41

"Tilbuzar"larga chora ko`rish vaqti kelmadimi?

Jamiyat 10.10.2019, 15:00
66
"Tilbuzar"larga chora ko`rish vaqti kelmadimi?

21 oktyabr – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universiteti ilmiy kotibi, dosent Mardon BOLTAEV ona tilimiz bilan bog`liq ayrim fikr-mulohazalarini bayon qildi

Bu yil ushbu tarixiy sanani nishonlash mamlakatimizda yanada keng va tantanavor bo`lishiga qonuniy asos bor. Chunki ushbu sanaga ham Prezidentimiz alohida e`tibor qaratib, “O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining o`ttiz yilligini keng nishonlash to`g`risida” qaror chiqardi.

Darhaqiqat, o`ttiz yil. Bu vaqt keksa tarix oldida qisqa bir muddat bo`lsa-da, aslida aytishgagina oson. O`ttiz yil oldin tug`ilgan bolalar o`n yashar bolali ota-ona bo`lishdi.

O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinishi arafasida – 1989 yilning yanvaridan oktyabrigacha butun respublika ahli qonun loyihasi to`g`risida fikr-mulohaza, munosabat bildirishga intilgan edi. Bunday hayajonli, ehtirosli, kuchli to`lqinli munosabat bildirish onlari shu bilan yakunlanib qolgani yo`q. Xalqimizning o`z davlat tiliga, qabul qilingan yangi yozuviga befarq emasligini bundan ikki yil oldin boshlangan lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomiz taqdiriga doir bahslar, joriy yil may-iyun oylarida rus tilini rasmiy til sifatida tan olish taklifini ko`tarib chiqqan bir guruh "ziyoli"lar bahona bo`lib o`tgan qattiq bahs-munozaralar ham ko`rsatdi. Chunki til ham, yozuv ham shu millatning, shu davlatning ma`naviy, moddiy boyligi bo`lib qolmasdan, dunyoning boshqa mamlakatlari qatorida mavjudligini, erishayotgan taraqqiyotini, dunyo hamjamiyatida tutgan o`rnini belgilovchi eng asosiy omillardan biri ekani hech kimga sir emas.

Bosib o`tilgan yo`lga e`tibor qaratadigan bo`lsak, mustaqillik tufayli “Davlat tili haqida”gi qonunni hayotga tatbiq etish borasida katta ishlar amalga oshirilganini ta`kidlash lozim. Ona tilimizga nisbatan qo`llab kelingan qariyb bir yarim asrlik tahqir-u tazyiqlar, ijtimoiy-huquqiy cheklovlar tugatildi. Tilimiz tor – oila, bozor, to`y-hasham, mahalliy til doirasidan, keng – davlat miqyosida qo`llaniladigan tilga aylanibgina qolmay, millatlararo, davlatlararo muomala tili, hujjatlar tili doirasiga ko`tarildi.

Qonun tufayli o`zbek adabiy tilining jamiyatdagi ijtimoiy vazifalarini ado etishda oqsatib qo`yilgan ilmiy-rasmiy uslublarning taraqqiy etishiga keng imkoniyat yaratildi, ilmiy va rasmiy doiralarda qo`llanilishi kafolatlandi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy jabhalarda, madaniyat va sport, ilm-fan, texnika va texnologiyalar sohasida erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi adabiyotlar, qomusiy lug`atlar, yangicha mazmundagi darslik va o`quv qo`llanmalari yaratildi. Sakson mingdan ortiq so`z va iboralarni qamrab olgan besh jildli “O`zbek tilining izohli lug`ati”, sakson besh mingdan ortiq mustaqil so`z shakllarini o`z ichiga olgan kirill alifbosidagi “O`zbek tili imlo lug`ati”ning nashr etilishi mustaqillik davri madaniyatimizning katta yutug`i bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmas. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi ham katta voqea bo`ldi.

Lotin yozuviga asoslangan yangi alifboning qabul qilinishi o`zbek tilining chet mamlakatlarda o`rganilishini yanada osonlashtirdi. Amerika Qo`shma Shtatlarining yaqinda tayinlangan elchisi Daniel Rozenblum janoblarining O`zbekistonga kelishi oldidan internet va televidenie orqali o`zbek tilida irod qilgan erkin va mazmundor nutqi ko`pchiligimizni hayajonlantirdi. O`zbekiston telekanallari orqali berib borilayotgan boshqa davlatlar fuqarolari, olimlari, tadbirkorlarining o`zbek tilidagi chiqishlari tahsinga sazovor bo`lmoqda.

