Му5
44

HUMOYuN

Mutolaa 11.10.2019, 14:48
757
HUMOYuN

Voqif Sultonli

HUMOYuN

Tarixiy hikoya

 

Tabib bemor yotgan chodirdan chiqib, ikki bukilgancha, Boburning huzuriga kirdi: hukmdor qo`li bilan ishora qilgach, taxt qarshisidagi gilam ustiga tiz cho`kdi. Garchi hali gap boshlamagan bo`lsa-da, tabibning jim turishi, yuzlaridagi parishonlik ifodasi bemorning ahvolidan darak berib turardi. 

Bobur tabibning taraddudidan sabrsizlandi:

– Mendan hech narsani yashirmasdan, borini gapir, - dedi.

Tabib ko`zlarini hukmdordan olib qocharkan, arang tilga kirdi: 

– A`lohazrat...

Bobur uning so`zlarini shart kesdi: 

– Ko`zimga tik qarab gapir!

Tabib arang jur`atini to`pladi: 

– A`lohazrat, bemorning ahvoli og`ir, ochig`i nima deyishga ham hayronman. Bir qoshiq qonimdan keching, ammo... muolajadan naf chiqmas deb qo`rqaman. 

Yigirma ikki yoshli Humoyun Boburning to`ng`ich o`g`li edi. Hukmdor o`g`liga shu qadar bog`lanib qolgandiki, nafaqat saltanat, balki o`z kelajagini ham usiz tasavvur qilolmasdi. Humoyun xastalanib qolganidan beri, Boburning ko`zlariga dunyo qorong`i bo`lib qolgan, hayot o`z ma`nosini yo`qotgandek edi. Mamlakatning turli hududlaridan taklif qilingan tabiblar xastaning dardiga davo topisholmadi. Himolayning baland qoyalari bag`ridan terilgan giyohlar, gullardan tayyorlangan malhamlar ham foyda bermadi. Hakimlarning xatti-harakatlariga qaramasdan, Humoyunning ahvoli tobora og`irlashar, bu esa Boburni yanada g`amga botirardi. 

Saroyda hamma narsa o`z muvozanatini yo`qotgan edi. Butun saroy ahli shahzodaning salomatligidan xavotirda, boshqa masalalar xususida hukmdorni bezovta qilishni xayoliga ham keltirmasdi. 

Zaharlanganidan beri, hatto eng yaqin odamlaridan ham shubhalanadigan bo`lib qolgandi. Hakim chiqib ketgach, Bobur o`g`lidan xabar olish uchun uning chodiriga kirdi. Bemor so`lg`in nigohlarini bir nuqtaga tikkancha harakatsiz yotardi. Uzluksiz davom etayotgan isitma Humoyunni holdan toydirgan, uni tanib bo`lmas holga solgandi. Bir paytlar yuz-ko`zlarida hayot shavqi toshib turgan yigitdan nom-nishon qolmagandi. 

Otasining kelganini payqab, Humoyun bir qimirlab qo`ydi. Lekin boshini yostiqdan ko`tarishga majol topmadi. Bobur o`g`lining yoniga tizzalab, uning qo`lini kaftlari orasiga oldi, olov bo`lib yonayotgan barmoqlarini uqaladi. Yigitning chala yumuq kipriklari orasidan ko`z yoshlari sizdi. Hukmdor ipak dastro`moli bilan o`g`lining yoshlarini artdi.

Bobur o`g`lining ko`zlarida umidsizlik nishonalari ko`rib, ichidan nimadir uzilgandek bo`ldi. O`g`lining ahvoli Agraga kelgan ilk kunlarda bunchalik og`ir emasdi. O`sha kunlarda shahzodaning yuzlarida sog`ayish umidi yaqqol sezilardi. Endi esa... Isitmaning ta`siridanmi, bemor tez-tez alahsirar, tushunarsiz gaplarni gapirar, ba`zan sovuq ter bosar, yuzi goh oqarib, goh ko`karar, rang olar, bir muddat hushini ham yo`qotardi. 

 

* * *

Boburning ayoli Mohim begim ham o`g`lining boshidan bir qadam jilmas, kechayu kunduz bemorga o`zi qarardi. O`g`lining ko`z o`ngida so`nib borayotganidan o`zini qo`yarga joy topa olmay turgan hukmdor ayolining mute` va umidsiz qarashlaridan battar ezildi. Faqat Mohim emas,  qizlari Gulrang bilan Gulbadan  ham ertayu kech akalarining boshi uzra parvona edilar. 

