AsosiyDunyo

Emlashning xavfli ekanligi to`g`risidagi yolg`on ma`lumotlar tarqalmoqda (Video)

'Emlashning xavfli ekanligi to`g`risidagi yolg`on ma`lumotlar tarqalmoqda (Video)'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vaksinasiya to`g`risida yolg`on xabarlarning tarqalishi insoniyat salomatligiga xavf solayotgan asosiy omillardan biri ekanligini ma`lum qildi. Bu haqda Evronyus nashri xabar berdi.

Belgiya poytaxti Bryusselda vaksinasiya muammolariga bag`ishlangan xalqaro sammit o`z ishini boshladi. Unda turli davlatlardan 400 ga yaqin vakillar ishtirok etishmoqda. Emlash aholi salomatligini himoya qilishning eng muvaffaqiyatli chorasidir. Emlashning keng tarqalishi ko`plab kasalliklarni yo`q qilishga imkon berdi. Aynan keng ko`lamli vaksinasiya yo`li bilan Evropa poliomielitdan xalos bo`ldi. Hisob-kitoblarga ko`ra, har yili emlash dunyo bo`ylab 2,5 million kishini o`limdan qutqaradi va kassalliklarni davolash bilan bog`liq bo`lgan xarajatlarni kamaytiradi.

Biroq so`nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar va turli axborot resurslarida emlashning xavfli ekanligi to`g`risidagi yolg`on ma`lumotlarning tarqalishi natijasida aholining vaksinasiyaga bo`lgan ishonchi pasaymoqda. Buning natijasi o`laroq esa qizamiq kasalligining ommaviy tarqalishini ko`rish mumkin. Aynan emlashga qarshi kayfiyatning kuchayishi natijasida 2018 yili Evropada qizamiqqa chalinganlar soni so`nggi o`n yildagi eng rekord natijaga borib etdi. Xalqaro sammitning asosiy maqsadi vaksinasiya yordamida oldini olish mumkin bo`lgan kasalliklarga qarshi global kurashishga yangi impuls berishdan iboratdir.


Boshqa yangiliklar