42

100 yoshida enagalik qilgan Noray momo

Rekord 14.12.2017, 15:21
6639
100 yoshida enagalik qilgan Noray momo

Internet olamini kuzatib borar ekansiz, sayyoramizning qaysidir nuqtasida 80-90 yoshlarida ham g`ayrati va kuchini yo`qotmagan, odamlarni o`z xatti-ha­ra­katlari bilan hayratga solayotgan keksalar haqidagi ma`lumotlarga ko`zingiz tushadi. Bugun biz sizga tanishtirmoqchi bo`lgan qahramonimiz faqat o`zining tabarruk yoshi bilangina e`ti­rofli bo`lib qolmay, umrining yuzinchi yilida ham murg`ak go`dakka enagalik qilgan jonkuyar inson.

Noray momo Ochilova 1900 yilda Samarqand viloyati Paxtachi tumani Paxtakor kolxozida tavallud topgan. Shubhasiz, davrning og`ir va mashaqqatli kunlari barcha qatori uni ham chetlab o`tmadi. Noray momoning ota-onasi u go`dakligidayoq vafot etishadi. Bu esa yoshgina qizaloqdan metin iroda va ulkan sabr talab qilardi. Bolaligi barcha sag`irlarniki kabi kechgan Noray bo`yi etgan pallada kolxozga ishga kirdi, keyinchalik turmush qurdi. Biroq, bu safar ham taqdirning achchiq sinoviga duch keldi, olti farzandni dunyoga keltirgan ayol ikki o`g`lini asrab qola oldi, xolos. Bu esa uning hayotidagi eng og`riqli nuqtasi bo`lib qoldi. Er-xotin ikki farzandini voyaga etkazishdi, ammo ularning rohatini ko`rish Noray momoning turmush o`rtog`iga nasib etmadi. Keyinchalik sirdosh, elkadosh umr yo`ldoshidan ajralgan onaxon o`zlarining mahallasidagi Bibisora bilan ona-bola tutinishdi. Shundan so`ng uning hayotga va yashashga bo`lgan qiziqishi yanada oshdi, o`ziga dardkash va mehribon qiz topgan momo Bibisoraning oilasi bilan yashay boshladi.

Yuqorida onaxonning 100 dan oshib ham enagalik qilganini aytgandik. Bu boradagi barcha savollarimizga Noray momoning tutingan qizi Bibisora Davronova aniqlik kiritdi:

— Rostini aytsam, ko`pchilik momojonni e`zozlab, mehr bilan parvarish qilayotganimizni ko`rib, duo qiladi, juda katta savobga qolyapsizlar-da, deyishadi. Aslida momoning bizni oldimizdagi xizmati juda katta. Hozir yoshim oltmishga qarab ketyapti. Bir paytlar ertadan kechgacha dalada ishlardim, bolalarim esa yosh edi. O`shanda momojon bolalarimga mehr va muhabbat berib qarab o`tirardilar. Oradan ancha yillar o`tdi. Qizimning bo`yi etib, uzatadigan bo`ldik. Lekin taqdir ekan, qizim farzandini dunyo­ga keltirib olamdan o`tdi. O`sha kunlar hayotimning eng qora kunlari bo`ldi, desam adashmayman. Oldinda esa endigina yorug` olamga kelgan go`dakka g`amxo`rlik mas`uliyati turardi. Men ro`zg`or tashvishida kechgacha ishlardim. Ana shunday mashaqqatli, dardli kunlarda yuz yoshdan oshgan momo chaqaloqni o`z parvarishiga oldi. Kun bo`yi qarardi, hatto ayrim tunlarda charchab bolaga qarolmasam, yonida olib yotardi. Shuni ham aytish kerakki, momo o`shanda yuzdan oshgan bo`lsa-da, ancha baquvvat va g`ayratli edi. O`sha — o`zi qaragan qizchaga mehri bo`lak, hech kimga xafa qildirmaydi, ortiqcha gapirtirmaydi. Hozir Yodgora o`n to`rt yoshga kirdi va u ham momojonni hammadan ko`proq yaxshi ko`radi. Momojon haqida she`rlar yozib barchamizga o`qib beradi.

Buvim meni erkalab,

Yodgoraxon deydilar.

Nurga to`lgan oppog`im,

Bolajonim deydilar.

Mehri daryo buvijonim,

Qalbi to`la nurjahonim.

Buvijonim bor mening,

Mehribonim bor mening.


Комментарии