41

Jannat Ismailova: “Aynan O`zbekiston muzeylarining chop etilgan kataloglari butun jahonga tarqaladi”

Madaniyat 22.08.2019, 19:18
345
Jannat Ismailova:  “Aynan O`zbekiston muzeylarining chop etilgan kataloglari butun jahonga tarqaladi”

Bugun Toshkentda 26 avgust kuni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda YuNESKO shafeligida dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan 200 dan ortiq olimlar ishtirokida o`tadigan "Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi" mavzusidagi xalqaro konferensiya arafasida O`zbekistonda o`z ko`lamiga ko`ra ancha yirik madaniy voqea – mamlakatimizning Toshkent, Termiz, Buxorova Samarqand shaharlarini qamrab oladigan “O`zbekiston - buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar" mavzusida madaniy meros haftaligi start olgani haqida xabar qilgandik.

15 dan ortiq tadbirni o`z ichiga olgan mazkur haftalik doirasida bugun Toshkentda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib etish bo`yicha Butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi ish boshladi. Kongressda O`zbekiston madaniy merosining dunyo to`plamlarida saqlanayotgan merosiga bag`ishlangan yangi 20 jild kitob-albom taqdimoti o`tkazildi. Mazkur kitoblarni yaratishda O`zbekiston, Fransiya, Buyuk Britaniya, Polsha, Chexiya, Yaponiya singari davlatlardan etakchi mutaxassislar taklif qilingan.

Jannat Ismoilova, O`zbekiston tarix muzeyi direktori:

  • Albatta bu meros haftalikka bejizga “O`zbekiston buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasida: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” deb nom qo`yilmagan. Chunki O`zbekiston asrlar davomida ming yilliklar davomida jahon sivilizasiyasi taraqqiyotiga o`zining katta hissasini qo`shgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bugun biz yuzlab muzeylarni yoki bo`lmasa, kutubxonalarning rahbarlari, ilmiy xodimlari ma`ruzalarini tingladik.

Bir tomondan mana shu ma`ruzalarni eshitganingizda yuragingiz bir hapqirib ketadi: mana bu bizning ajdodlarimiz merosi. Ikkinchi tomondan ular o`zimizning muzeylarimizda bo`lganida edi, degan savolni o`zimizga berib qo`yamiz. Lekin asosiysi bu emas. Asosiysi, bizning madaniy-moddiy merosimizdan butun dunyo foydalanayapti. Va mana shu manaman degan muzeylarda ham bizning asori-atiqalarimiz namoyish qilinayapti. Bugungi tadbirimizning yana bir asosiy xususiyati, nafaqat jahon muzeylarida, balki o`zimizning O`zbekistondagi muzeylarda ham saqlanayotgan asori-atiqalariga bag`ishlangan alohida kitoblar chop etildi. Xususan O`zbekiston tarixi davlat muzeyini ham fonlarida saqlanayotgan eng noyob meroslarimiz, arxeologiya, numizmatika, etnografiya bo`limlaridagi noyob asori-atiqalarimiz ikkita kitobdan o`rin oldi.

Biz o`ylaymizki, aynan O`zbekiston muzeylarining chop etilgan kataloglari hozir butun jahonga tarqaladi va shu bilan birga nafaqat O`zbekistonda, balki butun jahonda yana o`zbek xalqining madaniyati, tarixi aynan mana shu kataloglar orqali targ`ibot-tashviqot etiladi. Bizning chop etilgan birinchi kitobimiz bu arxeologiya va numizmatika fondiga bag`ishlanadi.

O`zbekiston hududida asrlar davomida bunyod etilgan, shakllangan va dunyoda yagona hisoblanadigan budda monumental haykal majmuasi bor. Ushbu haykal majmuasi dunyoda yagona. U birinchi-ikkinchi asrlarga taalluqli. Lekin bu aynan O`zbekistonning janubiy qismidan, ya`ni Fayoztepadan topilgan. Yoki bo`lmasa, aynan shu Fayoztepadan topilgan devoriy suratlar – bularning hammasi O`zbekiston davlat tarixi Muzeyida namoyish etiladi. Bizda yana bir juda chiroyli eksponat bor: u miloddan avvalgi 2 ming yillik tarixga ega bo`lgan toshdan yasalgan, ilon rasmi tushirilgan topilma. U ham alohida o`z tarixga ega. Ushbu ilonlar tasviri tushirilgan toshdan ishlangan eksponat ham dunyoda yagona hisoblanadi. Bunday ashyolar haqida yana juda ko`p gapirish mumkin, biz o`ylaymizki, mana shu kitobdan ular haqida bemalol ma`lumot olish mumkin.

O`tgan yili Rossiya muzeylarida bo`ldik, masalan, Ermitajda bemalol oylab o`tirish mumkin. Rossiya kutubxonasida esa bemalol bir yil davomida o`tirish mumkin. Bilasizmi, sababi nima? Sababi bizning tariximizga oid bo`lgan materiallar son-sanoqsiz. U erda minglab topiladi. Hozirda O`zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy meros ob`ektlarini o`rganish bo`yicha markaz tashkil etildi. Ushbu markaz judayam yaxshi ish olib borayapti. Lekin men o`ylaymanki, biz hammamiz birgalikda ushbu ishga bosh qo`shishimiz kerak. O`zbekistonning madaniy merosi dunyo muzeylarida, dunyo kutubxonalarida shunchalik ko`pki, umumiy bir reestri, ro`yxatini tuzib, o`zimizning xalqimizga, o`sib kelayotgan yosh avlodga etkazishimiz lozim. Va aynan prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan ushbu ishda ushbu haftalikning, olimlarning va shu bilan birgalikda xorijlik olimlarining ham hissasi katta, deb o`ylayman.

Комментарии