Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o`tkazilayotgan paralimpiya dzyudosi bo`yicha Gran-pri turnirining birinchi kunida vakillarimiz 2 ta oltin va 3 ta bronza medalini qo`lga kiritishgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur musobaqa Tokio 2020 Paralimpiya o`yinlari reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ham ahamiyatlidir.
Bugun, 14 may kuni 90 kg, -100 kg, +100 kg, -63 kg -70 kg vazn toifasidagi dzyudochilar tatamiga chiqishdi. Gran-pri musobaqasining so`ngi kunida paradzyudochilarimiz yana 3 ta (2 ta oltin va 1 ta bronza) medalni qo`lga kiritishdi.
Navbatdagi oltinni jamoamizda +100 kg vazndagi Shirin Sharipova taqdim etdi. Dastlab Jazoir va Ozarbayjon vakillaridan ustun kelgan yutdoshimiz finalda eronlik Xerollazadeni mag`lub etib, birinchi o`rinni egalladi.
To`rtinchi oltinni esa Nafisa Sheripboeva (-63 kg) qo`lga kiritdi.
Dastlabki uchrashuvlarda xitoylik va shvetsiyalik dzyudochilarni dog`da qoldirgan Nafisa finalda Rossiya vakilasi Olga Pozdnishevni mag`lub eta oldi.
Yana bir yurtdoshimiz -63 kg vazn toifasidagi Vasila Aliboeva uchinchi o`rinni egalladi. U bronza uchun kechgan bahslarda Ozarbayjonlik Zulfiya Xusenovani mag`lub etdi.
Shunday qilib, o`zbekistonlik sportchilar ushbu musobaqada 4 ta oltin va 4 ta bronza medalni qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallashdi. Keyingi o`rinlarni esa Ozarbayjon (3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza) va Ukraina (1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza) davlatlari jamoalari egallashdi.