Toshkentda afsonaviy xokkeychilar ishtirokida musobaqa bo`lib o`tadi

Sport 16.02.2020, 22:57
Теглар: xokkey, Xumo Arena
653
Toshkentda afsonaviy xokkeychilar ishtirokida musobaqa bo`lib o`tadi

17 fevral dushanba kuni “Xumo Arena”da afsonalar matchi bo`lib o`tadi. “O`zbekiston do`stlari” jamoasi O`zbekiston xokkey federasiyasi jamoasiga qarshi bellashuvga chiqadi. 

Afsonaviy xokkeychilar guruhida Valeriy Kamenskiy, Aleksey Jamnov va Vitaliy Proxorovdan tashqari O`zbekiston do`stlari safida olimpiada chempioni, Jahon va Evropa o`yinlarining uch karra chempioni, Kanada kubogi sohibi Sergey Shepelev va bir necha karra Evropa hamda Sovet Ittifoqi chempioni Aleksey Kasatonov, “Troyniy oltin klubi” a`zosi Vladimir Malaxov ham bor. Jamoa treneri – ikki karra olimpiya chempioni, ko`p marta jahon, Evropa va Sovet Ittifoqi chempioni mashhur Aleksandr Yakushev. Jamoa kapitani – Rossiya Federasiyasi Xavfsizlik Kengashi kotibining o`rinbosari, general Rashid Nurgaliev.

O`zbekiston Xokkey federasiyasi jamoasi tarkibida Shukur Karimovdan tashqari Toshkent “Binokor” jamoasining sobiq o`yinchisi, hozirda O`XF musobaqalarini o`tkazish bo`yicha direktori Vladimir Storonkin, «Xumo” xokkey klubining bosh menejeri, jahonning 9 ta chempionati ishtirokchisi Latviya terma jamoasi o`yinchisi Normunds Seyeys, «Xumo» trenerlari Boris Tortunov, Oleg Mikulchik va boshqalar qatnashadi.

– Mazkur match birinchi o`rinda O`zbekistonda xokkeyni ommalashtirishga qaratilgan. Bu borada Xokkey federasiyasi ko`pgina ishlarni amalga oshirmoqda, – dedi O`XFvise-prezidenti Baxodir G`afurov. – O`zbekistonga o`z o`yini bilan butun dunyoga tanilgan buyuk xokkeychilar tashrif buyurdi. Bu xokkey ishqibozlari uchun ajoyib imkoniyat emasmi? Albatta, bo`lib o`tadigan uchrashuv dasturida o`ziga xos qiziq sahnalar ham yo`q emas. Misol uchun, tanaffus paytida O`zbekistondagi xokkey maktabi o`quvchilari yosh xokkeychilarning bellashuvi ham bo`lib o`tadi. 

Xokkey targ`iboti faqat bellashuvni o`tkazish uchungina emas, balki bu boradagi ishlarning samarasini oshirish, mamlakatimizda etishib kelayotgan yosh xokkeychilarni qo`llab-quvvatlash uchun xizmat qiladi. Bu yosh o`yinchilar bizning ilk qaldirg`ochlarimiz. Bizning yosh Federasiyamizning hozirda maqtanishga arzigulik yutuqlari ham bor va bu yutuqlar kelgusida yanada tirishqoqlik bilan faoliyat olib borishga undaydi. Albatta, tomoshabinlar mazkur xokkey musobaqasining ajoyib lahzalaridan bahramand bo`lishadi. Dastur doirasidagi bo`lib o`tadigan figurali raqslar va konsert nomerlari hech kimni befarq qoldirmaydi. 

Afsonalar matchi 17 fevralda “Xumo Arena” muz saroyida soat 17.00 da boshlanadi.

Match boshlanishi oldidan soat 15-30 da «Xumo Arena»da jurnalistlar uchun press-konferensiya tashkil etiladi.

Suratda:O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning xokkey afsonalari bilan uchrashuvi.2019 yil 15 mart. Chapdan o`ngga: O`XF bosh kotibiShukur Karimov, ikki karra olimpiya chempioniAleksandr Yakushev, Jahon va Evropa chempioni Pavel Bure, O`zbekistonRespublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, olimpiya chempioni, “TroyniyOltin klubi”a`zosi Valeriy Kamenskiy, olimpiya chempionlari Aleksey Jamnov, Vitaliy Proxorov, IIHF prezidenti Rene Fazel.

 

 

 

Шарҳлар