42

Qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan Strategiyasi loyihasi muhokama etildi

Jamiyat 15.09.2019, 13:31
252
Qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan Strategiyasi loyihasi muhokama etildi

Agrosanoat majmui iqtisodiyotida davlatning roli, paxta va g`alla etishtirish bo`yicha davlat buyurtmasi amaliyotidan voz kechish, shuningdek, viloyat hokimlari va joylardagi davlat idoralarining erdan foydalanish borasidagi mavjud vakolatlari qayta ko`rib chiqiladi. Lekin bular 2020-2030 yillarda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligini rivojlantirish Strategiyasida belgilangan aniq o`zgarishlarning to`liq ro`yxati emas. O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan Strategiyani ishlab chiqishda Jahon banki, Evropa Ittifoqi delegasiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlari ekspertlari, shuningdek respublikaning manfaatdor vazirliklari mutaxassislari ishtirok etdi. Bu haqda Qishloq xo`jalik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2020-2030 yillarda qishloq xo`jaligini rivojlantirish Strategiyasida qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 9 ta ustuvor yo`nalishi belgilab berildi:

Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, qulay agrobiznes muhitini va qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish, soha boshqaruvida davlat ishtirokini kamaytirish va investision jozibadorlikni oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta`minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, Davlat boshqaruvining zamonaviy tizimlarini rivojlantirsh, tarmoqni qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich diversifikasiya qilish, qishloq xo`jaligi ilm-fan, ta`lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish, qishloq hududlarini rivojlantirish, tarmoq statistikasi va ma`lumotlar yig`ishning shaffof tizimlarini ishlab chiqish.

IMG_7215.JPG

«Qishloq xo`jligini rivojlantirishdan manfaatdor bo`lgan, ushbu yo`nalishda o`z tajribasiga ega bo`lgan barchani Strategiyani muhokama qilish va kelgusida qayta ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chaqiramiz, – deydi Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev. – Hujjat dehqonlardan boshlab faoliyati eksportga yo`naltirilgan yirik korxonalarni, sohaning barcha ishtirokchilarini hozirgi kunda o`ylantirayotgan ko`plab dolzarb masalalarni qamrab olgan. Biz Strategiyada belgilab berilgan islohotlarni amalga oshirish uchun qisqa 10 yil vaqtni oldik, ammo bu o`zgarishlar muhim ahamiyatga ega bo`lishiga va sohani qudratli iqtisodiy va strategik rivojlantirish uchun imkoniyat va istiqbollarni ochishiga aminmiz».

Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirildi.

Fermerlarga mahsulot etishtirish va bozor tanlashda to`liq erkinlik beriladi

Strategiyada paxta va bug`doy etishtirish, hosilni sotish va qayta ishlash jarayonlarini davlat tomonidan nazorat qilishni bosqichma-bosqich kamaytirish, rejalashtirish, shuningdek, qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishining barcha turlarini diversifikasiya qilish ko`zda tutilgan. Moddiy-texnik resurslar, xizmatlar va mahsulotni qayta ishlash sohasidagi strategik ahamiyatga ega bo`lmagan davlat korxonalari xususiylashtirishga beriladi.

- Bir o`ylab ko`ring: barchamizda to`rt million gektarga yaqin qishloq xo`jaligi erlari bor va bu erlar unumdor bo`lib, buzilib ketmasligi va kelajakda mamlakat aholisini ta`minlashi uchun ularni qanday boshqarish kerakligini hal qilishimiz kerak", dedi Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev jurnalistlar bilan uchrashuvda. - «Davlat rahbariyati tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgan Strategiyani ishlab chiquvchilarning asosiy e`tibori fermerlarni, ishlab chiqaruvchilarni va agrosanoat korxonalarini ekinlar va bozorlarni tanlashda to`liq erkinlik bilan ta`minlaydigan sektorni tartibga solishga qaratilgan. Ammo bu o`rinda gap sohada mahsuldorlikning oshishini ta`minlaydigan mexanizmlarni bosqichma-bosqich joriy etishga o`tish haqida bormoqda, chunki uzoq yillar davomida ko`plab fermer xo`jaliklari va infrastruktura to`liq holda muayyan qishloq xo`jaligi ekinlarini etishtirishga yo`naltirilgan, mahsulotlarni sotish bilan esa davlat shug`ullanib kelgan. Ya`ni, yangi sharoitda dehqonlar qishloq xo`jaligiga, erdan foydalanishga va bozor sharoitlariga bo`lgan munosabatlarini to`liq qayta ko`rib chiqishi kerak bo`lgan».

