42

“Teleradioeshittirishlar to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi

Jamiyat 09.10.2019, 23:51
91
“Teleradioeshittirishlar to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi

“Poytaxt” biznes markazida teleradioeshittirishlar sohasiga oid huquqiy asoslarni rivojlantirishga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo`mitasi raisi Ilhom Abdullaev “Teleradioeshittirishlar to`g`risida”gi qonunning maqsadlari haqida so`zlab berdi. Uning ta`kidlashicha, mazkur qonun loyihasi zamonaviy televizion bozordagi barcha talablarni hisobga oladi va mamlakatimiz televideniesini rivojlantirishga to`sqinlik qilayotgan qator muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ushbu qonun loyihasi oltita bob, 38 ta moddadan tashkil topgan bo`lib, me`yoriy-huquqiy hujjat  regulation.gov.uz portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan.

Yangi qonun bir necha yil davomida mahalliy televidenieni rivojlantirish yo`nalishlarini belgilab beradi. Chunki unda O`zbekiston hududida efir, kabel, sputnik, IP-TV, OTT texnologiyalari va translyasiyaning boshqa turlari orqali milliy va xorijiy teleradiokanallarini shakllantirish va tarqatish sohasidagi yagona tamoyillar va qoidalar mustahkamlab qo`yilgan. Bir vaqtning o`zida u televidenie va radioeshittirishlar xizmatlari iste`molchilarining ishonchli ma`lumotdan foydalanish huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, teleradiodasturlar yaratish va tarqatishning demokratiya tamoyillariga amal qilinishini kafolatlaydi.

E`tiborli jihati shundaki, yangi qonun mahalliy telekanallar va radiokanallar faoliyatida qo`llanibgina qolmay, ayni damda O`zbekiston hududida o`z faoliyatini yuritayotgan xorijiy teleradiokanallar ishini ham tartibga soladi.

Qonun chiqaruvchilarning mazkur tashabbusi Milliy teleradiokompaniya va mahalliy telekanallar vakillarining qizg`in bahs-munozarasiga sabab bo`ldi. O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy telekanallar reestrini tuzish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, televidenie xodimlari ishlab chiqaruvchilari va etkazib beruvchilar o`rtasidagi o`zaro munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish zarurligini ta`kidladilar. 

Tadbirda mahalliy telekanallar auditoriyasiga ta`sir ko`rsatayotgan zamonaviy internet-texnologiyalar haqida to`xtalib o`tildi. Bu muammo Qozog`iston misolida ko`rib chiqildi. U erda har yili xorijiy veb-manbalar tobora ommalashib borayotgani sababli, Qozog`iston telekanallari auditoriyasi keskin kamayib ketmoqda. Aksariyat o`zbek telekanallari internet tarmog`ida IP-TV texnologiyalari yordamida translyasiya qilinayotganini hisobga olib, mutaxassislar tomonidan ushbu innovasiyalarning foyda va zararlari muhokama qilindi.

Shunday qilib, yangi qonun qabul qilinganidan so`ng, davlat, xususiy, ijtimoiy va xorijiy tele va radio tashkilotlar milliy teleradioeshittirishlar tuzilmasiga kiradi. Qonun loyihasiga muvofiq, yuridik shaxslar va O`zbekiston fuqarolari axborot tarqatuvchi tashkilotni ta`sis qilish huquqiga ega bo`ladi. Ayni damda xorijiy muassisning ulushi 30 foizdan oshmasligi kerak.

Davra suhbatida ishtirok etgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Milliy teleradiokompaniya, Elektron OAV milliy assosiasiyasi vakillari, mahalliy telekanallar rahbarlari qonun loyihasini takomillashtirish bo`yicha o`z takliflarini bildirdilar.

O`z muxbirimiz.

Комментарии