Му5
48

Layli va Majnun hayotda ham bo`lganmi?

Mutolaa 01.11.2019, 15:41
1076
Layli va Majnun hayotda ham bo`lganmi?

“Layli va Majnun”. Mana, necha yuz yildirki, bu ikki ism pok sevgi, vafo va sadoqat ifodasi bo`lib keladi. Ular chindan ham hayotda yashab o`tganmi, degan savol ko`pdan beri adabiyotshunos olimlarni o`ylantirib keladi. Bu xususdagi  ishqiy qissalarning barchasidahar ikkisi arab qabilalarida tug`ilib o`sgani aytiladi. Ayrim arab tarixchilari ularni tarixiy shaxs ekanini aytsa, boshqalari buni inkor etadi. Yana ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Qays tarixiy shaxs bo`lib, uning to`liq ismi Qays ibn Muoz yoki Qays ibn al-Mulavvah bo`lgan. U  Majnun taxallusi bilan she`rlar bitgan.

  Darhaqiqat, arab mumtoz she`riyatida islomiyatdan avval ushbu taxallus bilan bir qancha shoir ijod qilgani ma`lum. Lekin ularning qay biri biz o`ylagan Majnun ekanini aniqlash mushkul. XI asrda yashagan tarixchi va sayyoh Nosir Xisrav o`zining “Safarnoma”sida Arabiston yarimorolida Toif shahri  yaqinida  Layli yashagan qo`rg`onning xarobalarini ko`rgani haqida yozadi. 

  Sharq adabiyotida “Layli va Majnun” mavzusining paydo bo`lishi bilan bog`liq ko`p va xilma-xil fikrlar, taxminlar mavjud. Har qalay Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari fors adabiyotining etuk salaflari bu mavazuda bir-biridan rangin va go`zal dostonlar bitishgan. Ular orasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ilk bor turkiy tilda yaratgan "Layli va Majnun" dostoni alohida o`rin tutadi. 

Sharqdagi eng mahzun qissa

Qays arab sahrosidagi Omir qabilasi  sardorining tangridan tilab olgan bittayu bitta o`g`li edi. U yoshligidan aqlu odobi, o`tkir zehni, chiroyli xulqi, zohiriy va botiniy chiroyi bilan el og`ziga tushadi. Maktabda qo`shni, Hay qabilasi boshlig`ining qizi – Laylini sevib qoladi. Layli ham unga ko`ngil qo`yadi. Ammo davr taqozosi, mahalliy urf-odatlar ularning oshkora sevishib, bir-birining diydoriga to`yishga imkon bermaydi. Laylining otasi uni maktabdan olib uyga qamaydi. Qays esa sahroga yuz buradi. Laylining dardida kuyib-yonib, el ichida Majnun, ya`ni jinni degan ot chiqaradi.

  Laylining otasi Majnunning otasiga odam yuborib, o`g`lini tiyib qo`yishi lozimligi, bo`lmasa qat`iy choralar ko`rishini, qo`lidan har qanday ish kelishi mumkinligini aytadi. Majnunning otasi o`g`lini sahrodan tutib kelib, zanjirda saqlaydi,  “shoyad, aql kirsa” deya o`g`lini ka`ba ziyoratiga olib boradi. Bularning hech biri naf bermaydi. 

  Bu orada  Laylining otasi qizini Bani Asad qabilasi sardori Ibn Salomga bermoqchi bo`ladi.Buni eshitgan Laylining bir dardi o`n bo`ladi. 

  Majnun ham sahroda Navfal ismli olijanob inson bilan tanishib qoladi. Navfal uni o`ziga kuyov qilmoqchi bo`ladi. Ota-onasining qistovi bilan  Majnun Navfalga kuyov,  Layli esa, Ibn Salomning jufti haloli  bo`lishga rozilik berishadi. 

  Har ikkisining to`yi bir kechada bo`ladi. Ammo, ittifoqo Ibn Salomni o`sha kechasi tutqanoq tutadi, Navfalning qizi esa, Majnunga boshqa birovni sevishini aytadi. Shu taxlit Layli ham, Majnun ham bir-biridan bexabar sahroga yo`l oladilar va nogahon taqdir ularni uchrashtiradi. 

Shu oqshom kimsasiz bir maskanda ular bir-birlarining diydorlaridan bahra oladilar. Layli uyiga,Majnun esaNajd tog`iga yo`l oladi. Ko`p o`tmay, Majnun ota-onasidan ayriladi. Bu musibat sovimay turib,  Laylining o`limidan xabar topadi. Majnun Laylining uyiga borib, uning jonsiz tanasi ustida jon taslim qiladi…

Majnundan nimani o`rganish mumkin?

Asarni o`qir ekansiz, ko`z o`ngimizda ikki xil qiyofadagi Majnun gavdalanadi. Birinchisi, oqil, har jihatdan komillik erishgan, qobil farzand. U ota-onasining rizosi uchun har ishga tayyor. Ikkinchisi, butun jismi-joni Layliga aylangan, vujudi junun savdosiga to`lib-toshgan savdoyi...

  Dostonning tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida to`xtalish joiz. Bu asarda muhabbatning beqiyos kuch-qudrati avj pardalarda tarannum etilsa-da, farzandlik ehtiromi, insoniylik, rahm-shafqat singari fazilatlarga ham keng o`rin beriladi.