Strategiyada 2021 yildan barcha qishloq xo`jaligi ekinlari uchun bozor narxiga o`tish rejalashtirilgan, shuningdek paxta va bug`doyning davlat xaridlari bekor qilinib, paxta va bug`doy aralashuv fondini saqlab turish uchun faqat klasterlar orqali amalga oshiriladi.

Erdan foydalanishga bo`lgan huquq hokimlar tomonidan belgilanmaydi

Strategiyadan ko`zlangan maqsad sektorni o`zgartirish, sohaga ilg`or texnologiyalarni jadal va samarali joriy etishga ko`maklashish, ishlab chiqarishni jadallashtirish, shuningdek, mamlakat agrar sektorini innovasiyalarning samaradorligi va darajasi bo`yicha etakchi sohalardan biriga aylantirishdir. Shu bilan birga, Strategiya davlat xizmatlarining manbai sifatida davlatning rolini qayta ko`rib chiqishga yo`naltirilgan bo`lib, xususiy fermer va korxonalar global raqobat sharoitida gullab-yashnashi uchun ularni zarur bilim, axborot va manbalardan foydalanishlarini ta`minlash orqali ushbu o`zgarishlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyordir.

IMG_7203.JPG

«Strategiyada erdan foydalanishga bo`lgan huquqdek o`ta muhim mavzu ko`tarilgan, – deydi vazir Jamshid Xodjaev. – Fermerlarda uzoq yillar davomida o`zlariga taqdim etilgan erlardan qancha muddat davomida foydalanishlari mumkinligiga ishonch yo`q edi. Aynan ushbu joyda fermer va dehqonlarda erga nisbatan iste`molchilik munosabati paydo bo`ldi. Erdan foydalanish huquqi bilan bog`liq aksariyat masalalar viloyat hokimligi darajasida hal etib kelingan. Strategiyada qishloq xo`jaligi uchun mo`ljallangan er uchastkalarini ochiq onlayn-auksionlar orqali taqdim etishga qaratilgan shaffof mexanizm taklif etilgan. Shu bilan birga, erdan foydalanish huquqini faqat sud qarori asosida qaytarib olish mumkin bo`ladi hamda ushbu masalaga hokimlarning aralashuviga yo`l qo`yilmaydi. Erdan foydalanishga bo`lgan bunday kafolatlangan huquq odamlarning erga bo`lgan, o`ziga bo`lgan munosabati o`zgarishiga sabab bo`ladi. Bularning barchasi dehqonlar, fermerlar va klasterlarni mahsuldorlikni oshirishga, suv resurslaridan oqilona foydalanishga hamda tuproqning emirilishining oldini olishga turtki beradigan sarmoyalarni jalb etishga undaydi.

Strategiyada "birinchi rad etish" mexanizmini joriy qilish muhimligi haqida so`z yuritilib, unga ko`ra er maydonlari birinchi navbatda qishloq xo`jaligini rivojlantirishdan manfaatdor, etarlicha imkoniyat va tajribaga ega bo`lgan qo`shni er egalariga beriladi. Faqatgina ular rad etgan taqdirda er maydonlari boshqa salohiyatli xaridorlarga onlayn-auksionlar orqali taqdim etiladi. Strategiya doirasida dehqon xo`jaliklariga aniq biznes loyihalarini amalga oshirish uchun er maydonini etarli darajada ko`paytirish ko`zda tutilgan.

«Shuningdek, erdan foydalanish va ijaraga berish huquqini sub-lizing asosida berish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan bo`lib, 2021 yilga kelib qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlarning kadastr qiymatini aniqlash, soliq tizimlarini qayta ko`rib chiqish va ikkilamchi bozorni rivojlantirish va uzoq muddatli ijara huquqlaridan garov sifatida foydalanishni yo`lga qo`yish rejalashtirilgan», – deya qo`shimcha qildi Jamshid Xodjaev.

