41

Fitr sadaqasining miqdori haqida

Hidoyat sari 08.06.2018, 14:04
3010
Fitr sadaqasining miqdori haqida

Fitr sadaqasi asliy va zaruriy ehtiyojlaridan ortgan moli nisobga etgan har bir ozod musulmonga vojib bo`ladi. Imom Shofe`iyga ko`ra fitr sadaqasini ado etish farzdir. U kishi fitr sadaqasi haqida vorid bo`lgan hadisi sharifdagi "faraza Rasulullohi sollallohu alayhi va sallama zakaata-l-fitri..." (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitr zakotini farz qildilar, belgiladilar) so`zining zohiriga ko`ra shunday deganlar. Biroq, Imom Shofe`iyning fitr sadaqasi hukmi borasidagi "farz!" degan so`zlari bu o`rinda hanafiy mazhabimizdagi "vojib" so`ziga muqobil keladi. Zero, shofe`iylarga ko`ra ham fitr sadaqasini inkor qilgan kishi kofirga hukm qilinmaydi. Chunki, mazkur moliy ibodat zanniy dalil orqali sobit bo`lgan. Ulamolarimiz, hadisi sharifda kelgan "faraza" so`zini "miqdorini belgilash" ma`nosida ta`vil qiladilar. Boshqa bir ta`vilga ko`ra, esa "faraza" so`zi "farz qildi" ma`nosida bo`lsa ham u mazkur so`zni Nabiy alayhissalomdan bevosita eshitgan kishilar haqqida farzdir. Chunki, u odam uchun bu hadis qat`iy bilim va dalolatni taqozo etadi. Ammo, boshqalar haqqida zanniyligicha qoladi.

Fitr sadaqasi qudrati mumakkina (imkon yaratuvchi qodirlik) orqali sobit bo`ladi. Ya`ni, asliy hojatlaridan ortgan moli nisobga etgan bo`lsa, uning haqqida bu moliyaviy ibodat vojibga aylanadi va to ado etguncha moliga talafot etsa ham mazkur vojiblik soqit bo`lmaydi. Zakot kabi orada bir qamariy yil o`tsa ham kamaymay turishi shart qilinmaydi. Chunki, zakot qudrati muyassira, ya`ni mazkur amalni osonlashtiruvchi, oson qiluvchi qodirlik orqali farz bo`ladi.

Fitr sadaqasining miqdori jon boshidan yarim so` bug`doy va uning mahsulotlaridan masalan, un, talqon va hokazodan yarim so` miqdorda chiqariladi. Ammo, arpa, xurmo (tamr) va mayizdan bir so` miqdorida chiqariladi.

Aslida hadisi shariflarda yarim so` degan miqdor ishlatilmagan. Lekin, Nabiy alayhissalom davrlarida Madinada bug`doy ko`p emasdi. Odamlarning emishi asosan arpa va yuqorida zikr etilgan egulik turlaridan edi.

Ammo, Muoviya raziyallohu anhu davriga kelib, Islom o`lkalarida bug`doy ko`payib ketgach, sahobalar bug`doyning yarim so` miqdori arpaning bir so`iga to`g`ri keladi, degan to`xtamga keladilar. Va buni Muoviya raziyallohu anhu tasdiqlaydi. Shu tariqa bug`doy va uning mahsulotlaridan beriladigan fitr sadaqasi miqdori yarim so` miqdorida qilib belgilanadi. Bu sahobalarning ijmo`si bo`lganligidan e`tiborli hukmga aylandi.

So` bu qadimda oziq-ovqat miqdorini o`lchash uchun ishlatilgan idish bo`lib, fiqhiy mazhablar uning kilogrammdagi o`lchovini belgilashda turli xil yo`l tutganlar.

Qadimda o`lchov birliklari o`ta murakkab va noqulay bo`lgan. Kilogramm tizimi kabi oson va qulay bo`lmagan. Turli xil idishlar yasab, ularning har biriga nom berib, ishlatganlar. Ulardagi yagona qulaylik shu bo`lganki, katta o`lchov birligi o`zidan kichikroq o`lchov birligi bo`lgan idishning aniq bir juft sonidan iborat bo`lgan. Masalan, bir so` to`rt mudd, bir mudd esa ikki ratl va hokazo.

Ammo, ulardagi yana bir noqulaylik, mazkur o`lchov birliklari nomi bir bo`lsa ham, turli joylarda hajmi turlicha bo`lgan. Aynan shuning uchun ham ularning kilogram tizimidagi miqdorini belgilashda mazhablar o`rtasida tafovut yuzaga kelgan.

