Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig`ilishida O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Rayosatining Oliy Majlisga yo`llagan G`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan murojaatnomasi ham muhokama etildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`tgan haftada O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining Rayosati mamlakat parlamentiga g`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan Murojaatnoma yo`lladi.
Murojaatnomada qayd etilishicha, o`tgan yillarda fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan g`alla bozor narxlariga nisbatan past qiymatda xarid qilib kelingan. Oqibatda fermerlarning hosildorlikni oshirish va g`alla etishtirish hajmini ko`paytirishga qiziqishi susaygan, chunki manfaatdorlik yo`q. Shu bilan birga, arzon unning katta qismi amalda aholining tegishli qatlamlariga etib bormasdan, bozor narxlarida sotib kelingan. Bu esa, o`z navbatida, donni qayta ishlash korxonalari va savdo tashkilotlarida suiiste`mol qilish holatlari, ya`ni fermer, ishlab chiqaruvchi, iste`mol qiluvchi o`rtasidagi munosabatlarda korrupsiyani keltirib chiqargan.
Yig`ilishda deputatlar g`alla etishtirayotgan fermer va dehqonlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, ya`ni ularning mehnatiga yarasha daromad olishini ta`minlash, shu orqali g`alla etishtirish hajmini ko`paytirish, narxlarni erkinlashtirish kabi masalalar bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.