Davlat qishloq xo`jaligi sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishni moliyalashtiradi

Strategiya doirasida qishloq xo`jaligini rivojlantirishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning yangi vositalarini ishlab chiqish va joriy etish, xususan, qishloq xo`jaligi sohasidagi kichik tarmoqlar mahsuldorligini, er unumdorligini oshirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni jori etish va fanni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishni ko`paytirish rejalashtirilgan.

«Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilarning asosiy manbalardan, masalan, yaxshilangan urug`lik navlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan, mahalliy o`simliklardan ko`p turlarining hosildorligi past va tashqi bozor talablariga etarlicha moslashmagan, – deya ta`kidladi Qishloq xo`jaligi vaziri. – Strategiyaga muvofiq, davlat ta`lim tizimini rivojlantirishga, ilmiy markazlar va institutlarni isloh qilishga hamda modernizasiya qilishga, axborot va maslahat yordamini joriy etish kabi maqsadlarga mablag` ajratishni ko`paytiradi. Xalqaro standartlarga muvofiq Milliy gen bankini yaratish va o`simliklar yaratuvchilarning huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda».

Strategiyada shuningdek, ishonchli statistik ma`lumotlar va bozor axborotlarini to`plash, taqqoslash hamda tarqatish imkonini beradigan raqamli agrooziq-ovqat tizimiga o`tish ham ko`zda tutilgan.

Hosilni sug`urtalash mexanizmlari kuchaytiriladi

Strategiyaning asosiy ahamiyatga ega jihatlaridan biri bog`dorchilikning aniq yo`naltirilgan tarmoqlarini rivojlantirish bo`lib, bu borada O`zbekiston Respublikasi etarli darajada raqobat ustunligiga egadir. Muhim jihatlardan biri – agrosanoat sektori ishtirokchilariga mavjud va yangi ishlab chiqaruvchilar va qishloq xo`jaligi korxonalarining rivojlanishi va gullab-yashnashiga yordam beradigan integrasiyalashgan qo`shimcha qiymat zanjirlarini yaratishda ko`maklashishdir.

«Qo`shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish va qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksporti hajmini 2018 yildagi 2,3 dan 2030 yilgacha 20 milliard AQSh dollariga etkazish maqsadida, shuningdek, eksport geografiyasini kengaytirish bilan bir qatorda, Strategiyada hosilni sug`urta qilish mexanizmlarini kuchaytirish, jumladan ombor sertifikatlarini joriy etish, JSTning SFS Bitimiga muvofiq milliy tizimni isloh qilish va Xalqaro Epizootik byuroning xalqaro standartlariga muvofiq hayvonlarning sog`lig`ini himoya qilish, Karantin va o`simliklarni himoya qilish Xalqaro Konvensiyasiga qo`shilish nazarda tutilgan», - deya ta`kidladi vazir.

Shuningdek, pestisidlarni ro`yxatga olish tizimini va pestisidlarning ruxsat etilgan maksimal miqdorini takomillashtirish, shuningdek agrologistik markazlarning yagona tizimini ishga tushirish, yagona savdo tizimini (auksionlar va birjalar) joriy etish, genetik modifikasiyalangan ekinlar va o`simlik navlarini (GMO) sinash uchun maxsus laboratoriya tashkil etish rejalashtirilgan.

Ekologiya, tabiiy resurslar va oziq-ovqat xavfsizligi e`tibordan chetda qolmaydi

Jahon resurslar institutining ma`lum qilishicha, 2040 yilga borib O`zbekiston suv tanqisligi yuqori bo`lgan 33 mamlakat qatoridan joy oladi. Shu boisdan mamlakatda mavjud irrigasiya tizimlarini modernizasiya qilish yangilarini qurish zarurati tug`ilmoqda. Mamlakatdagi sug`orish tarmoqlarining 70 foizi antifiltrasion qoplamaga ega emas va buning natijasida etkazib berish bosqichida suvning bir qismi yo`qolmoqda. Bugungi kunda qishloq xo`jaligini sug`orish suvi bilan ta`minlashdagi yo`qotishlar 40 foizga baholanmoqda.

