ayol shivirlab tushib kela boshlashdi. Ularni ko`rib, biroz o`zimni bosdim. Ayollar mendan yuzlarini pana qilib o`tib ketishdi. O`zimni qo`lga olib folbinning eshigini takillatdim, jinsi shortik kiyib olgan semiz kishi eshikni ochib, bir og`iz gapirmay, meni ichkariga kiritdi. Uzun, xira yoritilgan yo`lakda odam ko`pligini ko`rib, hayron qoldim. Uzun o`rindiqlarda tiqilishib o`tirganlar menga qarab ham qo`yishmadi. Joy yo`qligi uchun ostonada tikka turib kuta boshladim. To`rdagi xonadan bir erkak kishi chiqqach, odamlar surilib menga ham joy bo`shadi. “Odamlarning yuragiga g`ulg`ula solmasdan chiroqlarni yoqib qo`ysa bo`lmasmikan?”, o`yladim o`zimcha. Kim bilsin balki bu ham bir imijdir… Navbatim kelguncha uch-to`rt soat kutishimga to`g`ri keldi. Zerikib, yonimda o`tirgan ikki qizni gapga solmoqchi bo`ldim:

— Juda uzoq qabul qilarkanlar-a? — dedim uf tortib.

Qizlar ham zerikib o`tirishgan ekan:

— Yo`q, har bir mijoz bilan shoshilmay, batafsil gaplashadilar, — deyishdi shivirlab. — Agar ishlasangiz, bu kishining qabuliga kirish uchun javob olish kerak. Chunki ba`zida kun bo`yi kutishingizga to`g`ri keladi. Mana, biz ham o`qishdan javob olib keldik...

Navnihol qizlarning nima muammosi bor ekan-a, o`yladim ularga nazar solib.

— Siz nega keldingiz? — so`radi qizlardan biri fikrimni o`qigandek.

O`ylanib turganimni ko`rib:

— Baxtingizni ochirmoqchimisiz? — dedi.

Kulgim kelganini sezdirmaslik uchun erga qaradim. Ular menga achinib qarab qo`yishdi, keyin o`z sirlarini oshkor etishni lozim topishdi, shekilli:.

— Kuyinmang, baxtingiz ochilib ketadi. Mana menga ham duo o`qitishgan… Tez-tez yuragim siqiladi, — deyishdi taskin berib.

— Yo`g`-ey? — dedim nari borsa o`n sakkiz-o`n to`qqiz yosh atrofidagi qizlarga anqayib qarkanman.

— Kelinoyim baxti ochilmasin deb rosa o`qitgan ekanlar, — davom etdi qizgina boshiga og`ir tashvish tushgandek xo`rsinib.

Keyin yana menga e`tibor bermay, o`zaro shivirlashishga tushishdi. Ancha kutganimdan keyin nihoyat mening ham navbatim kelib, ichkariga kirdim. Kinolarda ko`rsatiladigandek shamlar yonib turgan, bo`ri-yu ayiqlarning tirnoqlari osib tashlangan xonaga kirsam kerak, deb o`ylagandim, lekin… Yorug`, ozoda xonada stol va stuldan boshqa hech narsa yo`q edi.

— Keling, nima muammo? — dedi ayol muloyimlik bilan so`rashib bo`lgach. Uning vahimali ovozda gapirishini kutganim uchun anqayib qoldim.

— Uyalmasdan gapiravering. Turmushga chiqqanmisiz? Nechanchi yilsiz? — so`radi u qartalarini stolga yoyarkan.

Demak men haqimdagi ma`lumotlarni o`zimdan bilib olmoqchi.

— Yo`q, — dedim. Agar rostdan kuchli folbin bo`lsa yolg`on gapirayotganimni bilib oladi.

— Demak baxtingizni ochishimiz kerak, — dedi u sinovchan tikilib. Hozir yolg`onim fosh bo`ladi deb qo`rqib ketdim. — Ko`zlaringiz aytib turibdi, sizga kuchli duo o`qitishgan. Elkangizni shunday og`ir yuk bosib turibdiki, qaddingizni ko`tarib yurolmaysiz. Odamlarga qo`shilmaysiz. Yaqin odamlaringizdan kimdir o`qitgan…

— Kelinoyingiz bilan chiqisha olmaysizmi? — so`radi u bir muddat osmonga tikilib turgach.

