AsosiyJamiyat

Xalqaro armiya o`yinlarida munosib ishtirok etgan o`zbekistonlik harbiylar tantana bilan kutib olindi

'Xalqaro armiya o`yinlarida munosib ishtirok etgan o`zbekistonlik harbiylar tantana bilan kutib olindi'ning rasmi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida "ArMI – 2019" musobaqalarining Qozog`iston Respublikasida o`tkazilgan bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiylarimizni tantanali kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.

"Artilleriya olovi ustalari" bellashuvlarida o`zbekistonlik harbiylar o`tgan yilgi muvaffaqiyatli ishtirok tasodifiy emasligini isbotlashdi. 12 davlat vakillari qatnashgan musobaqada artilleriyachilarimiz faxrli 3-o`rinni egallab qaytdilar. Bundan tashqari vakillarimizning individual mahorati har tomonlama raqib jamoalari a`zolari tomonidan e`tirof etilgani e`tiborga molikdir.

– Musobaqada umumjamoa hisobida sovrinli o`rinni qo`lga kiritishimizdan tashqari yigitlarimiz o`zlarini har tomonlama ko`rsatganligini ta`kidlamoqchiman, – deydi serjant Farrux Odilov. – Shaxsan o`zim "Eng yaxshi mexanik-haydovchi" nominasiyasi g`olibi sifatida taqdirlandim. Bundan tashqari shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar Shuhrat Abdujabborov (texnik tayyorgarlik), Furqat Qurbonov (eng yaxshi granatamyotchi) va Shahzod Yaxshiboev (Eng yaxshi mergan) o`z nominasiyalari bo`yicha musobaqa tashkilotchilarining e`tiborini qozonishdi. Ketma-ket ikkinchi yil sovrindorlar qatoriga kirib, mustaqilligimizning 28 yilligi oldidan yurtimizga yorug` yuz bilan kirib kelganimizdan mamnunmiz.

Tantanali kutib olish marosimidan so`ng Qurolli Kuchlar davlat muzeyida harbiylarimiz, ularning yaqin qarindoshlari, faxriylar hamda Mudofaa vazirligi mas`ullari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Yig`ilganlar musobaqa qatnashchilarini erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. Yig`ilish yakunida artilleriya qo`shinlari qo`mondoni erishilgan yutuqda o`zining munosib hissasini qo`shgan barcha harbiylarga tashakkur bildirdi.

Shuningdek, bugun 17 avgust kuni, Eronda o`tkazilgan “Yo`l patruli” xalqaro tanlovi ham uchinchi o`rinni qo`lga kiritgan hamyurtlarimiz O`zbekistonga etib keldi.

“Yo`l patruli” ishtirokchilari xalqaro armiya o`yinlari davomida ekstremal sharoitlarda avtomobil yordamida turli murakkab shartlarni bajarish, belgilangan marshrut bo`yicha individual poyga, qo`l va jezl yordamida yo`l harakatini tartibga solish, g`ildiraklarni almashtirish, harbiy-texnik estafeta (jamoaviy poyga) shartlari bo`yicha bellashdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar