Му5
50

«MO``JIZA YuZ BERADI... IShONING!»

Mutolaa 09.12.2017, 20:07
5910
«MO``JIZA YuZ BERADI... IShONING!»

— Siz Qorboboni ko`rganmisiz? Haqiqiysini? Men ko`rganman! Yo`q, siz o`ylagandek, Qorboboning kiyimini kiyib, qop orqalaganini emas! Barcha istaklarimizni amalga oshiruvchi, bizga bor mehrini tuhfa qiluvchisini! Qachon deysizmi? Bundan naq yigirma yil avval!

— Mansur, Qorbobo bo`lasan! Bo`ying uzun seni, — dedi o`qituvchimiz bayram oldi yig`ilishda. O`shanda o`n birinchi sinfda o`qirdik.

Bir sinf bolalar «Qorqiz-chi?» deya savol berishdi. Mansur esa hammani hayratga solib, birdan ismimni aytib yubordi. Sinf rahbarimiz qat`iy javob berdi:

— Sevaraning sochlari juda kalta! Menga sochi uzun qiz kerak! «B» sinfdagi Malikani Qorqiz qilamiz.

Yuzlarim qizarib ketdi. Yo`q, uyatdan emas, achchig`im chiqqanidan! Beixtiyor qo`llarim bilan kalta sochlarimni ushladim. Qattiq tortdim ham! Shunaqa qilsam, mo``jiza yuz berib, ular uzayib qoladigandek! Ammo sochlarim bir oy ichida uzun bo`lib qolmadi. Yangi yil esa meni kutib turolmasdi...

Maktabda bayram kechasi o`tkazildi. Mansur Qorbobo, ovozini do`rillatib, «Bolajonlarim, uzoq o`lkalardan sizlarga sovg`a olib kelayapman», deya, hassasini erga urib gapirayapti. Malika... o`sha sochi uzun Malika kelinchaklarning oq libosini kiyib (umuman Qorqizga o`xshamasdi), tirjayibgina turibdi. Biram yaltiroq, biram xursand... Men, sochi kalta Sevara, old qatorda qovog`imni solib, bayramgamas, matematika fanidan imtihon topshirishga kelgan o`quvchidek o`tiribman. Ismimni aytib, sovg`a berishganida ham, maktab derektori faxriy yorliq bilan qutlaganida ham, chehram yorishmadi. Sinfdoshlar Qorbobo, Qorqiz bilan tushgan suratimizni ko`rib, doim ustimdan kulishadi. Chunki hamma kadrga qaragan bo`lsa, men zalning shiftiga tikilib, yuzimni burib qolganman-da...

Ha, ana shunaqaman men! Qizg`anchiq qiz edim! Nima qilay, yaxshi ko`rgan insonlarimni qizg`anmasdan tura olmayman. Hech kim bilan mehrni, e`tiborni bo`lisha olmayman!

Bayramdan so`ng bir oycha Mansur bilan umuman gaplashmaganman. Toki matematika fanidan yozma ish bo`lguncha. Uni maktabda hamma «Bizning al-Xorazmiy», deb maqtar, men esa mahraj bilan suratni adashtirar, integral bilan funksiyaning farqiga ko`pam boravermasdim. Darsda partamning ostiga kitobimni qo`ygancha, biror asarni mutolaa qilib o`tirardim. O`qituvchimiz esa buni bilardi-da, «Yozma ishlarda «Kichkina shahzoda»ngiz misollaringizni ishlab berar», deb kinoya bilan dakki berardi. Ammo mening hech shu fanga qiziqishim uyg`onmadi. Biroq past baho olishni ham istamasdim. Shuning uchun barcha araz-ginani unutib, o`xshamagan Qorqizni bir muddat esdan chiqarib, yozma ishni ko`chirdim. O`qituvchimiz aytgandek, shahzodam yordam berdi menga.

Mansur akam bilan (oila qurganimizdan so`ng to sizlab gapirguncha rosa qiynalganman) bu voqeadan olti yil o`tib, Yangi yilni birga kutib oldik. Bir xonadonda, bir oila, bir juft bo`lib... Hech qanday Qorqizlarsiz! Xudoga shukr, o`n to`rt yildan buyon baxtdan yayrab, faqat o`zimniki bo`lgan, men uchun yaratilgan Qorbobom bilan Yangi yilni nishonlaymiz. Endi bizning Qorboboning borligiga ishonuvchi, sovuq kunlar boshlanishi bilan uni kutguvchi o`g`il-qizlarimiz ham bor.

O`g`lim... Qizim... Ana shu so`zlar dilimdan tilimga ko`chganida, ettinchi osmonlarga uchib ketgandek bo`laman. Hammasini unutaman. O`n yil tirnoqqa zor bo`lganim, necha marta haydalish kuyini chalganim, har oy umidlarim puch bo`lganida xonaga qamalgancha yig`laganlarim... Barini...

Avvallari qaynota-qaynonam davrasida bayramni kutib olganimizda «Shu yil baxt olib kelsin, farzand olib kelsin sizlarga» deya qilinguvchi duolarni jon qulog`im bilan eshitardim. Keyin alohida yashay boshlaganimizda, soat millari tungi o`n ikkiga bong urganda, erim ikkalamiz bir-birimizga qutlab, tilaklar tilardik. Ammo bir daqiqadan so`ng ko`zlarim yoshga to`lib ketardi. Yana bir yil o`tdi-ya... O`tgan yilni «Shu yil nasib qilsa, farzandli bo`lamiz!» degan orzular bilan kutib olgandik-ku, deb yig`layman. Kun bo`yi Qorbobo kiyimini kiyib, barcha yaqinlarimizning bolalarini xursand qilgan shahzodam esa meni ovuta olmaydi. «Sevar, Sevar, qo`y, yig`lab kutib olma yilni», deydi xolos.

Ajrashish xayoliga ham borganman. Qizg`anchiqligim, xudbinligim bilan jondan suygan insonimning umrini o`tkazayapman deb, hatto uch oy ota uyimda ham yashagandim bir gal. Qaynonamning «Meni ham tushuning, qizim. Ajratish niyatim yo`q sizlarni. Ammo bunaqa o`tib ketmaysizlar-ku», degan so`zlari qarorimga turtki bergandi.

Yashash... Mansur akamsiz yashash?! U qanaqa bo`ladi? Buni xayolimga sig`dira olmasdim. Ammo yashashga qaror qildim. Ketdim. Uyga olib ketish uchun kelgan erimning ko`ksidan itardim. Hatto ajrashishga ariza yozdim. O`shanda ham Yangi yil arafasi edi. «Yangi yilgacha chidasam bas, bayramni o`zim kutib olsam, keyin hammasi o`tib ketadi», derdim o`zimga-o`zim. Ammo o`ttiz birinchi dekabr kuni tong saharda uyimizga turmush o`rtog`im kirib keldi. Qo`lida qanaqadir hujjatlar. Ko`rib, hammasini tushungandek bo`ldim. Demak, u ham qaror qilibdi. Ammo nega aynan bugun hammasini hal qilmoqchi? Nima bo`lganda ham, bayram-ku! Hamma muammolar eski yilda qolsin deya, yangi hayot boshlamoqchidir-da, deb o`yladim. Biroq, adashgan ekanman.

— Sevara, ketdik uyga. Qara, bola asrab olish uchun hujjatlar yig`ib boshladim. Endi senikilarni ham to`g`irlasak, birga topshiramiz. Keyingi yil kelguncha bolamiz bo`ladi!

U bu so`zlarni maktabda Qorbobo bo`lganida «Qopim to`la sovg`a, istaganingizni muhayyo qilaman», degandek ishonch bilan aytdi, men ham boladek ishondim. Qaynotam va qaynonamning ham bunga roziligini bilgach, uyga ketdim. Yana kun davomida mashinamizda barcha qarindosh-urug`larimiznikiga sayohat qildik. Bolalarni Qorbobo-Qorqiz bo`lib qutladik. Yangi yilni doimgidanda katta umid bilan kutib oldik. Va bahorga chiqib, Umidli bo`ldik. Mana, o`g`ilchamiz, oltiga kirib qoldi. O`tgan yili bayramni esa to`rt kishi bo`lib qarshiladik. Sevinchimiz bilan. «Qizim bo`lsa, uzun sochlarini o`rib o`tirsam», deya istardim, shukr, niyatimga etdim.

Bu yil bayramga katta tayyorgarlik ko`rayapmiz. Archani qishning birinchi kunidayoq yasatdik. O`g`lim dadasining suratlarini ko`rib, «Men ham Qorbobo bo`laman», deyapti. Qizimni esa Qorqizdek yasatmoqchiman.

Ha, aytgancha, biz Yangi yilda Yangi mehmon kutayapmiz. Faqat kimligini hozircha Qorbobomdan ham sir tutayapman. Soat millari kechki o`n ikkiga bong urganda, Yangi yilga qadam qo`yganimizda, bu xushxabarni aytaman...

Siz Qorbobo borligiga ishonasizmi? Mo``jizalar yuz berishiga-chi? Ishoning! Axir har bir inson orzu bilan yashaydi. Ularning ushalishiga ishoning. Ana shu ishonchigina bizni mo``jizalar sari etaklaydi. Yangi yil esa orzularimizning debochasi xolos! Har kuningiz mo``jilarga, yaxshiliklarga boy bo`lsin!

Shoira ShAGIAHMEDOVA yozib oldi.

Шарҳлар