42

Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmaydi

Jamiyat 14.09.2019, 14:44
486
Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmaydi

Bugun Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi.

Majlisda to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga oid masala ko`rib chiqildi.

“To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlarni o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Nizom muhokama etildi. Ushbu masala bo`yicha Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo`shma qarori qabul qilindi.

Ma`lumki, ushbu hujjat avval ishlab chiqilgan, lekin u namunaviy xarakterdagi hujjat sifatida qabul qilingan edi.

Biroq, oilaviy tantana va marosimlarda tavsiyalarga rioya etmaslik, dabdababozlikka yo`l qo`yish ko`paygani sababli Nizomni qat`iy hujjat sifatida joriy etish maqsadga muvofiq, deb topildi.

Nizomda marosimlarni o`tkazish vaqti, mehmonlar soni kabi jihatlar bilan birga marosimlar bilan bog`liq xizmat ko`rsatish sohasi ham tartibga solingan.

To`yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o`tkazish bo`yicha talablar qo`yilgan. Endilikda to`yxona, kafe va restoranlarda oilaviy tadbirlarni o`tkazishda oilaviy tadbir ishtirokchilari soniga, ularni o`tkazish vaqtiga qat`iy rioya etiladi.

Oilaviy tadbirlarni o`tkazishga mo`ljallangan to`yxonaning infratuzilmasi (ehtiyot chiqish yo`llari, kuzatuv kameralari, avtotransport vositalarini saqlash joylari va hokazolar) lozim darajada bo`lishi, atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik zarur.

Konsert-tomosha vaqtida ovoz kuchlarining miqdorini 70 dsbdan oshirmasligi, oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablari darajasida bo`lishi hamda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etishi lozim.

To`yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o`tkazish uchun tadbir o`tkazuvchi shaxs hamda to`yxona, kafe va restoran rahbari o`rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish va xizmat turi, to`lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablar ko`rsatiladi.

Oilaviy tadbirlarda san`atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so`z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko`rsatadi.

Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmaydi.

Bunday choralarning bundan buyon majburiy xarakter kasb etishi yurtdoshlarimizning boshqalar oldida uyalib qolmaslik uchun majburan ortiqcha xarajat qilishi kabi holatlarga chek qo`yadi. To`y qilish bahonasida o`zini ko`z-ko`z qilishga intilayotgan, minglab odamlarni, o`nlab qo`shiqchilarni chaqirib ortiqcha dabdabaga yo`l qo`yayotganlarni tartibga solishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jamiyat muhitini sog`lomlashtiradi, yurtdoshlarimizning boshqa muhim maqsadlarini amalga oshirish, turli sohalarda yutuqlarga erishishiga yo`l ochadi.

Комментарии