Долзарб мавзулар Foto

QASD

Бўлимлар: Mutolaa
Теглар:
Добавлено: 17.03.2019, 19:57



Samal Neknom
QASD

Mikoyilni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga kelini va o`g`li olib kelgandi. Ichkari kirganlarida, hakimga uning o`zini o`ldirmoqchi ekanin aytishdi. Mikoyil esa “endi fikrimdan qaytdim, uyga ketmoqchiman” degandi.
Hamshira o`z ishlarini bitirib, Mikoyilga qarata:
Siz bosh hakim bilan gaplashib ko`ring, — dedi. — Hakim sizni tekshirmay turib, uyga ruxsat berolmaymiz.
Hakim hamshiradan yangi bemorning istagi haqida eshitib, biroz bosh qashlab turdi:
— Besh o`n daqiqa kutib tursin, o`zim tekshirib ko`raman.
Bemor nega buncha uyiga oshiqmasa? Balki chala qolgan ishini bitirmoqchidir? Yo`q, agar o`zini o`ldirmoqchi bo`lsa, shu erda ham bir balo qilishi mumkin. Shu sababli hakim qo`lidagi ishini chala qoldirib, bemor yotgan xonaga oshiqdi.
Hakim xasta yotgan xonaga kirganida, yana ikki kishining uning tepasida o`tirganini ko`rdi. Ulardan biri bemorning o`g`li, narigisi esa, kelini ekan.
— Mumkin bo`lsa bemor bilan xoli gaplashsam, — dedi hakim va qo`lidagi jurnalga tekildi:
— Mikoyil... – dedi o`ziga-o`zi gapirgandek. Bemorning kipriklari pirpiratdi. Hakimning qarashlari, elkasiga tushgan oq sochlari Mikoyilning diqqatini tortdi: tajribali hakimga o`xshaydi. Buning qo`lidan qutulish oson kechmaydi. Demak, bu kechani ruhiy kasalliklar shifoxonasida o`tkazishgi tayin. Oxir xo`rsinib boshini quyi soldi.
— Xo`sh, Mikoyil og`a, bu erga nima uchun keldingiz? – so`radi hakim boshini jurnaldan ko`tarib.
— Men kelmadim, o`g`lim bilan kelinim olib kelishdi, — erdan ko`z uzmadi Mikoyil.
— Nima bo`lgandi o`zi? Nimaga o`zingizni o`ldirmoqchi bo`ldingiz?
— Ayolimning vafotidan keyin dunyo ko`zimga tor ko`rinib ketyapti. Yashashga kuchim etmayapti, charchadim, bu hayotda men uchun qiziqarli narsani o`zi qolmadi. So`nggi paytlarda yana ancha-mugncha ishlar bo`ldi. Toqatim qolmadi. Nihoyat o`zimni osishga qaror qildim.
— Haliyam shu fikrdamisiz yo qaytdingizmi?
Mikoyil bir daqiqa jim qoldi.
***
— Ikki marta qat`iy qarorga kelgandim. Har ikkovida ham ip uzilib ketdi. Uchinchi martasiga itning ipini qo`limga oldim. It buni ko`rishi bilan “sohibim meni dalaga olib chiqmoqchi shekilli” deb dumini likillatgancha ortimdan ergashdi. Dala chetidagi eski og`ilxonaga kirib, shiftga ipni bog`lamoqchi bo`ldim. It mendan ko`zini uzmay turardi. “O`zimni o`ldirsam, bu jonivor nima qilarkin?” degan xayolga bordim. Lekin yashagim ham kelmasdi. Yana itimning bo`ynidan quchdim. Ho`ng-ho`ng yig`ladim. “Meni kechir, yashagim kelmayapti” deb shiftga qaradim. Atayin qilingandek, shiftdan temir ilgak turtib chiqqandi. Bir payt qarasam, oyog`im ostida turgan ip ham, it ham yo`q. Besh-olti daqiqadan keyin qaytib keldi. Lekin og`zida ip yo`q edi. Xuddi shu payt kelinim qo`ng`iroq qilib qoldi. “Ota, kechki ovqatni biz bilan birga qilsangiz?”
O`g`limnikiga yo`l oldim. It ham ortimdan ergashdi. Bir paytlar uni to bo`ynidan bog`lab qo`ymasa, daydib allaqaayoqlarga ketib qolar, bir-ikki kunlab yo`qolib ketardi. Hozir esa...ilgarigidek o`ynoqiligi qolmagan, boshini quyi solgancha qadam-baqadam meni ta`qib etardi.
Kelinim tavoze bilan qarshi oldi. O`g`lim ham uyda ekan. Avval menga, keyin orqamda turgan itga qaradi.
Biz ichkari kirdik. It ostonada uzangancha mendan ko`z uzmasdi. Har har zamonda nimanidir eslatmoqchidek bir g`ingshib qo`yardi. Jimgina ovqatlandik. O`g`lim qarshimda o`tirgancha meni zimdan kuzatardi:
— Ota, sizga nima bo`ldi? – so`radi ko`zlarini mendan uzmay.
O`zimni tutolmay yig`lab yubordim. Kelinim suv olib keldi. Ikkolvshib meni tinchlantirgan bo`lishdi.
— Gapirsangiz-chi? – dedi o`g`lim.
Hammasini – keyingi kunlardagi mahzun kayfiyatimni, ikki marta o`zimni osganim va ip uzilib ketganini, uchinchisida it ipni opqochib ketganini aytib berdim. It ham xuddi shuni kutib turgandek o`rnidan turib, tashqariga otildi. Ikkovi meni jim o`tirib eshitishdi. Keyin o`rnidan turib, menga yaqinlashdi.

