AsosiyJamiyat

Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshidagi klinikada yiliga 1,5 mingdan ortiq bemorlarga tibbiy yordam ko`rsatilmoqda

1 dekabr – Xalqaro OITSga qarshi kurashish kuni. Mamlakatimizda ushbu kasallikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2013 yilda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi, deya xabar beradi uz24.uz nashri.

OIV infeksiyasi profilaktikasi, tashxisi va davolash bo`yicha tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 2013 — 2017 yillarga mo`ljallangan Strategik dastur amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur aholi, ayniqsa, yoshlar orasida epidemik vaziyatni muqobillashtirish, uning ijtimoiy zararlarini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzi asoslari, zararli odatlarning oqibatlari, OIV infeksiyasi va uning profilaktikasi bo`yicha xabardorligini oshirish yuzasidan ommaviy tadbirlar o`tkazilishi yo`lga qo`yildi.

Bugungi kunda Buxoro, Farg`ona, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahri OITSga qarshi kurash markazlari uchun yangi binolar qurildi, qolgan barcha OITSga qarshi kurash markazlarining binolari kapital ta`mirlandi. Bu tadbirlar uchun davlat byudjetidan 13 mlrd. so`m sarflandi.

14 ta hududiy OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyalariga umumiy qiymati 7,5 mln. AQSh dollariga teng bo`lgan yuqori texnologiyali PZR jihozlari, sitoflyuorimetrlar va boshqa (21 nomdagi) laboratoriya jihozlari keltirildi.

Bemorlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatilishini yaxshilash borasida Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshida 60 o`ringa mo`ljallangan klinika ishga tushirildi. Bu binoni rekonstruksiya qilish uchun Global jamg`arma hisobidan 1,2 mln. AQSh dollari sarflandi. Ayni paytda bu erda OIV infeksiyasining og`ir asoratlari bo`lgan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatish uchun klinikaga Jahon banki loyihalari hisobidan qiymati 300 ming AQSh dollariga teng zamonaviy tibbiy uskunalar o`rnatildi. Klinikada yiliga 1,5 mingdan ortiq bemorlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar