2019 yil 10 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini joriy yil 14 dekabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar mamlakatimiz demokratik taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning me`yoriy-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalarni muhokama qiladi. “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida”gi, “Davlat boji to`g`risida”gi, “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to`g`risida”gi, “Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Senat a`zolari notariat tizimining tubdan isloh qilinishi, ba`zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni muhokama qiladi.
Kengash tomonidan Senat qo`mitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududiy manfaatlarni himoya qilish, hududlar aholisini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish, shuningdek ularni hal etish bo`yicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirig`i berildi.