42

O`zbekiston musulmonlari idorasi o`zini o`zi qasddan o`ldirishning og`ir gunohligi haqida fatvo e`lon qildi

Hidoyat sari 11.11.2018, 09:35
8322
O`zbekiston musulmonlari idorasi o`zini o`zi qasddan o`ldirishning og`ir gunohligi haqida fatvo e`lon qildi

O`zbekiston musulmonlari idorasi saytida «O`zini-o`zi turli yo`llar bilan qasddan o`ldirishning og`ir gunohligi haqida fatvo» e`lon qilindi.

Fatvodaa, «Alloh taologa shukrki, biz — musulmonlar inson uchun hamma hayot sharoitlari to`liq muhayyo qilingan farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovni haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o`zini-o`zi o`ldirishga hech qanday sabab yo`q», - deya alohida ta`kidlangan.

Shunga qaramay, «afsuslar bo`lsinki, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar, ayniqsa, xotin-qizlar bilib-bilmay o`zlarining jonlariga qasd qilish orqali... og`ir gunohga qo`l urmoqdalar». Fatvoda qayd etilishicha, «avtoulovning tezligini haddan oshirib haydash, yoki tamaki va giyohvandlik moddalarini iste`mol qilishga mukkasidan ketish oqibatida inson o`z hayotiga zomin bo`lishi ham o`z joniga qasd qilgan bilan barobardir».

«Inson qilgan gunohlariga sidqidildan tavba qilsa, Alloh taolo uni mag`firat qiladi. Ammo, insonning o`z joniga qasd qilish holatida, agar uning bu xatti-harakati amalga oshsa, unga bu gunohdan tavba qilishning imkoni bo`lmaydi. Shuning uchun o`z joniga qasd qilish insonga nisbatan shayton vasvasasining eng avj nuqtasi va shaytonning bir inson ustidan g`alabasi hisoblanadi».

Hadislarda Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o`zini o`ldirgan odamga janoza namozi o`qimaganliklari aytilgan. Jobir bin Samuradan rivoyat qilinadi: «Bir kishi o`zini o`ldirib qo`ydi, Payg`ambar sallallohu alayhi vasallam unga janoza namozi o`qimadilar» (Imom Termiziy rivoyati). Imom Nasaiyning rivoyatlarida Rasululloh sallalohu alayhi vasallam: «Men unga janoza namozi o`qimayman», — deganlar.

Shunga ko`ra ba`zi ulamolar, o`zini o`zi o`ldirgan kishiga imom janoza namozi o`qimaydi, balki, mayyitning yaqinlaridan biri o`qiydi, deganlar. Buning sababi, odamlar o`z joniga qasd qilishning oqibati yomon bo`lishi, hatto unga katta jamoat bo`lib, imom boshchiligida namoz o`qilmasligini bilsinlar va bunday gunohi azimga qo`l urishdan qo`rqsinlar, degan ma`no bor.

Fatvoda barcha imom-xatiblarga shunday ko`rsatma berilgan: «Barcha imom-xatiblar inson o`zini-o`zi o`ldirishni yoki o`ziga o`t qo`yishi katta gunoh ekanligini musulmonlarga oyat va hadislar bilan isbotlab tushuntirishlari lozim... Shu bilan birga imom-xatiblardan o`zini-o`zi o`ldirganlarga janoza namozi o`qishdan bosh tortishlari, uylariga duoyi fotihaga, ma`raka marosimlariga bormasliklari talab etiladi. Balki, shunday holat yuz berganda janozani mayyitning uyida yaqinlaridan biri o`qishlarini tushuntirishlari lozim bo`ladi».

O`zbekiston musulmonlari diniy idorasi fatvosida qayd etilishicha, ruhiy kasalliklar tufayli o`z joniga qasd qilganlar bundan mustasno. «Zero, aql-hushi joyida bo`lganlargina mukallaf hisoblanadilar. Ya`ni, shariat ko`rsatmalarini bajarishga va taqiqlaridan saqlanishga buyurilgan bo`ladilar. Ammo, ruhiy kasalligi bor kishi o`zining hech qanday tasarrufidan mas`ul bo`lmaydi.

Комментарии