Ozarboyjonda Naxichevan Muxtor Respublikasi tashkil etilganining 90 yilligi keng nishonlanmoqda.
Naxichevan MR 1924 yilda Ozarboyjon tarkibidagi muxtor respublika sifatida tashkil etilgan edi. Mazkur hududning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy jihatdan yuksalishi o`tgan asrning 70-yillaridan boshlangan. Qisqa vaqt ichida Naxichevan o`lkasi mamlakatning mustahkam agrar va sanoat bazasi darajasiga etdi. Bugun esa, Naxichevan har jihatdan barqaror, go`zal va betakror maskanga aylandi.
Naxichevan Sharqdagi ko`hna tamaddun beshiklaridan biri. Bu hududdan Jalil Mamatqulzoda, Aliquli G`amgusor, Husayn Jovil singari jahonga mashhur shoir va mutafakkirlar etishib chiqqan.
Naxichevan o`tmishi moziyning uzoq davrlariga borib taqaladi. Aytishlaricha, Naxichevan “Nuh chixan” (Nuh chiqqan) so`zining o`zgargan shakli ekan. Butunjahon to`fonidan insoniyatni qutqarib qolgan Nuh payg`ambar ham ana shu zamindan chiqqan emish. Chindan ham bu erda Nuh (a.s.) nomi bilan bog`liq juda ko`p tarixiy qadamjolar, hatto unga nisbat beriladigan qabr ham bor.
Ilmiy tadqiqotlar jarayonida bu erdan juda ko`p tarixiy yodkorliklar topilgan. O`rta asrlarda qurilgan Mo`mina Xotun, Yusuf ibn Qusayr maqbaralari, “Ashobi Kahf” ziyoratgohi, masjid va madrasalar – jami 1170 ta me`moriy obida bizgacha etib kelgan. Ularning 56 tasi dunyo ahamiyatiga molik yodgorliklardir. Bu yodgorliklarni ko`rish har yili dunyonng turli nuqtalaridan sayyohlar oqib keladi.
Bugungi kunda Naxichevanda madaniy, ekologik va tibbiy turizmni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilayotir. Bu erda tabiiy qo`riqxonalar, turli shifobaxsh maskanlar, madaniy-ma`rifiy muassasalar ko`p.
Naxichevan bugun o`zining boy tarixi, an`analari, iqtisodiy imkoniyatlari, go`zal tabiati bilan dunyoning turli hududlaridan sayyohlar, tadbirkorlar, mehmonlarni o`ziga jalb etayotir.
Ayni damda esa, mazkur qutlug` sana munosabati bilan joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar o`tkazilmoqda. Shubhasiz, kelgusida ham Naxichevan o`zining betakror salohiyati bilan dunyo ahlini o`ziga maftun etaveradi.