41

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev Mirishkor tumani hokimi bilan bog`liq vaziyat yuzasidan fikr bildirdi

Jamiyat 10.10.2019, 09:12
160
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev Mirishkor tumani hokimi bilan bog`liq vaziyat yuzasidan fikr bildirdi

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev Ijtimoiy tarmoqlarda makkajo`xori o`g`risi va uni izza qilgan Mirishkor tumani hokimi haqidagi video bilan bog`liq vaziyat yuzasidan fikr bildirdi:

"Bugun asosiy muhokama markazida bo`lib turgan voqealardan biri - Mirishkor tuman hokimining daladan egasining ruxsatisiz makkajo`xori olayotgan («o`g`irlagan» deyishga haqqim yo`q) 60 yoshlar atrofidagi fuqaroga («o`g`ri» deyishga haqqim yo`q) turli haqoratomuz so`zlarni aytib, uni izza qilgani tasvirlangan video bo`lmoqda. Adashmasam, video kecha internetda tarqaldi, bugun esa hokim uzr so`rab chiqdi.

(https://t.me/Qoshni_mahalla/998)Aksariyat insonlar faqat hokimni aybdor sifatida ko`rsatayotgani shaxsan meni hayron qoldirgani yo`q. Chunki yurtimizda sodir bo`lgan voqealar tendensiyasi hokimlar va hokimiyat vakillariga nisbatan juda katta negativni shakllantirib qo`ydi. Bundan buyon hokimlarning ijobiy imijini tiklash oson ish emas, albatta. Shuning uchun ham xalq vakillari bahsli vaziyatlarning barchasida bor nafratini aynan hokimlarga to`kib soladi, voqeaning boshqa ishtirokchilari unutiladi.

Ehtiroslarga berilmasdan fikr yuritsak, ushbu voqea bo`yicha xulosa aniq — hokim ham, fuqaro ham nohaq. Boshqacha variant bo`lishi mumkin emas.

Masalan, bir jurnalist o`zining Telegram kanalida «Hokim haq – Hokim nohaq» degan savollar bilan so`rovnoma uyushtiribdi. Bunaqa savol berishning o`zi noxolislik. Bu erda hokim haq bo`lishi mumkin emas, axir u fuqaroni haqorat qilyapti-ku. Shu sababli bu so`rovnomada «hokim nohaq» degan javob so`zsiz g`olib bo`ladi.

Ammo bu erda fuqaroning nohaqligi ham ochiq-oydin ko`rinib turibdi, bu ortiqcha muhokama qilinadigan masala emas. O`zganing mol-mulkini yashirincha, egasining ruxsatisiz olish mumkin emas. Bu ish diniy tomondan olsak - gunoh, dunyoviy tomondan esa - jinoyat.

Agar so`rovnomaga qo`yish kerak bo`lsa ham, «ulardan qaysi biri haq» deb emas, balki «ulardan qaysi biri ko`proq nohaq» deyish sal mantiqqa to`g`ri keladi.

Keling, ushbu savolga javob qidirib ko`ramiz. Qaysi birining aybi ko`proq – o`zganing mulkini yashirincha olayotgan fuqaromi yoki fuqaroni ushbu noqonuniy xatti-harakat ustida qo`lga olib, uni haqorat qilgan hokimmi? Kimning harakati jamiyatga ko`proq ziyon keltiradi?

Bu borada shaxsiy fikrimni bildirmoqchi emasman, noxolislik bo`lishi mumkin. Keling, shunchaki qonun nuqtai nazaridan ko`rib chiqamiz.

Hokimning qilmishi:

Hokimning mazkur harakatini Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning (http://lex.uz/docs/97664) 41-moddasi (Haqorat qilish) bilan kvalifikasiya qilish mumkin, jumladan:

Haqorat qilish, ya`ni shaxsning sha`ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish —

eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Agar hokim so`nggi bir yil ichida haqorat uchun avval ham ma`muriy javobgarlikka tortilmagan bo`lsa, unda uning harakatida jinoyat alomatlari yo`q. Ya`ni hokim ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan.

Fuqaroning qilmishi:

Fuqaroning mazkur harakatini Jinoyat kodeksining (http://lex.uz/docs/111453) 169-moddasi (O`g`rilik) bilan kvalifikasiya qilish mumkin, jumladan:

O`g`rilik, ya`ni o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish —

eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O`g`rilik harakati uchun ma`muriy javobgarlik nazarda tutilmagan, ushbu qilmish to`g`ridan-to`g`ri jinoyat hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, endi o`zingiz uchun xulosa chiqarib olavering, qaysi harakat jamiyat uchun ko`proq xavf keltiradi: o`zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishmi yoki o`zgani haqorat qilishmi?

