41

O`zbekiston Xalqaro xokkey federasiyasiga qabul qilindi

Sport 27.09.2019, 15:54
457
O`zbekiston Xalqaro xokkey federasiyasiga qabul qilindi

Joriy yilning 26 sentyabrida O`zbekiston xokkeyi tarixida yana bir ulkan voqea ro`y berdi: mamlakatimiz xokkey federasiyasi Xalqaro shaybali xokkey federasiyasi (IIHF) a`zoligiga qabul qilindi. Shu kuni mazkur nufuzli tashkilotning Rim (Italiya) shahrida bo`lib o`tgan navbatdagi Kongressida O`zbekiston bilan birga yana 6 ta davlat XXFning to`laqonli a`zosiga aylandi.

- Avvalambor, xalqaro federasiyaning barcha a`zolariga Kongressda O`zbekiston xokkey federasiyasini qo`llab-quvvatlab ovoz berganliklari uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, deydi O`zbekiston xokkey federasiyasi prezidenti Baxtiyor Fozilov. – Biz uchun jahon xokkey oilasi a`zolari safidan o`rin olish katta sharaf. Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha xokkey ishqibozlari ham ushbu voqeadan behad mamnun ekanliklarini anglab turibman. Ishonchimiz komilki, O`zbekiston xokkeyining mavqei yana bir yangi, yuqori darajaga ko`tarilishi O`zbekistonda ushbu sport turini yanada rivojlantirishga keng yo`l ochadi.

Darhaqiqat, XXF tomonidan amalga oshirib kelinayotgan taraqqiyot va ta`lim dasturlari, shuningdek, turli xil tadbirlar va musobaqalarda ishtirok etish, boshqa a`zo davlatlar tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish imkoniyatlari paydo bo`lishi, shubhasiz, butun mamlakatimiz bo`ylab xokkeyni ommalashtirish va rivojlantirishga sezilarli ko`mak beradi.

Eslatib o`tamiz, O`XF 2018 yilning mart oyida tashkil etilgan. 2019 yilda federasiya ilk bor O`zbekiston chempionatini o`tkazdi. 31 mayda yangidan tuzilgan “Xumo” professional klubining Oliy xokkey ligasi chempionati – “Ipak yo`li“ kubogida ishtirok etishi to`g`risida qaror qabul qilindi. Joriy yil avgustda “Xumo-2” jamoasining Qozog`iston ochiq chempionatida qatnashishi e`lon qilindi. “Xumo” va “Xumo-2” o`z uy o`yinlarini Toshkent shahridagi 12500 o`rinli zamonaviy “Humo-Arena” majmuasida o`tkazmoqda.

Комментарии