Ikki yoshning muhabbati shu qadar kuchli edi, ular ota-onalarining amridan bo`yin tovlab, bir-birining visoliga etishi (xuddi bugungi kundagi aksariyat romantik filmlar qahramonlari singari) ham mumkin edi-ku! Yo`q, ularning har ikkisi ota-ona oldidagi mas`uliyatni unutishmaydi. Har ikkisi ota-ona mayli, orzu-havaslari tufayli o`zgalar bilan umrlarini payvandlashga rozi bo`ladilar. Ammo, taqdirning o`yinini ko`ringki, har ikkisi ham muayyan sabablarga ko`ra, chimildiqni tark etadilar va tasodif ularni uchrashtiradi. 

  Layli va Majnunning uchrashuv onlarini ham shoir o`zgacha ishtiyoq bilan tasvir etgan. Aynan o`sha tunda butun borliq ikki qalbning birlashuvi uchun sharoit yaratgan, parrandayu darrandalar sukutga cho`mgan, yulduzlar ham ham falakda jimgina ularga baxt tilar, tun ham bu diydorning uzoq davom etishini istar, saharning yo`liga qora parda tutgandi. 

  Axir ana shunday qulay bir vaziyatda har ikkalasi Shayton amriga quloq tutib, gunohga qo`l urishi mumkin edi-ku! Ammoularning muhabbati pok edi. Bu visol o`tlidil izhorlaridan, jonbaxsh suhbatlardan, shirin erkalashlardan nariga o`tmaydi...

  Har ishki o`tub haloklikdin,

  Ayru emas erdi poklikdin, 

- deydi Navoiy ularning visol chog`ini tasvirlash asnosida.

«Yig`lay-yig`lay tugotdim oxir…»

    Majnun chin ma`noda poklik va beg`uborlik timsoli ham edi. Uning muhabbati shunchaki bir jins vakilining ikkinchi jinsga intilishi mahsuli emasdi. Asar so`ngida Navoiyning  o`zi baho berganidek, bu  ishq majoziylikdan boshlanib, haqiqatga yo`g`rilganilohiy bir muhabbat edi. Shu bois uinsonlar uchun begona, hatto devona edi. 

  Ne ajabki, uni insonlar emas, aynan hayvonlar – tilsiz jonzotlar osonroq tushuna oladilar. Hatto eng hurkak jonivor jayronlarham undan qochmay, u bilan do`st tutinadi,vahshiy hayvonlar ham uning qoshida sodiq itdek yuvosh tortib qolishadi. Qushlar elkalariga qo`nib, u bilan sirlashadi. Agar Majnun bu qadar pok bo`lmaganida, otasi Laylini o`ldirmoqqa qasd qilgani ham, ota-onasining o`limi ham uning tushadi ayon bo`lmas edi. Hatto Laylining o`limi haqida unga g`oyibdan xabar etadi...

  Asarning «final» qismi – har ikki qahramonning o`limi, ularning so`nggi manzilga  tasvirlangan misralarni hayajonsiz o`qish qiyin.

  Bir na`shqa soldilar ikovni,

  Jonsiz kelinu o`luk kuyovni.

  Kirdi iki jism bir kafanga,

  Yo`q-yo`q, iki ruh bir badanga...

Ma`lumotlarga ko`ra, buyuk adib Abdulla Qodiriy «O`tgan kunlar»dagi Kumushbibini, Onore de Balzak o`zining sevimli qahramoni Gorio otani «o`ldirib» qo`yishganida yosh boladek ko`z-yosh to`kishgan ekan. Xuddi ana shu holni hazrat Navoiy ham boshlaridan kechirgan ekanlar.

   Ya`ni bu sifat firoqnoma,

  Bo`ldi manga qatrarez xoma.

  So`gin nechakim uzottim oxir,

Yig`lay-yig`lay tugottim, oxir. 

  Layli va Majnun mavzusiga hazratNavoiydan keyin ham juda ko`plabijod ahli murojaat etgan. Xususan, so`z zargarlaridan yana biri Muhammad Fuzuliy ham ana shunday doston yaratgan. Turkiy tildagi yaratilgan ushbu asarda ham shoirning hazrat dahosidan, uning betakror ijodidan bahra olgani sezilib turadi. 

  Bundan roppa-rosa yuz yil muqaddam «Layli va Majnun teatr sahnasiga chiqarildi. Musulmon sharqidagi ilk opera Ozarboyjon bastakori Uzayir Hojibekov ijodiga mansub «Layli va Majnun» operasi edi. 

  Darhaqiqat, bu asar ko`plab olim va mutaxassislarning e`tirofiga sazovor bo`lgan. Bir paytlar mashhur rossiyalik  sharqshunos olim Nikolay Konrad  doston haqida katta minbardan turib, gapirarkan, ko`ziga yosh olib, "Men ana shunday buyuk shoirni etishtirgan o`zbek xalqi oldida  ta`zim qilaman", degan ekan. 

  Darhaqiqat, mana yillar, asrlar o`tsa-da, Layli va Majnun nomi, ularning pok muhabbati, dardu alamlarga boy hayoti tillarda doston bo`lib kelayotir. 

                Nigora Erkinova, 

Toshkent shahar 27-maktab ona tili va adabiyoti o`qituvchisi

 

Шарҳлар