42

«Shuncha tashkilot turganda ayol nega o`z muammosi bilan o`zi qolib ketishi kerak?» – Elmira Bositxonovaning bir ish kuniga nazar (Video)

Jamiyat 05.10.2019, 14:23
Теги: Video
519
«Shuncha tashkilot turganda ayol nega o`z muammosi bilan o`zi qolib ketishi kerak?» – Elmira Bositxonovaning bir ish kuniga nazar (Video)

Kun.uz vakillari «Rahbar bilan bir kun» loyihasi doirasida O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Elmira Bositxonovaning bir ish kuniga guvoh bo`ldi.

Ma`lum bo`lishicha, qo`mita raisi ish kunini soat 8:20da boshlab, ancha kech yakunlaydi.

«Bugungi kun boshlanishidan avval, kechagi ish kunimiz soat 23:30da tugaganini haqida gapirmoqchi edim. Soat 00:00da uyga keldim. Davlatimiz rahbarining talablari bu – ya`ni, xonalarda, kreslolarda o`tirib harakat qilish bugungi kunga umuman to`g`ri kelmaydi. Bugungi kunda qilayotgan ishlarimizdan samara deyarli bo`lmasligi yoki juda ham past bo`lishining yana bir muhim sababi bu – hamkorlikda ishlashni bilmaymiz.

Biz, mabodo qandaydir xatolik bo`lib qolsa, unga kim javob beradi, degan qo`rquv bilan qilingan ishlardan voz kechish holatimiz ham bo`ladi. Yoki bo`lmasa, yutuq bo`lsa, bu faqat mening yutug`im, bunda uning ishtiroki yo`q deb, hamkorlarni ham pisand qilmay, o`zimizning yutug`imiz deyilganidan hamkorlik holatlari buzilishiga sabab bo`lyapti», – deydi Bositxonova.

Loyiha tasvirga olingan kun payshanba, ya`ni qo`mita raisining qabul kuni emasligiga qaramay, Elmira Bositxonova murojaat bilan kelganlar borligi, ularni qabul qilishi kerakligini aytdi. Shundan so`ng fuqarolar murojaatlarini o`rganish, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan qo`mita vakolati doirasida ko`rsatmalar, hal qilish bo`yicha esa yuristga topshiriqlar berildi.

9:30. Hududiy qo`mitalar rahbarlari bilan kundalik muloqot bo`lib o`tdi. Bu safar Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon viloyati xotin-qizlar qo`mitalari raislarining tizimdagi turli masalalar yuzasidan fikrlari tinglanib, ularni hal qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

So`ng «Xotin-qizlar qo`mitasining eng namunali boshlang`ich tashkiloti» ko`rik tanlovi respublika bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun Yoshlar ittifoqi binosi tomon yo`l oldik. Yo`l-yo`lakay rais jamiyatdagi turli dolzarb masalalar yuzasidan o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

«Bugungi kunda globalizasiya ta`siri natijasida mahallaning mavqeyi biroz pasaydi. Mahalla-ko`yda yuzimni erga qaratding, degan so`zlar avval eshitilardi. Chunki mahalladagi tartiblar bilan hisoblashish masalalari avval yuqoriroq edi», deydi u.

Bositxonova hozirgi kunda jamiyat uchun ahamiyatli mavzuga aylangan to`ylardagi dabdabalar mavzusi bo`yicha ham o`z fikrlarini bildirib o`tdi.

«Hozirgi dabdabalarda oyoq ostida ishqalanayotgan pullarni ko`rganda davolanishi kerak bo`lgan bolalarning chehrasi ko`zimga ko`rinadi. Qanday qilib bunga to`g`ri qarash mumkin? Bu parokandalikning, qadriyatlarimiz naqadar parokanda bo`layotganining belgisi. Bu pullarga qancha bolaning hayotini saqlab qolish mumkin edi. To`ylardagi pul sochishlar – insoniylik tamoyillariga zid, vijdonga xiyonat», – deydi Xotin-qizlar qo`mitasi raisi.

10:20. Yoshlar ittifoqiga etib keldik. Bu erda rais «Xotin-qizlar qo`mitasining eng namunali boshlang`ich tashkiloti» ko`rik-tanlovi respublika bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimini ochib berdi va boshlang`ich tashkilotlar faoliyatini to`g`ri olib borish to`g`risidagi taqdimoti bilan chiqish qildi.

Tadbirdan chiqqan Elmira Erkinovnadan, bolasi 2 yoshga to`lgunga qadar ish joyidan haq to`lanadigan ta`til berilishi, bu vaqt mobaynida unga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdoridagi nafaqa (xalq tilida «bola puli») 2013 yildan buyon faqat nodavlat tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga to`lanayotgani haqida fikr bildirishni so`radik.

«Bu masalani rejalarga kiritganmiz. Bu – ayollarni qo`llab-quvvatlashdagi eng bo`sh tomonimiz. Masalan, sovet davrida bu narsa aniq belgilangan edi, mustaqil bo`lganimizdan keyin 25-26 yil davomida davlat byudjetini iqtisod qilish ayollarga beriladigan nafaqa pullari hisobiga qisqarish bo`ldi.

