Qozog`iston Respublikasida o`zbeksitonliklar YTHga uchrashi oqibatida bir kishi olamdan o`tdi. Bu haqida TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar berdi.
Mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi ma`lumotiga ko`ra, 2019-yil 2-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:20da Mang`istau viloyati hududidagi Tajen–Beyneu avtomobil trassasida O`zbekiston fuqarosi J.J. boshqaruvi ostidagi avtomobil halokatga uchradi. Yo`l-transport hodisasi natijasida O`zbekiston fuqarosi Sh.X. vafot etdi.
Haydovchi va boshqa 5 nafar vatandoshimiz engil jarohatlar olgan va davolanishga muhtoj emas.
Beyneu tumani Ishki ishlar bo`linmasi yo`l-transport hodisasi yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog`istonning tegishli idoralari bilan tezkor aloqa o`rnatgan.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning qarindoshlari va do`stlariga ta`ziya izhor etadi va Qozog`istonning Aqto`be, Atirau, Mang`istau va G`arbiy Qozog`iston viloyatlarida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulligiga +7-29-277-71-17 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.
Eslatib o`tamiz, 29-oktyabr kuni Nur-Sulton shahri yo`nalishidagi Ekaterinburg-Olmaota avtomobil yo`lida Aqmo`la viloyatining Arshali tumani hududida avtomobil urib ketishi natijasida O`zbekiston fuqarosi A.U. voqea joyida halok bo`lgan edi.