41

Iydi Ramazon odoblari

Hidoyat sari 13.06.2018, 13:45
4353
Iydi Ramazon odoblari

Mana, muborak Ramazon oyi ham nihoyalanib, ko`ngillar intiq kutgan hayit bayrami arafasidamiz. Ramazon hayitida bir necha odob va sunnatlar bor bo`lib, quyida ularni eslab o`tamiz:

  • Agar Ramazonning hayiti bo`lsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar eb olinadi. Chunki, Imom Buxoriy hazratlari Anas raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo eb chiqar ekanlar. Ularni toq holda er ekanlar. Ammo Qurbon hayiti bo`lsa, hech nima emasdan chiqiladi.
  • Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida g`usl qilib olish. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhurdir. G`usl qilish borasida esa Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga alohida g`usl qilishlari rivoyat qilingan.
  • Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarini kiyish. Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisda, Ibn Abbos raziyallohu anhu eslashicha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda ham yo`l-yo`l chopon (burda)larini kiyib chiqqanlar.
  • Ramazon hayitida namozdan oldin «sadaqai fitr»ni ado etish vojibdir. Ushbu fitr sadaqasini namozdan oldin ado qilsa ham joizdir.
  • Hayit namoziga erta borish. Ya`ni masjidga erta borib, hayit namoziga shay turish, xutba va ma`ruzalarga quloq tutish savobli amal hisoblanadi.
  • Hayitga borishda boshqa yo`ldan, qaytishda esa boshqa yo`ldan kelishga harakat qilish. Chunki, Imom Buxoriy rivoyatlariga ko`ra, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday bo`lgan. Buni Abu Dovud va Ibn Mojjalar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Zotan, boshqa-boshqa yo`llardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga ko`payishi, musulmonlarni ko`rib-so`rashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning ko`payishi hollari yuz beradi.
  • Masjidga piyoda borish. Imom Ahmad va Imom Buxoriylar Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladilar: “Hayitga piyoda chiqishlik sunnatdandir”, deganlar.
  • Namoz o`qiladigan joyda nafl o`qimaslik kerak. Chunki, Buxoriy va Muslimlar Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga chiqqanlarida namozdan avval ham, keyin ham namoz o`qimasdilar.
  • Yor-do`stlarni hayit bilan muborakbod etish. Insonlarning bir-birlari bilan ko`rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko`ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma`nosida o`qiladigan muayyan duo bo`lmasa ham, «Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin» ma`nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
  • Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish. Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta`kidlab eslatib qo`yilgan. Bu ham dinimizning go`zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg`alar ham ulashiladigan bo`lsa o`zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo`ladi.
  • Bolalarni xursand qilish. Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e`tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg`alar ulashish, hayvonot bog`lariga yoki o`yingohlarga olib borib o`ynatib kelish maqsadga muvofiq bo`ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.

Barchamizga Iydi Ramazon muborak bo`lsin!

Toshkent islom instituti katta o`qituvchisi

Faxriddin Mamanosirov

muslim.uzdan olindi

Комментарии