Xotin-qizlar qo`mitasi bu borada Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda kuni kecha davra suhbati o`tkazdik. Deputatlarimiz bilan ham ko`rishdik – biz jamoat tashkiloti sifatida Oliy Majlisga o`z takliflarimizni kiritamiz», – dedi u.

12:10. Elmira Bositxonova Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi oilaviy poliklinikada «Ayollar salomatlik markazi» ishini ko`rish uchun bordi va skrining masalalari bo`yicha majlisda ishtirok etdi.

«Hamkorlik masalasidagi nuqsonlarni sezdim. Bu yig`ilishga har bir mahalladagi mutaxassislar kelishi kerak edi», - deya hamkorlikda ishlash bo`yicha yig`ilganlarga o`z fikrlarini bildirdi u.

Elmira Erkinovna tibbiy ko`riklar haqida gapira turib, shunday dedi:

«Bizda bitta katta xavf bor. Qaysi maktabda yoki o`quv muassasasida tibbiy ko`rik boshlansa, darrov hamma erda shov-shuv bo`lib ketadi. Xuddi qizlar tibbiy ko`rikdan o`tkazilishi g`ayritabiiy holatdek. Biz tibbiy ko`riklarni shu darajada o`tkazishimiz kerakki, bu avvalambor tibbiy madaniyatning ko`rsatkichi bo`lishi kerak. Qonunimiz bo`yicha har bir fuqaro bir yilda kamida bir marta tibbiy ko`rikdan o`tishi kerak».

«Ayol pensiyaga chiqqanidan keyin eng baxtli kuni – pensiya keladigan kun»

Poliklinikadan so`ng yo`l yo`l ko`rsatkichimizni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida joylashgan «Do`stlik» MFY, O`zbekiston uchastkasi dalalari tomon burdik. Yo`l davomida rais Quyi Chirchiq eng og`ir tumanlardan biri bo`lgani, Prezident tomonidan namunaviy hudud deb atalib, hozirda ishlab chiqarish faoliyati yo`lga qo`yilayotgani haqida gapirib berdi. Manzilimizda bizni tuman xotin-qizlar qo`mitasi raisi Kifoyat Ermuhammedova kutib oldi va tumandagi o`zgarishlar bilan birma-bir tanishtirishni boshladi.

14:10. «Agro klaster» MChJning O`zbekiston uchastkasi hududida dalada ishlayotgan ayollar bilan suhbat qurildi. Rais ularga klaster va fermer xo`jaligi o`rtasidagi farq haqidagi savol bilan murojaat qildi. Suhbat ishtirokchilaridan biri bo`lgan ayol fermerlik vaqtida oyiga yuz ming so`m olingani, klasterda esa mehnat daftarchasi ochilgani, kelajakda pensiya olishini aytib o`tdi.

«Ilohim pensiya olish davrlariga etkazsin. Bilasizlarmi, ayol pensiyaga chiqqanidan keyin eng baxtli kuni – pensiya keladigan kun», deya niyat bildirdi Bositxonova.

«Ayollarni himoya qilish uchun shuncha tashkilot bo`lganida nega ayol o`z muammosi bilan o`zi qolib ketishi kerak?»

15:10. Dalada mehnat qilayotgan ayollar bilan bo`lgan suhbatdan so`ng «Do`stlik» mahalla fuqarolar yig`iniga keldik. Mahallaning faol ayollari bilan muloqot qilindi. Suhbat davomida rais faollarga «Oiladagi muammolarga mahalla aralashishi shartmikan?» degan savol bilan murojaat qildi va ularning bu boradagi fikrlarini bilishga qiziqdi.

Elmira Bositxonova Surxondaryoda farzandini hojatxonaga tashlab yuborgan ayolni esladi:

«Nega bunday voqea sodir bo`ldi? O`ylab ko`raylik. Buni yomon harakat deb aytishdan oldin qiz shu ahvolga tushganida atrofida mehribon ayollar bo`lib, echim yo`llarini topish o`rniga, u echimni jinoyat orqali topdi. Bolani hojatxonaga tashladi. Bunda jamiyat, davlat idoralari, tibbiyot, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo`mitasi aybdor. Ayollarni himoyalash uchun shuncha tashkilot bo`lganida nega ayol o`z muammosi bilan o`z qolib ketishi kerak?»

Mahallada bo`lgan yig`ilishda fuqaro Dilorom Rashidova raisga ish so`rab murojaat qildi. Bunga javoban fuqaroga kasbiy ko`nikmalarni berish, ish masalasida maslahat olish maqsadida qo`mitaning bandlik masalalari bo`yicha mutaxassisi tumanga yuborilishi aytildi.

16:20. Mahalladagi muloqotdan so`ng uy-joy bilan ta`minlangan fuqaro Jadra Ermekbaevaning xonadonida bo`ldik va uning turmush sharoiti bilan tanishdik.

