Sevimli

Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to`g`risidagi yo`riqnomaga tuzatish kiritildi

Iqtisodiyot 28.03.2018, 09:59
Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to`g`risidagi yo`riqnomaga tuzatish kiritildi

Moliya vazirining buyrug`i bilan Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to`g`risidagi yo`riqnomaga bir qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi, deb yozmoqda "Norma".

Birinchidan, asosiy vositalarning inventar raqamlari endi 10 belgidan iborat bo`ladi. Bu – o`zgarmas miqdor (ilgari zarurat yuzaga kelganda ko`paytirish imkoniyati bilan 8 belgidan iborat bo`lgan). Guruh doirasida predmetning tartib raqami uchun qo`shimcha 2 ta belgining ajratilishi hisobiga o`zgarish ro`y berdi. Ilgarigidek, dastlabki uchta belgi subschyotni, to`rtinchi va beshinchi belgi – guruhni ifodalaydi.

Ikkinchidan, asosiy vositalar eskirishining qat`iy me`yorlari belgilandi. Ular Soliq kodeksining 144-moddasida keltirilgan amortizasiya me`yorlari bilan deyarli bir xil. Faqat quyidagi farqlari mavjud:

• Soliq kodeksida me`yorlar eng yuqori hisoblansa, Yo`riqnomada xuddi shu qiymatlar aniq deb qabul qilinadi (ya`ni kamroq yoki ko`proq hisoblab bo`lmaydi);

• eskirish me`yorlarining VII guruhi doirasida (boshqa guruhlarga kiritilmagan aktivlar):

– idora mebeli va asboblari (shu jumladan telefon apparatlari, hisoblash uskunalari va boshqalar) uchun 15 foizlik amortizasiya me`yori joriy etilgan (Soliq kodeksida mazkur pozisiya nazarda tutilmagan);

– boshqa aktivlar uchun 10 foizlik amortizasiya me`yori joriy etilgan (Soliq kodeksida ushbu pozisiya bo`yicha eng yuqori me`yor – 15%).

Shuningdek belgilanishicha, qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan kapital qurilish ob`ektlari yoki uning qismlari, shuningdek tugallanmagan qurilish bo`yicha amortizasiya hisoblanmaydi. Mavsumiy tusga ega byudjet tashkilotlarida esa eskirish summasi moliya yili mobaynida har oyda yillik eskirish summasining 1/12 miqdorida hisoblanadi.

Uchinchidan, belgilanishicha, kelgusida ishlab chiqarish jarayonida foydalanish mumkin bo`lgan chiqindilarning kirim qilinishi 06-«Boshqa tovar-moddiy zaxiralar» yoki boshqa schyotlarning tegishli subschyotlari debetida va 090-«Tovar (ish, xizmat)larga xarajatlar» subschyoti kreditida aks ettiriladi.

To`rtinchidan, Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamg`armasi hamda Tibbiyot muassasalarini moddiy rag`batlantirish va rivojlantirish jamg`armasiga mablag`larning kelib tushishi endi 12-«Byudjet mablag`lari bo`yicha joriy yildagi moliyaviy natijalar» schyotining tegishli subschyoti kreditida ham hisobga olinadi. Ilgarigidek, zarur hollarda 15-«Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar» schyoti va boshqa schyotlarda hisobga olishga ruxsat beriladi.

Beshinchidan, chorakning so`nggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasida bo`shab qolgan mablag`lar tejab qolingan deb hisoblanmaydigan va tegishli byudjetga qaytariladigan yoxud unda qoldiriladigan holatlar belgilandi:

• tarmoq, shtatlar va kontingent bo`yicha reja bajarilmaganda;
• tasdiqlangan shtat jadvalida nazarda tutilgan shtat birliklari to`ldirilmaganda;
• kapital qo`yilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablag`lar moliya yili yakuni bo`yicha to`liq o`zlashtirilmaganda;
• byudjet tashkilotlari faoliyati to`xtatib turilganda – to`xtatib turilgan davr uchun;
• tasdiqlangan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan, davlat moliyaviy nazorati bo`yicha tadbirlar davomida aniqlangan ortiqcha yoki qonunga xilof ravishda olingan mablag`larning summalari;
• qonun hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan ajratiladigan mablag`lar miqdorlarining qisqartirilishi summalari;
• moliya yili boshiga tovar-moddiy qimmatliklarning normativdan ortiq zaxiralarining summalari;
• dotasiyalar va subsidiyalarni to`lash uchun mo`ljallanib, ammo zarurati qolmagan summalar.

Bunda xodimlar sonining to`ldirilmaganligi natijasida bo`shab qolgan mablag`lardan bir yo`la bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganligi, xizmat ko`rsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmining ortganligi, o`zining asosiy ishi bilan birga, ishda vaqtincha bo`lmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun qo`shimchalar belgilash uchun foydalanilishi mumkin.

Byudjet tashkilotlarining moliya yilida foydalanilmay qolgan byudjetdan tashqari mablag`lari keyingi moliya yiliga o`tadi hamda ulardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi. O`tgan moliya yilida foydalanilmay qolgan mablag`lar keyingi moliya yilida qayta taqsimlanmay, o`sha maqsadlarda foydalaniladi.

Byudjet tashkiloti qayta tashkil etilgan (qo`shib yuborilgan, qo`shib olingan, o`zgartirilgan) hollarda, byudjet tashkilotining byudjetdan tashqari mablag`lar bo`yicha hisobvaraklaridagi (shaxsiy g`azna hisobvaraqlaridagi) qoldiq mablag`lar qayta tashkil etilgan byudjet tashkiloti tasarrufida qoladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Byudjet tashkilotlarini Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan saqlash xarajatlari to`xtatilgan hollarda, byudjetdan tashqari mablag`lar qoldig`i mazkur tashkilot tasarrufida qoladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tugatilgan byudjet tashkilotining byudjetdan tashqari mablag`lar bo`yicha hisobvaraqlaridagi (shaxsiy g`azna hisobvaraqlaridagi) mablag`lar qoldig`i belgilangan tartibda tegishli byudjet daromadlariga o`tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Byudjet tashkilotlarining hisobvaraqlariga (shaxsiy g`azna hisobvaraqlariga) noto`g`ri kelib tushgan mablag`lar qaytarilishi to`lovchi murojaat qilgan kundan boshlab 10 bank kuni mobaynida amalga oshiriladi.

Oltinchidan, markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlarida buxgalteriya hisobi Yo`riqnomaga muvofiq tobe muassasalar kesimida alohida yuritilishi aniqlashtirilgan. Parallel ravishda 180-«Yuqori va quyi tashkilotlar o`rtasidagi boshqa hisob-kitoblar» subschyotida endi markazlashgan tartibda berilgan moddiy aktivlar bilan bog`liq operasiyalar hisobga olinmasligi belgilandi.

Ettinchidan, ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritilmaydigan davr xarajatlari 211-«Davr xarajatlari» subschyoti debeti va xarajatlarni hisobga oluvchi tegishli subschyotlar kreditida hisobga olinishi aks ettirildi.

Hujjat 18.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Шарҳлар