Tushdan keyin Mohim begimning iltimosiga ko`ra, saroyga Mir Abulqosimning kelganini eshitib, Bobur taxt tomon yurdi. Mir Abulqosim taniqli ulamo bo`lsa-da, uning maslahatlari o`g`lining oyoqqa turishiga yordam berishiga unchalik ishonmasdi. Axir manaman degan tabiblar biror chora topolmagach, u nima ham qila olardi? Ammo, cho`kayotgan cho`pga tarmashadi, deganlaridek, u ham ozgina umid qilish mumkin bo`lgan har qanday chorani qo`llashga shay turardi. Qolaversa, o`g`lining g`amida tunni kunga ulayotgan Mohim begimning ra`yini sindirishni ham istamadi. 

Abulqosim shohning yuzidagi parishonlikni darhol payqamadi va gapni qisqa qildi:

- A`lohazrat, bemor oyoqqa turmog`i uchun biror narsani tasadduq qilish kerak bo`ladi. 

Bobur nimanidir o`ylayotgandek jim turganini ko`rib, shayxulislom davom etdi: 

– Sizda bir qimmatbaho olmos bor di. Adashmasam, Ibrohim Lodi bilan urush paytida qo`lga kiritilgan. Ana o`shani tasadduq qilsangiz... 

Bobur shu asnoda xazinabonni chaqirib, qimmatbaho olmos – Ko`hinurni keltirishni buyurdi. Xazinabon ko`p o`tmay, oltin barkash ustidagi bejirim qutichani  podshohga ta`zim bilan tutqazdi. Olmos quticha ichida, qizil baxmal parchasiga o`rog`liq edi. 

Shoh qutichadan olmosni chiqardi. Keyin uni diqqat bilan ko`zdan kechirdi. Olmosdan taralayotgan ko`kish nur butun saroyni yoritib yubordi. Bobur bir muddat toshga tikilib turdi-da, keyin befarqlik bilan yana qutiga joyladi. 

–Shuni tasadduq qilishim kerakmi? – hukmdorning o`tkir nigohlari qarshisida shayxulislom o`zini yo`qotib qo`ydi. “Shu bahona u olmosga ega chiqmoqchi” degan o`y o`tdi podshohning xayolidan. Ammo, o`g`li o`lim bilan olishayotgan paytda u olmos uchun qayg`uradigan ahvolda emasdi.

-Humoyun dunyo moliga ko`z tikmagan bo`lsa, uning uchun bu toshning qanchalik qimmati bo`lsin? 

Mir Abulqosim indamasdan ta`zim bajo etdi. 

-Agar nimanidir tasadduq qilish kerak bo`lsa, unda men o`z jonimni o`g`limning sihati uchun sadqa qilganim bo`lsin, – bir muddat jimib, yana ilova qildi: – Humoyunning mening jonimdan qimmatroq xazinasi yo`q. 

Mir Abulqosim hukmdorning bu qaroridan seskanib ketdi:

-Aslo, a`lohazrat, o`z joningizni fido qilmang! Men shunchaki... nazr-niyozdan keyin shahzodamizning salomatliklari yaxshilanar, degan umidda aytgandim Axir, sizsiz bu ulkan mamlakatning ahvoli ne kechishini tasavvur ham qilolmasmiz. 

Hukmdor og`ir qo`zg`alib, o`rnidan turdi: 

-Men qaror chiqarib bo`ldim. O`g`limning azoblariga boshqa chidolmayman, – u tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi. 

Bog`da botayotgan quyoshning qizg`ish shu`lasi kuzak barglarida aks etmoqda edi. Bobur bog` chetidan oqib o`tuvchi ariq bo`yida tahorat oldi. Boshidagi tojni shohsupa ustiga qo`yib, oddiy kuloh kiydi. Egnidagi zarrin choponini ham oddiy yaktakka  almashtirdi. Keyin o`g`lining yotog`iga qaytib, uning boshidan uch marotaba aylandi va qo`lini fotihaga ochib, nimalarnidir pichirladi. Keyin qibla tomonga qarab to`shalgan joynamoz ustida ikki rakaat namoz o`qidi. Ikki tarafga salom bergach, yana qo`lini duoga ochdi. 

– Ulug` Tangrim! Sen bergan jonni o`g`limning tezda oyoqqa turib kelishi uchun tasadduq qilmoqchiman. O`zing bu tasaddug`imni qabul qil. Unga yuborgan har qanday azoblaringni menga ber. Jigarbandimni bu og`ir darddan O`zing xalos qil. Yaratgan Egam, sengagina ibodat qilaman. Sendangina madad so`rayman! O`zing qudratingni ko`rsat!