Yutuqlarimiz ko`p, ammo ularni ko`z-ko`z qilib, bu borada mavjud muammolarni, yo`l qo`yib kelinayotgan kamchilik va nuqsonlarni xaspo`shlash bilan muvaffaqiyatlarimiz ko`payib qolmaydi. Shuning uchun bajargan ishlarimizga tanqidiy ko`z bilan qarab, qilinishi lozim bo`lganlari haqida ko`proq to`xtalsak, maqsadga muvofiq bo`ladi.

“Davlat tili haqida”gi qonunimiz atigi 24 moddadan iborat. Ammo shu 24 tagina moddani o`ttiz yildan buyon hayotga to`liq tatbiq eta olmay kelayotganimiz shu yurtning bir farzandi sifatida kishini o`ksintiradi. So`zimning isboti sifatida qonunning birgina – ettinchi moddasiga murojaat qilaman. Unda: “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o`zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deyilgan. Rasmiy amal qilinadigan doira esa bog`cha, maktab, lisey, kollej, oliy ta`lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlari, xususiy korxona va muassasalar, ommaviy axborot vositalari, radio, televidenie, teatrlar, muzeylar, hokimiyat, sud, prokuratura, vazirliklar, Qurolli Kuchlardan tortib Oliy Majlisgacha bo`lgan ulkan tizimni tashkil etadi.

Bugungi kunda o`zbek adabiy tili qonun-qoidalari, talaffuz me`yorlariga mana shu doira qamrovida rioya etilmayotganini kim bilmaydi?! Ko`pchiligimiz nafaqat ko`cha-ko`yda, norasmiy muloqotda, hatto ishxonada, ta`lim jarayonida, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda, radioeshittirish va teleko`rsatuvlarda ham o`zbek adabiy tilida gapirish o`rniga o`z shevamizda so`zlashga odatlanib qolmayapmizmi?! Bu ayrimlar o`ylaganidek, arzimas muammo emas. Ushbu muammoning echimini topish mumkinmi? Buning uchun nima qilish kerak, degan savollar faqat mutaxassislar, filolog-olimlaru o`qituvchilarning oldida ko`ndalang bo`lib turgani yo`q.

O`zbek adabiy tilini chuqurroq o`rganishni, eng avvalo, oiladan boshlash kerak, bolaning tili chiqayotgan paytdan boshlab unga o`zbek adabiy tilida gapirishni o`rgatish zarur. Ota-ona, aka-uka, opa-singil, umuman, kattalarning bolalar oldida o`zbek adabiy tilida chiroyli, mazmunli gapirishi ularga kuchli va ijobiy ta`sir etadi. Shuningdek, o`zbek adabiy tilida ravon, yoqimli, ta`sirchan gapira olish ko`p jihatdan televidenie, radioda xizmat qilayotgan mohir jurnalistlar, muxbirlar, haqiqiy san`atkorlar, suxandonlarning o`z vazifasiga mehr-muhabbat, tilsevarlik, elparvarlik, vatanparvarlik mas`uliyati bilan yondashishi va bu boradagi beminnat, fidokorona xizmatlariga ham bog`liq.

