Му5
5

5 ta muhim tashabbus doirasida hududlarga sport karvoni jo`natildi

Sport 15.01.2020, 21:13
413
5 ta muhim tashabbus doirasida hududlarga sport karvoni jo`natildi

15 yanvar kuni poytaxtimizdagi «Milliy» stadionda sport jihozlari va inventarlari joy olgan sport karvonini mamlakatimiz hududlariga kuzatish marosimi bo`lib o`tdi. 

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, hududiy boshqarmalarning mas`ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Sir emaski, bugungi kunda muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yosh avlodning har jihatdan sog`lom va barkamol insonlar bo`lib ulg`ayishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yo`nalishi bevosita jismoniy tarbiya va sportga qaratilganligi zamirida ham ulkan ma`no mujassam, desam xato bo`lmaydi. Mana hozir Qoraqalpog`iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi jami 230 ta bolalar va o`smirlar sport maktablariga jo`nab ketayotgan sport karvoni mamlakatimizning ertasi bo`lgan yoshlarni yanada etuk sportchilar bo`lib ulg`ayishiga xizmat qiladi. Ajabmaski, ular orasidan kelgusida nomdor sport yulduzlari, jahon va olimpiada chempionlari etishib chiqsa, – dedi sport karvonini kuzatish marosimida so`zga chiqqan Tanzila Norboeva.

Shundan so`ng barcha hududlardan kelgan mas`ul vakillarga maxsus sertifikatlar topshirildi va ulkan sport karvoni respublikamiz bo`ylab yo`lga chiqdi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yoshlariga jo`natilgan ushbu sport karvonidan umumiy qiymati qariyb 50 milliard so`mlik 96 turdagi sport jihozlari, inventarlari va kiyimlari joy olgan. Shundan 19 milliard 316 million 802 ming so`mlik sport jihozlari mamlakatimizdagi 230 ta bolalar va o`smirlar sport maktablariga etkazib beriladi.

Bundan tashqari, yurtimizda voleybol sportini yanada rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 30 milliard 309 million 22 ming so`mlik sport jihozlari, inventarlari va kiyimlari esa respublikamizdagi 7 542 ta umumta`lim maktablariga jo`natildi, deya xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.

 

Шарҳлар