Bobur namozni tugatib, o`rnidan turdi. Elkasidan tog` qulagandek engil nafas oldi. Uzoqdan eshitilayotgan musiqa ovozini eshitib to`xtadi. Humoyun yotib qolganidan beri qulog`iga bunday tovushlar kirmay qo`ygandi. 

Ovozidan yosh ekanligi bilinib turgan xonanda “Humoyun” qo`shig`ini kuylamoqda edi. Mirzo Mansur Tabriziy bastalagan bu maqomni  u ilk marta bundan bir necha yil avval Kobulda tashkil qilgan bir ziyofatda eshitgandi. Keyinchalik bu maqomda Nasimiy va Navoiyning  g`azallariga  bastalangan ko`plab qo`shiqlar ijro etildi. Bobur aynan “Humoyun” maqomini tinglash uchun Mirzo Mansurni o`z guruhi bilan saroyga chaqirib, in`omlar bilan siylagandi. 

Endi ustoz xonandaning bevaqt o`limidan so`ng ilk bor “Humoyun” maqomi yana shunday mahorat bilan ijro etilmoqda. Go`yoki, bu ovoz o`tmishdan, tarixning sirli so`qmoqlari bag`ridan chiqar, butun borliqni o`z izmiga olgan, Er yuzini dard-alamga burkamoqchidek bo`lardi. Udning bo`g`iq sadosi xonandaning hazin ovozini bosib ketgandek bo`lardi. O`g`li uchun bastalangan bu maqom nega buncha g`amgin chiqqanini tushunmoqqa oshiqar, ichiga oqayotgan ko`z-yoshlari selida cho`kayotib, ohanglarning mavjida dunyoning tolei, kelajagi bilan bog`liq, unga hali ma`lum bo`lmagan allanimalar yashirinligini ko`rardi. 

Oy kechani kumush rangga bo`yagandi. Bobur og`ir qadamlar bilan Jamna qirg`og`iga tushdi. Oy yog`dusida sokin oqayotgan daryo sathida oy parchalari ma`yus tebranadi. Hukmdor sohilda yassi xarsangtosh ustida o`tirgancha, uzun muddat suvdan ko`z uzmadi. U ko`pincha mahzun damlarida shu erga kelar, sokin mavjlar bilan jim sirlashardi. Ammo nazarida suv bugun butunlay boshqacha tusda, boshqacha ko`rinishda edi. 

Xayollar uni olis-olislarga olib ketdi. Samarqandni olish chog`idagi kurashlar, Kobulning fath etilishi, Hindistonning egallanishi, Ibrohim Lodiy bilan jang – barcha barchasi ko`z oldidan birma-bir o`tdi. Vaqtning bu qadar tez o`tishiga ishongisi kelmasdi. U ham mana hash-pash deguncha 47 yoshga kirib qo`yibdi. Nazarida bu hodisalar ko`z ochib yumguncha bo`lib o`tgandek edi. 

 

* * *

...Tun yarmidan og`ganda hukmdorning ahvoli yomonlashdi. Bobur hech kimga bildirmasdan, o`z yotog`iga yotishni istasa-da, og`riqning zo`ridan ko`ziga uyqu kelmadi. Faqat butun shahar tunni qora choyshabiga butunlay o`ragan chog`da ko`zlarini yumdi. Tushiga Humoyun kiribdi. Farishtalar uning atrofini aylanayotgan, qanotlari bilan o`g`lining yuz-ko`zlarini siypalayotgan emishlar. 

Tong yorishganda, erining ahvolidan xabar topgan Mohim Boburni ko`rsatish uchun saroy tabibiga odam yubordi. Ammo, Bobur uni qabul qilmadi. 

Shoh isitmaning haroratidan lablari titrab, Humoyunni so`radi. O`g`lining ahvoli yaxshilanganini, duolari Yaratganga etib borganini angladi. O`sha kuniyoq hukmdor og`ir xastaligiga qaramasdan, saroy ahlini to`plab, Humoyunni valiahd deb e`lon qildi va saltanatni unga topshirdi. 

Keyin unga tikilgan nigohlar ta`qibi ostida ahvoliga xos bo`lmagan o`ktam ovozda atrofdagilarga murojaat qildi:

–Meni Kobulda dafn etasizlar!

Hukmdorning ovozida allanechuk eminlik bor ediki, hech kim bir og`iz gapirishga jur`at qilolmadi. 

...Bu hodisalardan uch kun o`tib, Bobur uni ziyorat qilish uchun kelgan o`g`li Humoyunning qo`lida jon taslim qildi. 

Buyuk hoqonning vasiyati oradan to`qqiz yil o`tgachgina amalga oshdi...

 

8-10 fevral 2019,

Dehli-Agra, Hindiston

Шарҳлар