Prezident Shavkat Mirziyoev o`tgan yili 1 iyun kuni Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron ko`chalari kesishmasida transport bog`lamasi qurish loyihasini ma`qullagan edi. Bugun bu erdagi ishlar yakuniy bosqichga kirdi.
Mazkur transport bog`lamasi muhandislik echimiga ko`ra noyob bo`lib, uch qavatdan iborat. Ohangaron shossesi bo`ylab umumiy uzunligi 502 metr tunnel, Maxtumquli ko`chasi bo`ylab 411 metrlik estakada, chorrahaning halqa qismida har biri 29 metrlik ikkita yo`l o`tkazgich qurilmoqda.
Bu yo`l va ko`priklar transportlarning to`xtovsiz harakatlanishini ta`minlab, tirbandlikni bartaraf etadi. Uni joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Shu erda Toshkent er usti halqa metro liniyasi qurilishi bo`yicha ham ma`lumot berildi. Umumiy uzunligi 52 kilometrdan ziyod bo`lgan mazkur yo`l besh bosqichda quriladi. Bugungi kunda «Do`stlik» metrosidan Qo`yliq bozorigacha bo`lgan yo`nalish barpo etilmoqda.
- Shahar aholisining ko`p qismi va poytaxtimizga kelganlar jamoat transportidan foydalanadi. Lekin hozircha to`la qulaylik ta`minlanmagan. Odamlarning noroziligi shundan. Mana, qancha uylar qurilyapti, shahar rivojlanyapti, yana rivojlanadi. Shularni inobatga olib, shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari ushbu er usti liniyasini Toshkent metropoliteni va avtobuslar yo`nalishlari bilan oqilona inegrasiyalash, yuklamadan kelib chiqib aholiga qulayliklarni oshirib borish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.