Qirg`izistonda sobiq prezident Almazbek Atambaev bilan bog`liq vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Chorshanba kuni kechqurun maxsus xizmat kuchlari Qirg`izistonning sobiq davlat rahbari Almazbek Atambaevni qo`lga olish bo`yicha amaliyot o`tkazdi. Biroq Atambaev tarafdorlari bunga keskin qarshilik ko`rsatdi.
Tomonlar o`rtasida kelib chiqqan to`qnashuvda 52 kishi yaralandi va bir nafar maxsus xizmat kuchlari vakili halok bo`ldi. Atamboev ro`y bergan voqealarda javobgarlik amaldagi hukumat zimmasida ekanligini ta`kidlamoqda. Sooronbay Jeenbekov esa Atambaevni Konstitusiyani buzganlikda ayblamoqda.
Eslatib o`tamiz, sobiq prezident korrupsiyada ayblanmoqda. Iyun oyida mamlakat parlamenti Atambaevga qarshi bir qator ayblovlarni prokuraturaga topshirgan edi. Shundan so`ng deputatlar sobiq prezidentni daxlsizlik huquqidan mahrum etish bo`yicha ovoz berdi. Polisiya Atamboevni bir necha marotaba so`roq qilish uchun chaqirtirgan, biroq uning o`zi bu harakatlarninng barchasini siyosiy ta`qib, deb atab tergovga bormagan. Mamlakatda vaziyatning keskinlashuvi ortidan Qirg`iziston parlamentining favqulodda yig`ilishi bo`lib o`tdi. Almazbek Atambaev 8 avgust kuni o`zining Qo`y-Toshdagi qishlog`ida joylashgan uyida qo`lga olindi.
Qirg`iziston sobiq prezidenti sud qaroriga ko`ra, 26 avgustga qadar hibsga olindi. Bu haqda Atambaevning advokati Sergey Slesarev ma`lum qilgan. «Sud qaroriga ko`ra Atambaev 26 avgustga qadar hibsga olindi», — deydi advokat. Uning so`zlariga ko`ra, sud qarori Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi binosida Pervomaysk tuman sudining sudyasi tomonidan qabul qilingan. «Sudya tergov ishlari olib borilguniga qadar Atambaevni hisbga olish bo`yicha hukm chiqardi», — deydi Slesarev.
Ta`kidlanishicha, sobiq prezidentni qo`lga olish vaqtida bir qator prosessual normalar buzilgan. «Himoyam ostidagi odamni qo`lga olish bo`yicha hech qanday hujjat taqdim etilmagan, uni ogohlantirishgan va tezda qo`lga olish bo`yicha chora ko`rilgan», — deydi advokat.