O`zbekiston fermer, dehqon va tomorqa egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi aholi daromadini oshirishga xizmat qiluvchi masalalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etdi.
Unda ta`kidlanishicha, endilikda qishloqlarda erdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida foydalanilmay turgan erlarda 50-100 gektar, kamida 10 gektar erda bog` yaratib, talabgorlarga lizing asosida beriladi.
Bu erlar qaerdan va qanday olinadi, dala-hovlidagi foydalanilmayotgan tomorqalar qaytarib olinadimi mazmunida berilgan savolga Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi direktori To`lqin Sattorov javob berdi.
– Foydalanilmayotgan erlar deganda hududlardagi suv chiqmaydigan, qishloq xo`jaligida ishlatilmagani uchun hokimiyat zaxirasiga olib qo`yilgan maydonlar nazarda tutilgan, – deydi T. Sattorov. – Joriy yildan ana shunday erlarda intensiv bog` yoki issiqxonalar yaratib, aholiga lizingga beramiz. Dala hovli masalasiga kelsak, shaxsiy mulk daxlsiz. Ular orasida issiqxona qurmoqchi yoki chorva bilan shug`ullanishni istaganlar bo`lsa, kredit ajratiladi. Bog`larni hosilga kirishi hisobga olinib, 7 yillik kreditlar uch yillik imtiyozli davr bilan beriladi.
Misol uchun, o`tgan yili aholi xonadonlarida 68 mingdan ziyod issiqxona O`zbekiston fermer, dehqon va tomorqa egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bergan kreditlar hisobidan barpo etildi. Xonadonlarda qurib berilayotgan issiqxonalarni qanday ishlatish, qaysi ekin turini qachon va qanday ekish borasida ham tushuntirishlar berilmoqda.
Joriy yilda ham bir qator vazifalar belgilab olingan. Misol uchun, 2020 yilda Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlarining yigirmadan ortiq tumanida o`ttiz bitta qishloq xo`jaligi kooperativi tashkil etiladi. Tashkil etilayotgan kooperativlarga kam ta`minlangan va ishsiz fuqarolarni tanlab olish va biriktirish bo`yicha aholi bandligiga ko`maklashish markazi ro`yxat shakllantirgan.
Qayd etish kerakki, shu kunlarda Farg`ona viloyatida kooperasiyalar uchun 460 gektar er ajratilgan. Ularda Xitoy texnologiyasi asosida kam xarajat qilib, ko`proq foyda ko`riladigan issiqxonalar barpo etiladi. Shu tariqa Janubiy Koreya, Afrika, Yaponiya mamlakatlarining kooperasiya tizimi o`rganildi. Jahon tajribasiga ko`ra yirik meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmagan hududlarda kooperasiyalar ishga tushadi.