42

FACEBOOK`DA HAM YuRTDOShIMIZ IShLAYDI

Rekord 22.12.2017, 15:32
6916
FACEBOOK`DA HAM YuRTDOShIMIZ IShLAYDI

Aziz Murtazaev Nukus shahrida tavallud topgan va hozirda Facebook’ning Buyuk Britaniyadagi ofisida ishlaydi. Univirtual olam bilan aloqador bo`lganlar yaxshi taniydi. Biz ham yurtdoshimizning ulkan muvaffaqiyatlaridan faxrlangan holda Aziz va u erishgan yutuqlar haqida ma`lumot berishga qaror qildik.

"DASTURChI BO`LAMAN DEB O`YLAMAGANDIM"

Aziz Murtazaev Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus shahrida tug`ilgan va o`sha erdagi 37-liseyning matematikaga ixtisoslashgan sinfida o`qigan. Balki shu sababdir, Aziz maktabda matematikani barcha fanlardan ko`ra ko`proq yaxshi ko`rardi va a`lo darajada o`zlashtirdi. Shanba kunlari otasining ishxonasiga borib turadigan bolakay kompyuter bilan ilk bor o`sha erda tanishadi. Barcha yosh bolalar kabi u ham dastlab kompyuterda faqat o`yin o`ynagan. Keyinchalik esa MS-DOShamda Windows dasturlarini oz-moz o`zlashtiradi. Ammo hech qachon dasturlashga qiziqmagan Aziz “Sharoit bo`lsa ham, hech qachon dasturchi bo`laman deb o`ylamaganman...”, — deydi.

Aziz Murtazaev maktabni tugatgach, O`zbekiston Milliy universitetining Iqtisod fakultetiga o`qishga kirdi. Lekin uo`qishga kirguncha iqtisod haqida hech qanday tushunchaga ega bo`lmagan. Shunchaki, o`qishga kirishda muhim bo`lgan matematika va ingliz tilini yaxshi bilar va o`sha paytda bu fanlar bilan oliy ta`lim dargohiga kirish mumkin bo`lgan sohalar ichida iqtisod eng qiziqarlisidek ko`rinardi. Ammo, u uchinchi kursda iqtisodga umuman qi­ziq­masligini his qila boshlaydi.

MUVAFFAQIYaTLARGA DEBOChA BO`LGAN QO`ShIMChA TA`LIM

Institutda o`qib yurgan kunlarining birida Aziz “Yosh das­turchilarni tayyorlash va qo`llab-quvvatlash markazi” talabalarni dasturlashga bepul o`qitishi haqida eshitib qoladi. 3 oy davomida darslardan so`ng, haftasiga 5 kun, kuniga uch soatdan shu markazga qatnay boshlagan qahramonimizga dasturlash juda yoqib qoladi. O`quv kurslari tugagach, yakuniy loyihasini topshirgan Azizning ishi markaz hamkorlik qiladigan kompaniyalardan biri — NetDec’ga ma`qul kelib, uni amaliyot o`tashga chaqirishadi.

XORIJDA TA`LIM, YaNGI TAKLIFLAR

Aziz Murtazaev universitetni bitirganida kim bo`lib ishlashini aniq bilardi. U dastavval Toshkentdagi Muransoft kompaniyasida ishlaydi keyin magistraturada o`qish uchun Janubiy Koreyaga jo`nab ketadi.

Koreyaning Suvon shahridagi Adjou universitetida o`qigan Aziz keyinchalik Suvondagi Samsung Electronics’ga ishga kiradi. Dasturlash tizimida to`laqonli bilim va tajribaga ega bo`lgach esa dunyoga mashhur “Facebook”ka ishga kirish uchun harakatni boshlab yuboradi. Buning uchun u 2014 yilning sentyabridan 2015 yilning fevraliga qadar o`ta murakkab tuzilgan uch bosqichli suhbat ko`rinishidagi imtihondan o`tadi va 2015 yilning 14 sentyabridan Facebook`ning London ofisida Android operasion tizimida ishlaydigan dasturchi-muhandis bo`lib ish boshlaydi.

Aziz Murtazaev “bir kun kelib, Facebook`ni tark etishga to`g`ri kelsa, o`zimni katta darajaga chiqish istagida bo`lgan kichik kompaniyada yoki biror startapda sinab ko`rishni xohlardim”, — deydi.

Biz esa o`qish va o`rganishdan bir lahza bo`lsa-da to`xtamaydigan, yurtimizning ko`plab yoshlariga o`rnak bo`layotgan bu yigitga omad tilab qolamiz.

Комментарии