«Strategiyada ijtimoiy jihatlarga, oziq-ovqat xavfsizligiga, shuningdek, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e`tibor qaratilgan. Bugungi kunda ushbu muhim tarkibiy qismlarsiz qishloq xo`jaligining istiqbollari haqida gapirish mumkin emas, – deydi O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev. – Strategiyada qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlarning umumiy maydonini suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olishni 2018 yildagi 5 foizdan 2030 yilda 40 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Ushbu maqsadda, yaqin kelajakda 2020-2030 yillarga mo`ljallangan Suv xo`jaligini rivojlantirish Konsepsiyasini qabul qilish hamda suv resurslarini boshqarish va irrigasiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan».

O`zbekiston Respublikasining qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasida er osti suvlaridan foydalanuvchilarning yagona davlat statistika hisobotlarini yuritish zarurligi qayd etilgan bo`lib, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar va xaridorlarni qo`llab-quvvatlash, tuproqning sho`rlanish darajasini kuzatib borish uchun vertikal va er osti meliorativ texnologiyalari va tizimlarini joriy etishning qo`shimcha mexanizmlarini ishlab chiqish ko`zda tutilgan.

Strategiyaga muvofiq 2021 yilda sug`orish va meliorasiya sohasida ilk davlat xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo`lib, sug`orish infratuzilmasi qisman klasterlar, kooperativlar va birlashgan ishlab chiqaruvchilarning boshqa shakllariga tezkor boshqaruvga beriladi.

«Suv yo`qotilishini kamaytirishdan manfaatdor bo`lish fermerlarning sug`orish tizimining samaradorligi va mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladigan infratuzilma yaratilishiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiladi hamda bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan xarajatlarni kamaytiradi, – deya tushuntiradi Jamshid Xodjaev. – 2022 yildan boshlab qishloq xo`jaligida suv ta`minoti xizmatlari uchun to`lov tizimini joriy etish ham taklif qilinmoqda. Hozirda suvning sezilarli darajada qadri tushib ketgan va bu ko`pincha suv iste`moli masalalariga loqaydlarcha munosabatda bo`lishga, suvning haddan tashqari ko`p sarflanishiga, buning natijasida sho`rlanish, tuproq minerallashuvi, uning qisman yoki to`liq buzilishi kabi ko`plab muammolarga olib keladi. Bundan tashqari, quruq iqlim hamda suv resurslarimiz cheklangan sharoitda bunday bema`ni yondoshuvlar nimaga olib kelishi mumkinligi haqida oldindan o`ylash muhim ahamiyatga egadir».

Strategiyani amalga oshirish monitoringi

O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi hujjat loyihasi yuzasidan tushgan barcha sharhlar, mulohazalar va takliflarni to`playdi va tahlil qiladi. Natijalarga ko`ra, Strategiya loyihasi va uni amalga oshirish doirasida taklif etilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida matbuot anjumani o`tkazilishi rejalashtirilgan.

«Strategiya qabul qilingandan so`ng, tarkibiga manfaatdor vazirliklar va idoralarning rahbarlari kiradigan maxsus tashkil etilgan Muvofiqlashtiruvchi kengash ish olib boradi. Strategiyani amalga oshirish doirasida har yili «yo`l xaritalari» qabul qilinadi va bu ham idoralararo darajada, ham hamkor tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o`rnatish imkonini beradi», – deya tushuntirdi vazir.

Brifing yakunida Iqtisodiy rivojlanish markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov butun mamlakat ushbu Strategiyani amalga oshiririshdan manfaatdor ekaniga ishonch bildirdi.

- Mazkur hujjat strategik ahamiyatga ega bo`lgan rivojlanish loyihalarining dastlabkisi. Strategiyasiz sohani rivojlantirishni tasavvur etish qiyin, mazkur hujjat iqtisodiyotimizni rivojlantirishning asosidir, dedi Yuliy Yusupov. - Hujjat, mening fikrimcha, haqiqatan ham ikki jihatdan revolyusion ahamiyatga ega: hujjat tuzilmasi hamda unda ko`zda tutilgan islohotlar. Bir-biriga bog`liq bo`lgan muammolarni ajratilgan holda hal etish qiyin. Biz bozor iqtisodiyotiga mos bo`lmagan muammolarni bartaraf etmas ekanmiz, samarali natijaga ega bo`la olmaymiz. Strategiya aynan muhim muammolarni o`z ichiga olgan.

Комментарии