Shundan so`ng «Beruniy baraka chevarlari» tikuv sexiga otlandik.

«Qo`mitamizning hududlardagi rahbarlari joylarda prezidentimiz bergan bu uylarni tarqatdim, ish qildim, deb hisoblashyapti. Bu ish emas. Bu uyni biz qurmadik. Davlatimiz rahbarining harakatlari. Uyda yashash imkoniyatlarini yaratish – bizni xizmatimiz», deydi Elmira Erkinovna.

16:50. «Beruniy baraka chevarlari» tikuv sexida malaka kursida o`qigan 100 nafar xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Tikuv sexi yaqinida joylashgan «Beruniy beklar poyabzallari» sexida oyoq kiyim ishlab chiqarish jarayonini ko`zdan kechirdik.

Shu bilan Quyi Chirchiq tumaniga safar poyoniga etdi va Toshkent shahriga qaytdik.

18:30. Rais qo`mita binosiga qaytgach, qo`mita delegasiyasining Sankt-Peterburg shahriga tashrifiga bag`ishlangan yig`ilishda ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Kabinetiga qaytgach, Elmira Bositxonova bizga yuzlandi:

«Ayollarimiz markazdan kelgan rahbarga o`zining dardi bilan chiqish masalasi ham bor. Mana, Quyi Chirchiqda mahallada uchrashganimizda bir ayol o`zining bandligi masalasi bo`yicha murojaat qildi. Fabrika oldida ham to`rt nafar ayol muammolari bilan murojaat qildi. Shu xulosaga keldimki, ertaga u erga ham bandlik masalalari, ham huquqiy masalalar bo`yicha mutaxassislarimizni yuboraman. U ana shu ayollarning muammosini o`rganib, echim yo`llari topish bo`yicha menga taklif bilan kirishi va bu takliflarning echim yo`llarini topish bo`yicha davomiy ishlar amalga oshirilishi kerak.

Barcha yo`nalish – ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta`minlash, ehtiyojmand ayollarni qo`llab-quvvatlash va ularga yordam berish, oilani qo`llab-quvvatlash, qizlar tarbiyasi bo`yicha qilinadigan hamma ishimiz bo`yicha yil yakunigacha rejalarimiz bor. Qadam-baqadam ijro mexanizmlarini shakllantirish va uning aniq ijrosini amalga oshirish bo`lsa, bu kabinetda o`tirib, qandaydir qog`ozlarni, dasturlarni shakllantirib, uni imzolash va chekka hududlarga yuborish bilan hech qanday ish amalga oshmasligini davlatimiz rahbari bizga ham aytdilar. Biz ham buni o`zimizning tajribamizda ko`rdik. Ijro mexanizmlarini aniq amalga oshirish bilan natijaga erishamiz».

Suhbatimiz davomida Xotin-qizlar qo`mitasi raisi nikoh shartnomasi, oiladagi ajralish jarayonlarida ayollarning huquqlari, to`ylardagi dabdabalar, o`quv muassasalarida tibbiy ko`riklarni tashkil etish, himoya orderi kabi masalalar borasidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

Suhbatni yakunlab, Elmira Erkinovna bilan xayrlashdik. U hali ishlari borligini aytib, kabinetida qoldi.



Комментарии

Qashshoqlik chegarasi yuqori bo`lgan Evropa Ittifoqi mamlakatlari ma`lum bo`ldi (Video)

18.10.2019, 17:17

Evropa statistika agentligi ma`lumotlariga ko`ra, har beshinchi evropalik yoki bo`lmasam 109 million kishi ijtimoiy izolyasiya holatiga yoki qashshoqlar qatoriga tushib qolish xavfi ostida turibdi. Bu...
Filippin aholisi kuchli zilziladan vahimaga tushdi (Video)

18.10.2019, 17:03

Filippinda kuchi deyarli 6,5 ballga teng bo`lgan zilzila ro`y berdi. Hodisa aholi o`rtasida vahima kelib chiqishiga sabab bo`ldi. Er osti silkinishlari mamlakatning Mindanao orolida qayd etilgan....
Umra ziyoratini amalga oshirayotgan ziyoratchilar YTHga uchradi (Video)

18.10.2019, 16:52

Saudiya Arabistonida 39 nafar ziyoratchini olib ketayotgan avtobus ishtirokida yirik yo`l transport hodisasi ro`y berdi.Mamlakat OAV xabarlariga ko`ra, avtobus yuk avtomobili bilan to`qnashib ketishi ortidan...
Nukuslik o`quvchi yoshlar o`rtasida yangicha harbiy musobaqa o`tkaziladi

17.10.2019, 12:23

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tashabbusi bilan shu yilning 19 oktyabr kuni nukuslik o`quvchi yoshlar o`rtasida harbiylashgan sport musobaqasi bo`lib o`tadi.Ushbu musobaqa yoshlarga e`tiborni kuchaytirish,...