O`zbekistonda boksdagi zo`ravonliklar bo`lajak chempionlar orzusini bo`g`moqdami?

Sport 17.02.2020, 10:06
1017
O`zbekistonda boksdagi zo`ravonliklar bo`lajak chempionlar orzusini bo`g`moqdami?

BBC Uzbek axborot xizmatining YouTubedagi sahifasi orqali “O`zbekiston: boksdagi zo`ravonliklar bo`lajak chempionlar orzusini bo`g`moqdami?” nomli videolavha e`lon qilindi.

Shu munosabat bilan 2020 yil 14 fevral kuni Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida masala yuzasidan muhokama o`tkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Ma`lum bo`lishicha, 2019/2020 o`quv yilining 1-yarmi yakunlari bo`yicha o`tkazilgan attestasiya yakunlariga ko`ra, sport natijasi bo`lmaganligi uchun  o`quvchilar safidan chiqarilgan 10-sinf o`quvchisi Rixsitilla Sadirovning onasi Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Oqmasjid mahallasi, Atoiy ko`chasi 85-uyda istiqomat qiluvchi Qurbonova Gulnora Qadirjanovna BBC Uzbek kanaliga o`g`lini nohaq o`quvchilar safidan chiqarilganligi va unga nisbatan trenerlar tomonidan tazyiq o`tkazilib kelinganligini aytib, video murojaat yo`llagan.

Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida tashkil etilgan muhokamada ushbu videolavha barcha ishtirokchilar – maktab-internat rahbariyati va xodimlari, Lutfiy mahallasi raisi va mahalla vakillari hamda maktab-internat sportchi yoshlari bilan birgalikda muhokama qilindi.

Videolavhada ma`lum qilinishicha, Rixsitilla Sadirov  darsga kech qolganida fan o`qituvchilari trenerga o`quvchilarni tartibga chaqirish  yuzasidan murojaat qiladi, trener sportchilarni boks zaliga chaqirib, darsga qatnashmagan yoki kech qolgan o`quvchilarga nisbatan kuch ishlatilganini, maxsus sport anjomi (prgalka) bilan oyoq osti va tananing bel qismiga urishini, onasi esa bunday holatda sportchilar qanday qilib yuksak sport natijasiga erishishi mumkinligini  bildirgan.

Yig`ilish ishtirokchilari oldida R.Sadirovning barcha sinfdoshlarini kiyimlari echilib, bel va orqa qismiga jarohat etkazilganlik holati kuzatildi va jarohat izlari aniqlanmadi. Boks bo`limi o`quvchi-sportchilari trenerlar tomonidan ularga nisbatan kuch ishlatilmasligini bildirdi. Fotosurat ilova qilinadi.

Shuningdek, R.Sadirov sportda natijaga erishmaganligini asosiy sababi - boks bo`limi trenerlari tomonidan  unga nisbatan doimiy ravishda ruhiy bosim o`tkazilayotganligi, deb  biladi.

Boks bo`limi sportchilariga qaysi trener tomonidan ruhiy bosim o`tkazilayotganligi haqida murojaat qilinganida, sportchilar bunday holat ro`y bermaganligi bildirishdi.

Maktab-internat direktori A.Karimov o`quvchi-sportchilarga murojaat qilib, boks bo`limining trenerlari tomonidan haqiqatan ham tazyiq o`tkazilganmi, ruhiy bosim qaysi trener va kimga o`tkazilgan, shundas  holatlar kuzatilgan bo`lsa ochiq-oydin aytishini, trenerlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko`rilishini ta`kidlab, bunday holatlarga aslo yo`l qo`yib bo`lmasligini bildirdi.

Lutfiy mahalla fuqarolar yig`ini raisi Q.Vakilov so`zga chiqib, ta`lim muassasasining o`zbek sportidagi o`rniga alohida to`xtaldi. Bu erdan Olimpiya va Osiyo o`yinlari, jahon va Osiyo chempionati, jahon sport arenalarida O`zbekiston bayrog`ini baland ko`tarishga xizmat qilgan sportchilar etishib chiqqanligi, bu dargoh sport olamida alohida e`tiborga molikligini, yillar davomida o`zbek sportining rivojiga katta hissa qo`shgan yuqori malakali trenerlar faoliyat ko`rsatib kelayotganini so`zlab, ommaviy axborot vositalarida bu kabi xabarlarni tarqatilishi nafaqat ta`lim muassasasi, balki mahallaning ham sha`niga dog` olib kelishini ta`kidladi. Agarda shunday holat yuz bersa, o`quvchilar darhol rahbariyatga xabar berishi kerakligini tushuntirdi.

Trenerlar jamoasi bilan alohida suhbat o`tkazilib, ularning sportchilarni tayyorlashdagi mehnatlari mashaqqatli ekanligi alohida ta`kidlanib, har bir sportchi bilan ishlashda o`zaro hurmat, insoniylik tomoyillariga amal qilgan holda yondashishlari, terma jamoaga munosib nomzodlar tayyorlash borasida ilg`or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish borasida ko`rsatmalar berildi.  

Шарҳлар