Afsuski, bugungi kunda “ZOʻR TV”, “MY 5” kabi bir qator telekanallarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, muxbirlar, teleboshlovchilar va boshqalarning o`zlari o`zbek adabiy tiliga rioya qilmayotgani, yana ham to`g`rirog`i, o`zbek adabiy tilini zarur darajada bilmasligi oshkor bo`lib qolmoqda. Ayniqsa, dasturga taklif etilgan ayrim taniqli shoiru yozuvchilar, xonandalar, aktyor va aktrisalar, sportchilar, turli soha vakillari adabiy til me`yorlariga mutlaqo rioya qilmaydi. Ular o`z shevalarida so`zlashi bilan adabiy tilimizni bilmasligi, bilganlarining esa adabiy tilimizga nopisand qarashi, o`zini boshqalardan ustun tutishi sezilib turadi. Bu esa teletomoshabinlarning, ayniqsa, yosh avlodning o`zbek adabiy tilini uning shevalaridan farqlamasligiga, o`zlari yaxshi ko`rgan mashhur shaxslarga ko`r-ko`rona taqlid qilishiga olib kelmoqda. Nahotki, teleboshlovchilar, ularning hurmatli suhbatdoshlari o`zbek adabiy tili me`yorlari haqida ozgina bo`lsa-da, tasavvurga ega bo`lmasa, ular ham shu yurtda tug`ilib o`smagan, shu yurt maktablarida, oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olmagan bo`lsa, nahotki ma`lumot, ta`lim va tarbiyani qaysidir mahalliy shevada olgan bo`lsa, afsus…

Hamma ko`rsatuvlarni shevada olib borib, dasturlar nomlarini ajnabiy tillarda qo`yaversak, adabiy tilimizning holi ne kechadi?! Kim bunga javob beradi? Bu ketishda bundan besh yuz yil burun butun umrini yarim Osiyoda tarqalgan turkiy qavmlarni go`zal adabiy til qamroviga birlashtirishga bag`ishlagan g`azal mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlarining betakror asarlarini keyinchalik Xorazm, Toshkent va boshqa shevalarda o`qishga majbur bo`lmaymizmi?!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev so`zlari bilan aytganda, “kitob o`qigan odamning madaniyati, ma`naviyati, ongi, fikrlashi o`zgaradi”, ko`p kitob o`qish o`zbek adabiy tilini chuqur o`rganish va bilish uchun asos bo`ladi. Puldor tadbirkorlarimiz qasrmonand, qimmatbaho qandillaru jimjimador bezakli to`yxonayu bazmxonalar qurish bilan cheklanib qolmasdan, kitob do`konlari, kutubxonalar, madaniyat-ma`rifat uylari, bog`cha, maktab, yo`lu ko`priklar, maishiy xizmat markazlari, hammomlar qurishni ham o`ylasalar, mamlakat va farzandlarimiz kelajagi uchun yanada foydaliroq bo`lar edi.

O`zbek adabiy tilini chuqur bilish uchun, avvalo, qonunda belgilanganidek, korxona-tashkilotlar, ta`lim muassasalarida o`zbek adabiy tilida, nutq madaniyatiga rioya qilgan holda so`zlashish, muloqot qilish, yuksak muomala madaniyatini yo`lga qo`yish va uni nazorat qilish zarur.

O`zbek adabiy tilini rivojlantirish, uning ham yozma, ham og`zaki shakllarining eng zarur qonun-qoidalari va ularga rioya qilishga doir hammabop va ommabop ilmiy ishlar, o`quv, uslubiy qo`llanmalar yaratish, ularni o`rta umumta`lim maktablari, liseylar, kasb-hunar kollejlari va texnikumlar, oliy ta`lim muassasalariga, ta`lim tizimi, nashr hamda targ`ibot-tashviqot ishlari bilan bog`liq barcha muassasa-tashkilotlar, radio va televidenie xodimlariga etkazish kerak. Takror bo`lsa ham oliy ta`lim muassasalarida “Ona tili va adabiyot”, “Nutq madaniyati”, “Davlat tilida ish yuritish asoslari” kabi fanlarni asosiy o`quv fanlari qatorida o`qitishni davom ettirish talabalarning o`zbek adabiy tilini yanada chuqurroq o`rganishiga, uni amalda qo`llay bilishiga yaqindan yordam beradi.

Televidenie, radio va internet orqali berilayotgan barcha materiallar o`zbek adabiy tilining grammatik qonun-qoidalari, talaffuz me`yorlari, yangi imlo qoidalariga mos ravishda bo`lishi ustidan qat`iy muharrir nazoratini o`rnatish, bu qoidalarga rioya etmaydiganlarga nisbatan chora ko`rilishini joriy etish zarur. Televidenie, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, muxbiru boshlovchilarning ona tilini chuqur bilishiga alohida e`tibor qaratish va ularning mas`uliyatini yanada oshirish lozim. Ular tayyorlayotgan materiallarda shevachilikka yo`l qo`yilmasligi, shevaga xos so`zlarning ochiq-oshkora targ`ib etilishini taqiqlash kerak. Shunday qilinmasa, televidenie shevalarni ko`z-ko`z qilish maydoni bo`lib qolaveradi va adabiy tilimiz o`rnini shevalar aralashmasidan iborat tushunarsiz qurama til egallab olishi mumkin.

