Му5
46

Zulfiqor – islom tarixidagi eng mashhur qilich

Moziydan sado 14.10.2019, 09:26
883
Zulfiqor – islom tarixidagi eng mashhur qilich

Diniy  manbalarda, xalq og`zaki ijodida “Zulfiqor” atamasiga tez-tez duch kelamiz. Bu nom xulofoi roshidinning to`rtinchisi – Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ga tegishli ekani ham ko`pchilikka ma`lum. Ammo, bu qilichning tarixi, uhaqidagi afsona va haqiqatlardan hamma birdek ogoh emas.

                            Zulfiqor nima degani?

         Bu nom hatto musulmonlar orasida erkak kishining ismiga ham aylangan. Arab tilidan tarjima qilinganda “umurtqa, bo`g`ilmlar egasi”, “to`lqinsimon izli” singari ma`nolar beradi. 

Zulfiqor islom tarixidagi eng mashhur qilich hisoblanadi. Buyuk hamyurtimiz Abu Iso at-Termiziyning “Shamoyili Muhammadiya” asarlarida keltirishicha, payg`ambarimiz Rasululloh (s.a.v.)ning   ettita yoxud o`n bitta qilichlari bo`lgan. Har birining alohida nomi bo`lib, eng mashhuri Zulfiqor bo`lgan. Payg`ambarimiz uni har doim o`zlari bilan olib yurganlar. 

Anas (r.a.)ning aytishlaricha, mazkur qilich dastasining uch qismi qoplamasi  kumushdan bo`lgan. Qilichning tig`i ilonning ayri tilini eslatgan. Unda arab tilida “Lo fato ilo Ali, lo sayf illo Zulfiqor” bayti biligan bo`lib, uning tarjimasi “Alidan boshqa qahramon, Zulfiqordan bo`lak qilich yo`q” degan ma`noni bildiradi. Ayrim manbalarda bu fikrni Payg`ambarimiz (s.a.v.)ga nisbat bersalar, boshqa manbalarda bu shunchaki arablardagi naql deb qaraladi. 

Islomdan avval ham mashhur bo`lgan bu qilichni makkalik Marzuq as-Saqil ismli usta yasagan. U Rasulullohga (s.a.v.) o`tgunicha Munabbih ibn Hajjoj degan kimsaga tegishli bo`lgan. Milodiy 624 yilda Badr jangida o`lja qilib olingach, u payg`ambarimizga taqdim qilingan. Shuningdek, o`sha paytdagi Misr hukmdori Muqavqis bu qilichni payg`ambarimizga hadya etgani ham aytiladi. Payg`ambarimiz vafotlaridan keyin  qilich Hazrati Aliga va ul zotning avlodlariga o`tgan. 

                            Afsonalar tilga kirganda...

         Zulfuqor nomi xalq og`zaki ijodiga, doston va ertaklarga, xalq qissalariga singib ketgan. Ulardan ayrimlarini eslatib o`tamiz: 

Qilichning dastavval jannatda osig`liq turgani, keyin Jabroil (a.s.) ushbu qilichni Rasululloh (s.a.v)ga olib chiqib berganlari haqida ham rivoyatlar yuradi. Naqllarga ko`ra, qilichning uzunligi besh metr, og`irligi 105 kilogramga teng bo`lgan. Albatta, bunday kattalik va og`irlikdagi qurol bilan jang qilish mumkinligiga ishonish qiyin. 

Qilichning ikkita uchi bo`lib, rivoyatlarga ko`ra, ularning biri ilm, ikkinchisi adolatni tamsil etgan. Qilichning bir uchi g`animni yaralasa, ikkinchisi do`stlarga shifo bag`ishlarkan. Hazrati Ali qilichni qinidan sug`urayotgan paytda ehtiyotsizlik qilganlari bois, tig`ning uch qismi ikkiga ayrilib qolgan. Shuningdek bu qilich halol, iymonli, qalbi pok insonlarga aslo jarohat etkazmas emish. 

