41

Energetiklarimiz Afg`onistondagi nosozliklarga portlash sabab bo`lganini aytishmoqda

Jamiyat 10.10.2019, 16:02
62
Energetiklarimiz Afg`onistondagi nosozliklarga portlash sabab bo`lganini aytishmoqda

15-16 sentyabr kunlari Afg`onistondagi elektr uzatish tarmoqlari (tarmoq ustunlari) jangarilar tomonidan portlatilgani haqida xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqalgan edi. 

 “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Axborot xizmatining ta`kidlashicha, 2019 yil 14 sentyabr soat 14:00dan keyin O`zbekistondan Afg`onistonga uzatilayotgan elektr energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro`y berib, bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekanligi qayd etilga. 

Shuningdek, 24 sentyabr kuni soat 17:00 lar atrofida uzatish quvvatida qisqa muddatli uzilishlar paydo bo`lib, taxminan 17:40 larda tarmoqda yana yuklama paydo bo`lgani, ammo oradan yarim soat vaqt o`tgach, mavjud quvvat darajasi me`yordagisidan qariyb 4,5 marta pasayib ketgan.

Buni qarangki, 2019 yil 9 oktyabrga o`tar kechasi, aniqrog`i tungi soat 01:40 da Afg`oniston Islom Respublikasiga etkazib berilayotgan elektr energiyasining miqdori 0 (nol) darajaga tushib ketdi. 

“Da Afghanistan Breshna Sherkat” mutasaddilaridan olingan ma`lumotlarga qaraganda, harbiy harakatlar oqibatida Salangdovonidan o`tuvchi “Puli-Xumri” va “Chimtala” podstansiyalarini bog`lovchi 220 kVlihavoliniyasining 386-tayanch ustuniga zarar etgan.

2019 yil 9 oktyabr kuni soat 09:56 da eksport faqatgina Mozori Sharif yo`nalishi bo`yicha tiklangan va bu umumiy eksport qiymatining 10–13 %ni tashkil etadi. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, jangovar harakatlar tufayli nosoz holga kelgan ustunlar 3-4 kun ichida ta`mirlanadi.

Joriy yilning 11 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo elektr energiyasi Muvofiqlashtiruvchi Kengashining 32-yig`ilishida Afg`oniston Islom Respublikasi vakili — “Da Afghanistan Breshna Sherkat” mas`ul xodimi, Balx viloyati elektr tarmog`i korxonasining texnik masalalar bo`yicha direktori janob Muhammad Omon ishtirok etishi kutilmoqda. 

Axborot xizmati qo`shni Afg`on yurtining energetika tizimida qanday yangilik va muammolar borligi haqida afg`onistonlik mutaxassisdan o`sha kuni batafsil ma`lumot olib Darakchi.uz ga taqdim qilishini ma`lum qildi. 

 

 

 

Комментарии