Bugun Toshkent mahalliy aeroportida Iroq davlatidan qaytgan 64 nafar bolalar kutib olindi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Prezidenti topshirig`iga ko`ra, maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan Iroq davlati hukumati va YuNISEF xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda Iroq davlati hududida og`ir sharoitda qolayotgan 64 nafar bolani vatanimizga qaytarishga muvaffaq bo`lindi.
“Mehr 2” deya nomlangan mazkur insonparvarlik operasiyasi doirasida yurtimizga olib kelingan 39 nafar o`g`il va 25 nafar qiz bolalarning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo`lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan bolalar bor.
Ishchi guruh tomonidan ayni paytda turli xil xalqaro terroristik tashkilotlarga a`zo bo`lib, o`zga davlatlar fuqarolarining tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solganliklari uchun Iroq davlatida 10-20 yil muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan yoki umrbod qamoq jazosini o`tayotgan o`zbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar o`tkazildi va farzandlarini O`zbekistonga olib kelish bo`yicha ularning roziliklari olingan.
Ta`kidlash lozimki, ushbu ayollar turmush o`rtoqlarining ayrimlari ayni paytda xalqaro terroristik tashkilotlar safida qolayotgan bo`lsa, bir qismi jangovar harakatlar davomida ayanchli o`lim topishgan, qolganlari esa Iroq va Suriya qamoqxonalarda jazo o`tashmoqda.
Endilikda bolalar barcha qulayliklarga ega bo`lgan sog`lomlashtirish muassasasiga joylashtirilishi kutilmoqda. Mutaxassislar ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko`rsatishlari ko`zda tutilgan. Sihatgohda bolalar uchun issiq ovqatlar tashkil etilib, ularga yangi kiyim-kechaklar berilishi aytilmoqda.
Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish hamda bog`cha, maktablarga joylashtirish masalalari ham hal etilmoqda.