Sizni xulosalaringiz bilan yolg`iz qoldiraman.

P.S.: hokimlarning noqonuniy xatti-harakatlari haqida ko`p va xo`b yozganman, buni doimiy mushtariylarimiz juda yaxshi bilishadi. Tuman hokimlari uyoqda tursin, hatto viloyat hokimlarini ham achchiq tanqidlarimiz bilan ayamaganmiz kezi kelganda. Ammo bu har doim har qanaqa vaziyatda ham hokimlar 100% nohaq, fuqarolar esa haq degani emas. Vaziyatga xolisona baho berishga harakat qilishimiz kerak."

Shuningdek Xushnudbek mushtariylar tomonidan qoldirilayotgan fikrlar sababli o`z xulosasini to`ldirib o`tgan:

"Yuqorida masalaga faqat umumiy baho berildi. E`tibor bersangiz, «kvalifikasiya qilish mumkin» deyilmoqda. Lekin bu degani aynan shu moddalar bilan javobgarlikka tortilishi shart degani emas. Aslida ma`lum bir xatti-harakatga faqat bitta video orqali yuzaki baho berib bo`lmaydi, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli prosessual tergov harakatlari o`tkazilgandan so`ng aniq bo`ladi.

Masalan, voqeaga chuqurroq yondoshsak, holatga to`laqonli baho berish uchun ko`plab detallar ahamiyatli. Ya`ni aytalik makkajo`xorini fuqaro emas, balki uning nabiralari o`yinqaroqlik bilan yulib chiqqan bo`lsa, ularning yoshini hisobga olib umuman hech qanday javobgarlik kelib chiqmasligi ham mumkin. Na ma`muriy, na jinoiy. Videodan buni aniqlash imkoni yo`q.

Yoki makkajo`xorilar fuqaroning mashinasining yukxonasidan olinib, “Kaptiva” rusumli mashina yukxonaga tashlanmoqda. Avvalo u mashina kimnikiligini aniqlash kerak. Agar fermerning mashinasi bo`lsa, unda tushunarli. Agar hokimning mashinasi bo`lsa, unda yana holatni aniqlashtirish kerak. Videodan buni aniqlash imkoni yo`q.

Yoki ayrim mushtariylarimiz to`g`ri ta`kidlaganidek, mazkur makkajo`xorilar yuridik shaxsning balansida bo`lsa, unda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 61-moddasi (Oz miqdorda talon-toroj qilish) bilan kvalifikasiya qilish mumkin. Videodan buni aniqlash imkoni yo`q.

Yoki ushbu holatda fuqaroning harakatlari voyaga etmagan shaxsni ma`muriy huquqbuzarlik (yoki vaziyatga qarab jinoyat) sodir etishga jalb qilish kabi moddalar bilan kvalifikasiya qilinishi ham mumkin. Videodan buni aniqlash imkoni yo`q.

Yoki hokim fuqaroni nabiralari bilan birgalikda o`zboshimchalik bilan videoga olib, tarqatgani uchun shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish degan modda bilan ma`muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ma`naviy zarar undirilishi ham mumkin. 

Umuman voqeani chuqur tahlil qilsak, aytiladigan gaplar ko`p. Bu bitta postga sig`maydi. Barchasi tegishli tekshiruvlardan keyin aniq bo`ladi, biz yuzaki hukm o`qishga haqqimiz yo`q. 

Yuqoridagi postdan asosiy maqsad – ikkala tomon ham nohaq, demak ikkalasi ham qonun oldida javob bersin, degan ma`no bor edi. U kimligi, qaysi lavozimdaligi, oddiy xalq yoki mansabdorligi, boy yoki kambag`alligi, umuman ahamiyat kasb etmasligi kerak. Qonunni buzdimi, tamom, jazo muqarrar bo`lsin. Istagim shu. Qolgan hammasi mayda gaplar.

P.S.: birovning mulkini olsa nima bo`pti, degan fikrlarga esa mutlaqo qo`shilmayman. O`zganing mulkini beruxsat olish mumkin emas, u atigi 10 ta makkajo`xori bo`ladimi, 1 dona olma bo`ladimi, yoki 10 mln dollarmi, farqi yo`q. Olish mumkin emas - tamom!"

 

Комментарии