42

BANK IShIDAN USTUN KELGAN MAHORAT

Rekord 25.12.2017, 13:01
6753
BANK IShIDAN  USTUN KELGAN  MAHORAT

Tabiat gullarining har biri turfa rangda, har biri o`ziga xos go`zal. Shundan bo`lsa kerak, rassommi, shoirmi, ijodkor borki, tabiatning bu mo``jizalarini o`z asarlarida namoyon etishni istaydi. Bugungi qahramonimiz Laylo O`lmasova esaboshqa ijodkorlardan farqli o`laroq dunyo gullarini oddiygina shakardan yarata oladigan noyob iste`dod sohibi. U yaratgan ishlarni ko`rib qoyil qolmaslikning iloji yo`q. Chunki­ uning shakardan yasagan gullari xuddi tabiiyga o`xshaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda Laylo O`lmasovaning go`zal ijod namunalarini ko`rganlar ham o`zlarining hayratlarini yashira olishmayapti. Biz esa mazkur sahifamizda noyob qobiliyat sohibasi hamda uningijodiy ishlari bilan siz mushtariylarni ham tanishtirmoqchimiz...

— Laylo opa, eng avvalo, barchani lol qoldirayotgan qo`l ishlaringiz qanday yara­tilayotganini tushuntirib bersangiz...

— Turli ranglar va bezaklardan iborat bu gullar oddiygina shakardan yasaladi. Aslida birinchi marta kichik-kichik gullarni faqat tort va pishiriqlarni bezash uchun yasagandim. Keyinchalik esa katta-katta manzarali gullarni ham yaratish ishtiyoqi paydo bo`ldi. Qiziqishim va o`rganishlarim sabab ilk guldastamni yaratdim. Ammo bu ishda eng muhimi sabr-qanoat ekanligini yoddan chiqarmaslik kerak. Masalan, bir gulni yaratish uchun shakarli qiyom tayyorlanadi, 2-3 sm.li maxsus o`qlovchalar bilan yupqa qilib yoyiladi va kerakli shakllar kesib chiqiladi. Keyin ularni bir qancha muddat quritishga qo`yamiz. Shundan so`ng ehtiyotkorlik bilan qismlarni yig`ib, gul holatiga keltiramiz. Qilayotgan ishim chiroyli chiqishi uchun ranglarga katta e`tibor beraman. Masalan, qaysi gulni yasayotganimga qarab, tabiat uni qanday yaratgan bo`lsa, men ham o`shandek yasashga, eng kichik elementlarini ham to`liq aks ettirishga harakat qilaman. Xullas, har bir gulni yaratishim uchun ikki kun vaqt ketadi.

— Bu noyob hunar bilan qachondan buyon shug`ullanasiz va qaerdan o`rgangansiz?

— Men aslida, hunarmand ham, qandolatchi ham emasman. Moliya institutini tugatib, 15 yil bankda ishladim. Bundan besh yil oldin ikkinchi farzandim tug`ilganda bola parvarishi uchun ta`tilga chiqqanimda, bekor o`tirmaslik uchun internetdan turli xil taom va pishiriqlar pishirishni o`rgana boshladim. Asosan qandolat mahsulotlariga alohida qiziqishim bor edi. Sekin-sekin har xil pi­shi­riqlar pishirish jarayonida o`zim ham turli ixtirolar qilib, ijtimoiy tarmoqqa joylay boshladim. Qizig`i, ko`pchilik buni juda yaxshi kutib oldi. Hatto parhez taomlarni mazali qilib tayyorlash mumkinligi borasida ham yangicha yondashuvlarni o`ylab topdim. Keyinchalik bu borada tashkil etilgan ko`plab mahorat-saboqlarga borib tajribamni yanada oshirib bordim. Shirinliklarni bezaklar orqali noodatiy ko`rinishda tayyorlash bilan boshlagan ishim mahsulotlardan manzarali gullarni yasashgacha borib etdi. Mana, ko`rib turibsizki, ichki qiziqish va mavjud qobiliyat bank ishidan ustun keldi.

Laylo O`lmasovani haqiqiy zamonaviy ayol, deyish mumkin. U mutaxassisligi, yaxshigina ishi bo`la turib, tinimsiz izlanishlar, o`rganishlar bilan o`zining noyob qobiliyatlarini shakllantira olgan inson. Qahramonimiz yaratgan qo`l mehnati mahsulotlariga qarab, o`zidan va qilayotgan ishidan mamnun. Uning qo`llari bank kompyuterlarida hisob-kitob qilish uchun emas, aynan ana shunday betakror go`zallik bunyod etish uchun mo`ljallanganini o`z vaqtida anglab etgan. Balki, bu gullar nima maqsadda ishlatilishiga qiziqayotgandirsiz? “Bular bozorlarda bisyor bo`lgan gul va suvenirlardan o`zgacha. Ularni yaqin insonlarga sovg`a qilish va uzoq muddat saqlash mumkin. Eng yaxshi tomoni esa qiziquvchan bolajonlar bu gullarni bemalol iste`mol qilishlari ham mumkin”, deydi Laylo opa. Ajabmas, u keyinchalik mashhur bino-inshootlar ko`rinishidagi shirinliklarni ham yaratsa. Biz esa qahramonimizdan yangidan-yangi betakror san`at asarlarini kutib qolamiz.

Комментарии