“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining navbatdagi salomatlik tadbiri O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Xitoyning Sinszyan shahri Osiyo-Evropa Xalqaro markazi, “Guanmin Yun Nan” gospitali bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi kataraktadan aziyat chekayotgan kam ta`minlangan aholi vakillarining 200 nafardan ortig`i ro`yxatga olindi. Ular Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan shifokor Chjang Xongping xonim boshchiligidagi bir guruh oftolmologlar tomonidan 4 oktyabrgacha bo`lib o`tadigan xayriya aksiyasi davomida operasiya qilinadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mazkur xayriya aksiyasi ochilishiga bag`ishlab o`tkazilgan marosimda katarakta tashxisi qo`yilgan hamda davolanishga qurbi etmayotgan Toshkent shahri, Toshkent hamda Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi bemorlarga ham tibbiy yordam ko`rsatilishi mumkinligi aytildi. Buning uchun “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Toshkent shahri Uchtepa tumani Kichik Xalqa yo`li 14-uyda joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilish mumkin.