Tungi klubda shafqatsizlarcha o`ldirilgan sportchining yaqinlariga moddiy va ma`naviy zarar undirildi

Jinoyat 17.02.2020, 09:50
2368
Tungi klubda shafqatsizlarcha o`ldirilgan sportchining yaqinlariga moddiy va ma`naviy zarar undirildi

Yodingizda bo`lsa, 2018 yil 9 avgustga o`tar kechasi Toshkent shahar, Yunusobod tumani, A.Qodiriy ko`chasi, 1-A uyda joylashgan “AURUM 898” tungi klubida erkin kurash bo`yicha xalqaro toifadagi 25 yoshli sport ustasi bilan klub qo`riqchilari o`rtasida kelib chiqqan janjal natijasida sportchi o`ta shafqatsizlarcha o`ldirilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil 13 martdagi hukmiga ko`ra, asosiy javobgar Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

3 nafar javobgarlar Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandida ko`rsatilgan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Da`vogarning 4 nafar javobgarga nisbatan boquvchisini yo`qotganligi sababli etkazilgan zarar, moddiy va ma`naviy zarar undirish haqidagi hamda uchinchi shaxsning 4 nafar javobgarga nisbatan jinoyat natijasida etkazilgan moddiy va ma`naviy zarar undirish haqidagi fuqarolik ishi Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudida ko`rib chiqildi... 

Olim ShAMSIEV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi sudyasi:

Da`vogar – marhumning rafiqasi sudga javobgarlarga nisbatan da`vo ariza bilan murojaat qildi. Unda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil 13 martdagi hukmi bilan javobgar turmush o`rtog`ini o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirganlikda aybdor deb topilib, JKning 97-moddasi 2-qismi “v,j” bandlari bilan javobgarlikka tortilgan. Bu jinoyatni sodir etishda ishtirok etgan boshqa javobgarlar esa JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybdor deb topilib, ularga tegishli jazo chorasi tayinlangan. Turmush o`rtog`ining o`ldirilishi bilan bog`liq javobgarlarning jinoiy hatti-harakati oqibatida unga ma`naviy zarar etkazilganligini, chunki bo`lib o`tgan voqealardan keyin hozirgacha o`ziga kela olmayotganligini, ruhiy ezilib, tushkunlikka tushib qolganligini, o`zi va farzandining sog`lig`i jiddiy ravishda yomonlashganligini, bundan tashqari turmush o`rtog`i oilada yagona boquvchi bo`lganligi sababli uning vafoti bilan ziyon ko`rganliklarini ma`lum qildi. Javobgarlardan solidar tartibda boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan 218.948.400 so`m, javobgardan etkazilgan ma`naviy zarar uchun 200.000.000 so`m, qolgan javobgarlardan esa ma`naviy zarar uchun 480.000.000 so`m kompensasiya, shunindek farzandining davolanishi uchun sarflagan 7.122.276 so`m moddiy zararni undirishni, shu bilan birga sud harajatlarini ham qoplab berishni so`ragan.

Ishni ko`rish davomida ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan marhumning otasi ham sudga mustaqil da`vo talabi bilan murojaat qilib, undan javobgarlardan farzandining o`ldirilishi oqibatida etkazilgan moddiy zarar uchun solidar tartibda 12.000.000 so`m va ma`naviy zarar uchun 500.000.000 so`m kompensasiya undirishni so`ragan.

Sud majlisida da`vogarlar da`vo talablarini qo`llab-quvvatlab, ularni to`liq qanoatlantirishni so`radilar.

Javobgarlardan biri sud majlisi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan bo`lsa-da, sudga kelmadi. Kelmaslik sabablarini esa ma`lum qilmadi. Shunga ko`ra, sud mazkur fuqarolik ishini FPKning 220-moddasiga asosan uning ishtirokisiz ko`rib chiqishni lozim topdi.

Navoiy viloyati IIB JIEB 11-son jazoni ijro etish koloniyasidan kelib tushgan javobgarning arizasiga ko`ra, u da`vogarning da`vo talablari bilan kelishmaydi.Chunki jinoyat aynan marhumning hatti-harakatlari oqibatida sodir bo`lgan.Shu sababli marhumning aybi bilan sodir etilgan jinoyat natijasida etkazilgan zararni da`vogarga to`lab berishga norozi ekanligini ma`lum qilib, da`voni rad qilishni so`ragan.

Ikki nafar javobgarning so`ralgan yozma fikri esa sudga kelib tushmagan. Shunga ko`ra, sud mazkur fuqarolik ishini ularning fikrini olmagan holda ko`rishni lozim topdi.

Sud da`vogar va uchinchi shaxs tushuntirishini eshitib, ish materiallarini o`rganib, quyidagi xulosaga keladi:

Aniqlanishicha, da`vogar marhum bilan 2018 yil 12 aprelda qonuniy nikohdan o`tib turmush qurgan. Bu turmushidan ularning bir nafar farzandi bor.

Uchinchi shaxs marhumning otasi bo`ladi. Marhumning onasi esa 2018 yil vafot etgan.

Sud qayd qilingan qonun talablaridan kelib chiqib, shuningdek da`vogarning turmush o`rtog`i, otasining esa farzandini yo`qotishi oqibatida boshidan o`tkazgan ma`naviy azoblarni inobatga olib, ularning javobgarlarga nisbatan ma`naviy zarar undirish haqidagi talabini qonuniy va asosli deb hisoblaydi.

Da`vogarlarning 4 nafar javobgarga nisbatan boquvchisini yo`qotganligi sababli etkazilgan zarar va moddiy va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo talablari qisman qanoatlantirildi.

Asosiy javobgardan da`vogarlar foydasiga jinoyat natijasida etkazilgan ma`naviy zarar uchun 250.000.000 so`m kompensasiya undirildi.

Qolgan 3 nafar javobgardan solidar tartibda da`vogarlarga jinoyat natijasida etkazilgan ma`naviy zarar uchun 50.000.000 so`m kompensasiya undirildi.

Asosiy javobgardan javobgardan da`vogar – marhumning rafiqasi boquvchisini yo`qotganligi sababli etkazilgan zararni qoplash uchun farzandining 18 yoshga to`lguniga qadar har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobarining 1/3 qismi miqdorida zarar undirilishi belgilandi. 

Javobgarlardan solidar tartibda da`vogar – marhumning rafiqasi foydasiga sud harajatlarini qoplash uchun 419.650 so`m undirilishi belgilandi. Da`vo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad qilindi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Шарҳлар