13

Go`dakning o`limiga tog`aning jazmani sababchi bo`ldi

Jinoyat 20.02.2020, 14:20
2078
Go`dakning o`limiga tog`aning jazmani sababchi bo`ldi

           Bir oilaning bekasi, ustiga-ustak 2 nafar farzandi bo`lgan onaning oilasiga xiyonati va ikki go`dakning qotiliga aylangani kishini dahshatga soladi. “Qilmish-qidirmish”, deb bejiz aytishmaydi. 39 bahorni qarshilagan ayol endi guldek umrini panjara ortida o`tkazishga mahkum... 

            Hammasi 2019 yilning martidan boshlangandi. Ayol bir erkak bilan ishqiy munosabatlarga kirishadi. Birgalikda muntazam ravishda spirtli ichimlik iste`mol qilib kelishadi. 2019 yilning iyunida ushbu holatdan ayolning turmush o`rtog`i xabar topgach, u bilan yashamasligini bildirgan.

           Shundan so`ng, ayol erining uyidan chiqib ketadi. 2019 yilning avgustiga qadar turli manzillarda, xususan jazmanining xonadonida ham bir necha marotaba tunab qoladi. Qolgan tafsilotlarni sudlanuvchi o`z ko`rsatmalarida bayon qilgan.

“MAST HOLATDA EDIM...”

Sudda so`roq qilingan sudlanuvchi aybiga iqrorlik bildirgan...

Erim bilan 2002 yil mayda turmush qurganmiz. 2019 yil iyundan buyon birgalikda yashamaymiz. Chunki erim bir erkak bilan uchrashib yurganimni sezib qolgan. U bilan mart oyida telefonimni sozlash uchun Kattaqo`rg`on tumanidagi qishloq bekatida tanishib qolganmiz. Shundan so`ng bir necha bor choyxonalarda uchrashdik. May oyida ikkalamiz o`tirib spirtli ichimlik iste`mol qildik va meni uyiga olib bordi. 6 avgustda uning uyiga borganimda, to`yga birga borishimni aytdi. Bormasligimni aytsam, urib, yuzlarim ko`kargan bo`lsa-da, majburlab to`yga olib bordi. To`ydan keyin ham uyiga olib borib, ertalabgacha tanamning turli sohalariga urdi. Shu vaqtda unga “yashash sharoiti yo`q, sharoitni ta`minlab bering”, deganim sabab janjallashib qoldik. Tongda onamning uyiga ketdim. So`ng u singlimga qo`ng`iroq qilib, uyga qaytib borishimni, bo`lmasa o`zi majburlab olib kelishini aytdi. U bilan gaplashib olish va birga yashash uchun 12 avgustda ertalab uyiga bordim.

U menga pivo ichirdi, “onamning uyiga bor, shunda sen bilan birga yashayman”, dedi. O`zi onasining uyiga ketdi. Mast bo`lib qolganim sababli xonada uxlab qolibman. Ma`lum vaqt o`tib uning singlisi va kelini uydan ketishimni talab qilishdi. Shunda onasining uyiga uni izlab bordim. Onasining hovlisiga kirgan vaqtimda jazmanim ayvonda turgandi.

Shunda u bilan onasi yotgan xonaga kirdik, beshikda singlisining chaqalog`i ham bor edi. Onasi bilan janjallashib qolib, xonadan chiqib “onangiz meni urishyapti”, dedim. U qo`limga pichoqni berib, “xonadagi bolani o`ldira olasanmi? Qo`lingdan keladimi?” dedi. Xonaga kirib, beshikda yotgan chaqaloqqa bir necha marotaba pichoq urdim...

Singlisining voyaga etmagan qizchasiga ham pichoq bilan tashlanganimni eslay olmayman, chunki mast holatda edim. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.

           Sudlanuvchi aybiga iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmalaridan tashqari, sudda tekshirilgan dalillar bilan to`liq o`z isbotini topgan.

O`tkir MAMADALIEV, jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyati sudi raisi o`rinbosari:

— Sudlanuvchi JKning 97-moddasi 2-qismi “v, j” bandlari va 25, 97-moddasi 2-qismi “a, v, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Шарҳлар