— Ota, sizni bir do`xtirga ko`rsatmasam bo`lmaydi.
— Yo`q o`g`lim, ketmayman, - dedim yosh boladek tirg`alib. – Boshqa bunday qilmayman.
— Ota, baribir borishingiz kerak, do`xtirlar sizni bir ko`rib qo`yishadi. Darrov qaytamiz.
O`g`lim darhol shifoxonaga qo`ng`iroq qildi. Zum o`tmay eshik og`zida turgan ikki baquvvat tibbiyot xodimini ko`rib, bo`ysunishdan boshqa chora topmadim...
***
Hakim Mikoyilning gaplarini bo`lmasdan eshitdi.
— O`g`lingiz va keliningiz to`g`ri aytishibdi, - dedi bemorni yana bir bor ko`zdan kechirarkan. – Siz davolanishingiz kerak. Kamida bir yil bizning nazoratimizda bo`lasiz. Uyga ketganingizdan keyin ham tez-tez yo`qlab turamiz. Nasib qilsa oyoqqa turib ketasiz.
— Endi uyga ketaversam maylimi? – so`radi Mikoyil.
— Shu erda qolganingiz ma`qul edi. Nega buncha uyga shoshilmasangiz?
— Bolalarimni xavotirga qo`ydim. Keyin itim ham... Unga kim qarayapti, bilmadim. Mening tirik ekanimni ko`rsin.
Hakim yana bir bor bemorni nazardan o`tkazib, ishnch bilan bosh irg`adi.
— Mayli, faqat ertaga soat 11 da shu erda bo`lishingiz shart.
Bemor xursand bo`lib, tekshiruv xonasidan chiqdi. Bemorning o`g`li va kelini uni koridorda kutib turishardi. Ular savol alomati qorishiq nigohlarini hakimga qadashdi.
— Xavotir olmanglar, otangizning ruhiy ahvoli yaxshi. Ertaga olib kelasizlar.
Mikoyil o`z uyiga shoshilardi. U itini ko`rishni istardi. Jonivor o`g`lining darvoza olida uzanib yotgan ekan. Uni ergashtirib o`z uyiga yo`l oldi. Karavotga cho`zilishi bilan taxtadek qotdi.
Ertalab uyg`onganida it boshining ustida turardi. Itning bo`ynidan quchoqlab yig`ladi.
— Bo`ldi jonivor, endi bunaqa bema`nilik qilmayman, — dedi uning paxmoq junlarini siypalab.
It shu zahoti ortiga burildi. Mikoyilning chaqirig`iga ham quloq osmay ko`chaga otildi. Birozdan so`ng yana paydo bo`ldi. Og`zida o`zining eski, pishiq arqonini tishlab turardi....

R.Jabborov tarjimasi.

*****

Samad Neknom 1963 yilda Eron Islom Respublikasining Ardabil viloyatida tug`ilgan. 1994 yilda Bokudagi Ozarboyjon tibbiyot universititeti, 2011 yilda Shvesiyadagi Linkoipng tibbiyot universitetini psixiatriya yo`lanishi bo`yicha tamomlagan. Uzoq yillardan beri tibbiy faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shug`ullanib keladi. Bir qator kitoblari chop etilgan. Ayni paytda Shvesiyada istiqomat qiladi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Mutolaa

SUG'DIYONA