Xullas kalom, so`ni zamonaviy o`lchov birliklariga naql qilishda hanafiy mazhabining o`lchovi eng yuqori o`lchov hisoblanadi. Unga ko`ra, bir so` to`rt mudddan iborat. To`rt mudd esa sakkiz ratl.

Hanafiy mazhabimizga ko`ra, bir mudd 1072 grammdan iborat. Shunga binoan so`ning hanafiy mazhabidagi miqdori quyidagicha bo`ladi: 4 mudd x 1072 gr = 4288 gramm. Demak, bir so`ning miqdori 4 kilogramm 288 grammni tashkil etadi.

Yarim so` esa 2 kilogramm 144 grammdan iborat. Fitr sadaqasining bug`doy va uning mahsulotidan beriladigan miqdori shuncha. Ammo, shayx AbdulHamid Mahmud Tahmozning "Al-fiqh al-hanafiy fiy savbihil jadid" kitobida yarim so` taxminan ikki kilogramu 250 gram miqdorida belgilangan. Bunda esa yuqoridagi miqdordan taxminan 100 gramm farq qilyapti.

Demak, bug`doy va undan fitr sadaqa ajratmoqchi bo`lganlar yuqoridagi miqdordan kelib chiqishlari kerak.

Ammo, xurmo, mayiz, pishloq, arpa kabi narsalardan esa tom bir so` miqdorida fitr zakoti chiqariladi. Mazkur narsalardan jon boshidan 4 kilogramu 288 gramm miqdorida berish kerak.

Fitr sadaqasini mazhabimizda yuqoridagi mahsulotlarning bozordagi qiymati bo`yicha ham berish joiz. Bugungi kunda hatto bu afzal hamdir. Chunki, zamonamizga kelib, boylik va faqirlik tushunchasi ham juda o`zgarib ketdi. Odamlar qadimda bug`doylari bo`lsa, qo`lbola tegirmonlarida yanchib, non qilib kunlarini o`tkazaverganlar. Hayot oson va sodda bo`lgan. Hozir esa nafaqat taomlanish va qorin to`yishi, balki, umuman ko`p narsa uchun pul birlamchi o`rinni egallagan davrda yashayapmiz. Inson faqir va muhtoj bo`lishi ammo uyida eydigan narsasi etarli bo`lishi mumkin.

Faqihlarimiz ham shu narsani hisobga olib, osonchilik va kengchilik paytida fitr sadaqasining qiymatini bergan afzal, ocharchilik va qahatchilik davrida esa egulikda bergan afzal deyganlar.

Shunga ko`ra, bugungi kunda fitr sadaqasining qiymati berilishi afzalroq. Chunki, shunda e`tiyojmand kishi qo`liga tushgan pulni o`zi bilib, o`zi eng zaruriy deb hisoblagan ehtiyojiga sarflaydi.

Yuqorida fitr sadaqasi beriladigan eguliklar borasida hadisi shariflar va sahobalardan naql etilgan narsalar tilga olindi. U ham bo`lsa, bug`doy, arpa, xurmo, mayiz va pishloqdir. Mana shu narsalar musulmon o`lkalarda qadimda asosiy emak turi bo`lgan. Ammo, hozir asosiy emak turlari, ro`zg`or mahsulotlarining turi juda ko`payib ketdi. Misol uchun, bugun uyga ro`zg`or qilsangiz, un, non, yog`, makaron, guruch, mosh, tuxum va boshqa narsalardan xarid qilasiz. Xo`sh, shu narslardan fitr sadaqasi bersa bo`ladimi(?), agar bo`lsa, miqdori qancha bo`ladi(?), degan haqli va o`rinli savol tug`iladi. Bunga javob shuki, nass bilan sobit bo`lmagan ya`ni, hadislarda tilga olinmagan egulik turlaridan hukman bersa bo`ladi. Ya`ni, ularning o`zi emas, balki, qiymati berilishi mumkin. Masalan, makkajo`xori, guruch, mosh, non mahsulotlari kabi narsalardan fitr sadqa chiqarmoqchi bo`lsa, ularning miqdorini pulga chaqib beradi.

Fitr sadaqasining eng oz miqdordagisidan berish joiz. Ya`ni, 2 kilogram 144 gram bug`doyning qiymati nazarda tuilmoqda. Ammo, imkon bo`lsa, xurmo, mayiz va pishloqning bir so` miqdorini pulga o`girib bersalar, nur ustiga nur bo`ladi.

Alisher SULTONXO`JAEV

azon.uzdan olindi

Комментарии