         Hazrati Ali haqidagi xalq qissalarida bu qilich bilan turli tuman qahramonliklar zikr etiladi. Hazrati Ali bir kuni ulkan ajdaho bilan jang qilganlarida maxluq ul zotni o`z domiga tortgan. Hazrati Ali qilichni ko`ndalang tutgancha, ajdahoning qorniga kirib boravergan. Qilich damining keskirligi sababli ajdaho qoq ikkiga bo`linib ketganini sezmay qolgan. 

         Hazrati Ali jangdan bo`sh vaqtlarida qilichni osmonga irg`itganlar. Qilich tinchlik paytlarida  g`ayridinlarning chegarasida havoda muallaq turib, musulmonlarni qo`riqlagan. Jang boshlangan paytda Hazrati Alining nidolarini eshitib, qilich ul zotning qo`llariga kelib tushgan. 

Zulfiqor haqidagi ma`lumotlarning qay biri afsona, qay biri haqiqat – aniqlash qiyin. Bularga ishonish-ishonmaslik har kimning qalbiga havola.

                            Zulfiqor qaerda? 

Dinimiz qudratining timsollaridan biri bo`lgan “Zulfiqor” qilichi haqida bahs-munozaralar shu kunga qadar davom etib kelayotir. Uning kechmishi haqida turlicha qarashlar mavjud. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, qilichning asl nusxasi 11-asrdan so`ng umuman yo`qolgan. Ayrim rivoyatlarga ko`ra, Zulfiqor Hazrati Ali bilan bilan birga dafn etilgan. Keyingi taxminga ko`ra, Hazrati Ali vafotlaridan avval ushbu qilichni dengizga cho`ktirishni vasiyat qilganlar. Najafda Husayn ibn Ali (r.a.) qilichni suvga tashlagan ekanlar. Boshqa rivoyatlariga ko`ra, qilichni shialarning oxirgi imomi Mahdiy o`zlari bilan olib, g`orga kirib ketganlar. 

            Islom olimlaridan Ibn Sirin (653-729) Usmon ibn Sa`dning ushbu fikrlarini keltirib o`tadilar:  «Men o`z qilichimni Samurning qilichiga o`xshatib yasadim. U esa, qilichini Rasululloh (s.a.v.)ning qilichlariga o`xshatib yasagan ekanlar. Ushbu qilich keyin Hazrati Aliga o`tgan. Undan esa, uning farzandlariga qolgan. Hazrati imom Husayndan so`ng qilich uning o`g`li Ali ibn Husaynga o`tgan. 

Ibn al-Kasirning “Bidoya an-nihoya” asarida keltirilishicha, Ali ibn Husayn otalari imom Husaynning qotili – Yazid ibn Muoiviyaning oldiga, Damashqqa yurish qilganda, ushbu qilich ham ularga hamroh bo`lgan. Muhaddislardan Imom Muslimning “Sahih”larida yozilishicha, Ibn Mahram Ali ibn Husaynning yaqin safdoshlaridan bo`lgan ibn Mahram undan qilichini so`ragan. “Menga Rasulullohning qilichlarini berasanmi? Men uni sendan olib qo`yishlaridan qo`rqaman. Allohga qasam, agar uni menga bersang, hech kim to meni o`ldirmaguncha qilichni qo`limdan ololmaydi” degan ekan. 

Zulfiqorning uchi ayri bo`lgani bois, qadimda musulmon davlatlarida aynan unig shaklini eslatuvchi qilichlarni tayyorlash urf bo`lgan. Shuning uchun ham bugunga qadar “Zulfiqor” deb taxmin qilinadigan bir qancha qilichlar dunyoning turli hududlarida, jumladan Istanbul shahridagi To`pqopi muzeyida, Misrdagi Qohira muzeyida ham saqlanadi. Ammo, ular orasida haqiqiy Zulfiqor bormi-yo`qmi – bu faqat Yaratganganiga ma`lum. 

                            Iqbol Humoyun

 

Шарҳлар