Mudofaa vazirligi razvedkachilari o`rtasida ilk bor «Razvedka reydi» musobaqasi o`tkazildi. Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog`-dala o`quv maydonida razvedka bo`linmalari o`rtasida o`tkazilgan mazkur musobaqada vazirlikning barcha harbiy okrug hamda oliy harbiy ta`lim muassasalaridan jami 11 ta jamoa ishtirok etdi.
Mazkur musobaqa uch bosqichda o`tkazildi. Dastlab, harbiy qism, so`ngra harbiy okrug miqyosida g`olib bo`lgan jamoalar yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo`lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa ular 10 ta shart bo`yicha o`zaro bellashdi.
Dastlab guruhlarning belgilangan hududga chiqish va jangovar vazifani bajarishga shayligi ko`zdan kechirilgach, harbiy xizmatchilar 7,5 kilometrlik masofaga og`irligi 35 kilogramga yaqin bo`lgan yuk qopi bilan marsh yurdi. Mashg`ulot shartiga ko`ra, har bir jamoa yuqori qo`mondonlikdan berilgan maxsus vazifalarga asosan shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va qaror ishlab chiqish vazifalarini bajardi.
Shuningdek, marsh yurish davomida minalashtirilgan yo`laklardan betalofat odimlash, jangda yaralangan harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatish va uni bir yarim kilometr masofaga evakuasiya qilish sinovlaridan o`tdi. Bemorga jgut, bog`lov, og`riq qoldiruvchi ukol va shina qo`yishda jamoalardagi feldsherning mahorati yaqqol namoyon bo`ldi. Shundan so`ng uch kilometr uzoqlikdagi joylashuv hududiga etib borish, u erda qo`riqlov o`rnatish va guruh shaxsiy tarkibiga vaqtinchalik yashash joyini hozirlash, dala sharoitidan kelib chiqqan holda, zarur imkoniyatlar yaratish singari shartlarni muvaffaqiyatli ado etdi.
Jamoalarning har bir harakati Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlaridan tayinlangan hakamlar hay`ati tomonidan xolisona baholab borildi.
Sakkiz kun davom etgan musobaqada ishtirokchilar uchun shartlar bosqichma-bosqich oddiydan murakkablashib bordi.
Real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda o`tkazilayotgan musobaqa doirasida harbiy xizmatchilar azimut bo`yicha o`n kilometr masofaga harakatlanish, kimyoviy zararlangan hududlardan himoyalanish, ruhiy tayyorgarlik yo`laklaridan o`tdi.
Shu tariqa qizg`in bahs va munozaralarga boy tarzda kechgan musobaqa o`z nihoyasiga etdi. Yakuniy natijalariga ko`ra, birinchi va ikkinchi o`rinlarni Markaziy harbiy okrug qo`shinlariga qarashli jamoalar qo`lga kiritgan bo`lsa, uchinchi o`rin Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug jamoasiga nasib etdi. G`oliblarga diplom, kubok, medal va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti