Euronews.com nashri ma`lumotlariga ko`ra, «Xagibis» to`foni oqibatida 40 kishi halok bo`lgan yana 16 nafari esa bedarak yo`qolgan.
Bundan tashqari, 189 nafar kishi jarohatlangan. Kioda agentligi qidiruv-qutqaruv operasiyalari davomida mazkur raqamlarning ortish ehtimoli yuqori ekanligini ma`lum qildi. Mutaxassislar ma`lumotiga ko`ra, shanba kuni mamlakatning Xonsyu oroliga yopirilgan to`fonning markazidagi bosim 945 gektopaskalni tashkil etgan. Shamolning tezligi esa sekundiga 45 metrga qadar borib etgan. Kuchli suv toshqinlar va ko`chki yuzaga kelishi xavfi sabab 7 milliondan ortiq kishi o`z boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo`lgan. Kuchli yog`ingarchilik natijasida mamlakatning aksariyat hududlarida suv toshqinlari kelib chiqdi.
Bu Yaponiyada kuzatilgan so`nggi 60 yildagi eng kuchli to`fon ekanligi aytilmoqda. Tokiodan shimoli-g`arbda joylashgan Nagano prefekturasi hududi butunlay suv ostida qolgan. Bu erda suv sathi balandligi 2-3 metrga qadar borib etmoqda. Tabiiy ofatdan jabrlangan mamlakatning 13 prefekturasida jami 100 mingdan ortiq xonadon elektr tarmog`idan uzilib qoldi. To`fon zarar etkazgan hududlarda olib borilayotgan qidiruv-qutqaruv ishlariga 110 mingdan ortiq polisiya vakillari, o`t o`chiruvchilar va harbiylardan iborat guruh jalb etilgan. Noqulay ob-havo sharoiti mamlakat transport tizimini butunlay izdan chiqardi. Dam olish kunlari Tokio va Tiba aeroportlarida mingdan ortiq reyslar bekor qilindi. Bugunga kelib havo qatnovi qayta tiklangan bo`lsa-da, poezdlar harakatlanishida cheklovlar hamon saqlanib turibdi.