Men tavakkal yo`q degandek bosh silkidim. Shundan keyin aslida yo`q kelinoyimning go`riga g`isht qalab, u qilgan joduni mendan olib tashlash uchun nimalar kerakligining ruyxatini tuzdi:

— Ikkita sovun, ikkita qora rangli g`altak ip, igna, bir baklashka suv, bir quti tuz, choy olib kelasiz. Agar tezroq o`qishni boshlamasak, yomon kasalga chalinasiz. Chunki jodu ancha eski, yoshingiz ham o`ttizga yaqinlashib qolibdi, shekilli, — dedi.

— O`zim ham biluvdim bularning hammasi kelinoyimning ishi ekanini, — dedim men ham ishonchiga kirish uchun. — O`zi juda g`alamis, opam ham yigirma ettiga kirib zo`rg`a turmushga chiqqandi… Endi menga navbat kelibdi-da…

U menga uzog`i bilan ikki oyda erga tegib ketishimni aytib, «taskin» berib xayrlashdi.

Ro`yxatni ko`tarib, kulgudan o`zimni zo`rg`a tiyib folbinning uyidan chiqdim. G`aroyib shou tashkillashtirar ekan-ku, bu xotin! Uning yolg`onchiligini fosh qilganim uchun, ketgan vaqtimga ham achinmadim. Ishxonaga kelib hamkasbimga bo`lgan voqealarni aytib berib rosa kulishdik. Shundan keyin hamma menga qaerda folbinning xabarini eshitsa telefon raqamlarini olib kela boshladi. Turli raqamlarga qo`ng`iroq qila turib, hayratlandim. Negadir uch-to`rt qo`ng`iroqqa bitta ovoz javob beryapti. Avvaliga tushunmadim. Keyin ular reklamani kuchaytirish uchun har xil taxallus bilan turli raqamlarni berishlarini sezib qoldim. Men uchrashgan folbinning kotibasi oltita raqamdan naq uchtasiga javob berdi! Rosa ishbilarmon chiqdi-ku bu folbin opam degan xayolda aytgan narsalarni xarid qilib belgilangan kuni kirib bordim. Sabrina Mirsagatovna qo`limdagi narsalarni olib qoldi va tuni bilan o`qib chiqishini, ertasi kuni tushlik mahal uni taksida uyimga olib borishimni aytdi. Uyimni ham o`qib, tozalab, «kelinoyim»ning jin-ajinalarini haydab berarkan. Men rozi bo`ldim va «Iltimos boshqalarnikidan ko`ra menikini ko`proq o`qing, xizmat haqqingizni ikki barobar ko`proq to`layman» dedim.

Shundan keyin hamkasbim (xali turmushga chiqmagan) folbinnikiga bordi va ssenariy bo`yicha erining jazmani borligidan shikoyat qildi. «Dard»ini gapirib bo`lgach, erimning jazmani shu bo`ladi deb Sabrina opaga mening suratimni uzatgan… Lekin opa mug`ombirlikdan kuchli saboq olgan ekan, qilt etmabdi. Hatto bu qizni taniyman ham demabdi, shu bahona pul uchun har narsaga tayyorligini ham isbotlab oldim.

Ertasi kuni kelishgan holda folbinni uyimga olib keldim. Uyda bizni hamkasbim kutib turardi. Uni ko`rib Sabrina opa qotib qoldi, oliftaligidan asar qolmay jazavaga tushib baqira boshladi:

— Bu nimasi? Meni ahmoq qilyapsizlarmi? — vishilladi u ilondek.

— Ha, — dedi dugonam. — Faqat siz odamlarni ahmoq qilib yuraverasizmi?

Folbin dovdirab bir dugonamga bir oyoq tagida o`ralashib yurgan bolalarga qarardi.

— Bu bolalar siz «baxtini ochmoqchi» bo`lgan mijozingizniki, esingizda bo`lsa mening erimni jazmanidan ayirib bermoqchi edingiz. Bilib qo`yishingiz uchun aytay, men hali turmushga chiqmaganman!

Folbinning rangi oqarib ketdi :

— Ikkalangni ham duoibad qilaman! — o`shqirdi keyin alam bilan.

— Yaxshi, birorta duoni bilasizmi o`zi? Hechqisi yo`q, firibgarligingiz uchun qamalib ketsangiz, duo yodlashga vaqtingiz bemalol bo`ladi!

Minglab odamlarni aldab yurgan firibgar o`zining bir marta aldanishiga chiday olmay ancha janjal qilib yurdi…

Dilfuza SOBIROVA

Шарҳлар