Nashriyot-matbaa korxonalarida yangi alifboda nashr etilayotgan badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop asarlarning imloviy, ishoraviy, uslubiy xatolarsiz nashr etilishini ta`minlovchi mas`ullar tayinlanishi, kompyuter dasturlari yaratilishi lozim. Oliy ta`lim muassasalarida radiostudiya va telestudiyalar tashkil etish, ularda nutq madaniyatiga rioya qilinishi, nutq madaniyati muntazam targ`ib etilishi kerak. Shuningdek, talabalar bilan o`tkazib kelinayotgan ma`naviyat soatlarida o`zbek adabiy tilining grammatik qonun-qoidalariga rioya qilish, adabiy tilni rivojlantirish, ona tilimizga bo`lgan muhabbatni yanada kuchaytirish va nutqda huda-behudaga sheva hamda boshqa tillarga oid so`zlarni noo`rin, aralashtirib qo`llayvermaslikka doir targ`ibot ishlarini muntazam olib borish zarur.

Ta`lim tizimida faoliyat yuritayotgan barcha professor-o`qituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalarning o`zbek adabiy tilining grammatik, talaffuz va imlo qonun-qoidalariga rioya etishini qat`iy talab qilish va “tilbuzar"larga nisbatan ta`sir choralarini qo`llash zarur.

Oliy ta`lim muassasalarini bitirib chiqayotgan bo`lg`usi pedagoglarning yakuniy davlat attestasiyasi sinovlarida, maktabgacha ta`lim muassasalari murabbiylari, boshlang`ich ta`lim o`qituvchilarini ishga olayotganda ham ularning og`zaki va yozma savodxonligiga alohida e`tibor qaratish lozim. Shuningdek, oliy ta`lim muassasalariga ishda qoldirish yoki ishga qabul qilishda ham pedagoglarning yangi alifbo va imloda savodxonligini, o`zbek adabiy tilini qay darajada bilishini hisobga olish zarur.

Barcha muassasalar, tashkilot va korxonalarda rasmiy ish qog`ozlari yuritishda ularning yangi alifbo va imloda tayyorlanishini talab qilish kerak. Hozir esa, aksincha, yangi alifboda yozilgan hujjatlar qabul qilinmasdan, kirillchada tayyorlab kelish talab etilmoqda. Bu esa yangi alifboda savod chiqargan yoshlarning dadil ish boshlashiga to`siq bo`lyapti.

Oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilarining dars berish mahorati o`rganilganda, attestasiyadan o`tkazishda ularning o`zbek adabiy tilida to`g`ri, ravon, mantiqli, jozibador, ta`sirchan nutq so`zlay olishini ham hisobga olish kerak. Kerak bo`lsa, yosh o`qituvchilar uchun “O`qituvchining nutq madaniyati” fanidan mashg`ulotlar yoki maslahatlar tashkil etish lozim.

O`rta umumta`lim maktablari, liseylar, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy ta`lim muassasalari o`quvchi va talabalarining badiiy asarlar mutolaasini yanada kengaytirish, ularning kitobxonlik borasidagi tashabbusini qo`llab-quvvatlash, ular orasida yangi-yangi tanlovlar o`tkazish, g`oliblarni moddiy va ma`naviy rag`batlantirishni muntazam davom ettirish ham o`zbek adabiy tili rivojiga munosib hissa bo`ladi.

“Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini ta`minlash, yangi alifbomizni to`liq joriy etish, o`zbek adabiy tilini ravnaq toptirish uchun barchamiz o`zimizni daxldor deb bilsak, Onamiz, ona Vatanimiz, Ona tilimiz oldida o`z farzandlik burchimizni, mas`uliyatimizni chuqur his qilsak va amalda shunga mos ishlarni qilishda o`rnak bo`lsak, bu borada katta yuksalishlar bo`lishi shubhasiz.

Комментарии